O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilari yangi loyihalarni ishga tushirdi

Jamiyat

image

Bugun, 26 mart kuni Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari 10 ta qo‘shma loyihani boshlab bergan. Ular doirasida Tojikistonda mebel va charm mahsulotlari korxonalarini tashkil etish, maishiy texnika ishlab chiqarishni kengaytirish, to‘qimachilik quvvatlarini barpo qilish, Toshkentda turarjoy majmuasi va savdo ob’ektlarini qurish hamda Farg‘ona viloyatida konserva mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida sut mahsulotlari, Surxondaryo viloyatida esa meva sharbatlari va metall briketlar ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilgan.

Shuningdek, Yangi Toshkentdagi ko‘chalardan biriga Dushanbe shahri nomini berishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlari taqdimot qilingan loyihalarning amalga oshirilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga kuchli sur’at bag‘ishlashiga ishonch bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Imomali Rahmon davlat tashrifi bilan Toshkentga yetib kelgandi. Toshkent xalqaro aeroportida oliy mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida Imomali Rahmonni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Keyinroq esa Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada muzokara va Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Imomali Rahmon kooperatsiya loyihalari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing