O‘zbekiston zaxiralari 75 mlrd dollarga, oltin ulushi 85 foizga yetdi
Jamiyat
−
19:55 512 2 daqiqa
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari joriy yil 1 yanvardagi 66,3 mlrd dollardan 1 fevral holatiga qariyb 75 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank statistikasida keltirilgan.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, zaxiralarning qariyb 85 foizi oltindan iborat. Bu ko‘rsatkich mamlakatni oltin zaxiralari hajmi bo‘yicha dunyoda 17-o‘ringa olib chiqqan. Hozirda rasmiy zaxiralarda 380,4 tonna oltin mavjud.
“World Gold Council” ma’lumotlariga ko‘ra, eng yirik oltin zaxiralariga ega davlatlar qatorida AQSH, Germaniya, Italiya, Fransiya va Rossiya bor. O‘zbekiston esa dunyodagi eng yirik o‘nta oltin ishlab chiqaruvchi davlatlardan biri sifatida ham qayd etilgan. Markaziy bank vakillari oltin saqlashda asosiy mezon reyting emas, balki xavfsizlik ekanini ta’kidlaydi.
Zaxiralarni boshqarishda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) tamoyillariga tayaniladi. Unga ko‘ra, uch asosiy mezon bor: xavfsizlik (aktivlar yo‘qotilmasligi), likvidlik (zarur paytda tezda pulga aylantirish imkoniyati) va daromadlilik. Bankka ko‘ra, birinchi ikki tamoyil ustuvor. O‘zbekiston boshqa ko‘plab davlatlardan farqli ravishda oltin zaxiralarini xorijda emas, balki mamlakat ichida saqlaydi.
Mahalliy oltin xarid qilinganda iqtisodiyotga katta miqdorda so‘m chiqariladi, bu esa inflyatsion bosim (narxlar oshishi xavfi)ni kuchaytirishi mumkin. Shu bois Markaziy bank “sterilizatsiya” usulini qo‘llaydi, ya’ni ichki valyuta bozorida chet el valyutasini sotib, ortiqcha pul massasini muomaladan chiqaradi. Bu choralar valyuta kursini belgilash uchun emas, balki ortiqcha likvidlikni (bozordagi ortiqcha pul mablag‘i) kamaytirish uchun amalga oshiriladi.
Oltin ulushi yuqori bo‘lsa-da, zaxiralarni diversifikatsiya qilish, ya’ni turli aktivlarga taqsimlash ishlari boshlangan. 2024 yildan boshlab Markaziy bank AQSH davlat obligatsiyalariga sarmoya kiritdi va hozirda 1,5 mlrd dollarlik qisqa muddatli portfel shakllantirilgan. Bank ma’lumotiga ko‘ra, zaxiralar 17 oylik importni qoplaydi hamda qisqa muddatli tashqi qarzdan 4,4 baravar yuqori. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatning tashqi iqtisodiy xatarlarga nisbatan yetarli “moliyaviy yostiq”qa ega ekanini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq oltin nega yaxshi investitsiya ekani haqida bir qancha omillar orqali izoh berilgandi, jumladan, u hech bir mamlakatga qaram bo‘lmagan global aktiv, xavfsiz investitsiya, inflyatsiyadan himoya, sanoatda muhim metall, shuningdek, yana ko‘plab xususiyatlarga ega.
Live
Barchasi