O‘zbekistonda hantavirus yuqtirganlar bormi?

Jamiyat

image

Shu kunlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida hantavirus infeksiyasi tarqalmoqda. O‘zbekistonda mazkur infeksiya bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov ma’lum qildi. 

“Avvalo shuni aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda hantavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror”, deydi Nurmat Atabekov.

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas hamda mutaxassislar fikricha, global pandemiyani yuzaga keltirmaydi.

Hantavirusning Yer yuzida 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlarigina odamlarda xastalik keltirib chiqarishi mumkin. Agar ushbu infeksiyaning dunyo bo‘ylab tarqalish geografiyasiga e’tibor berilsa, Osiyo va Yevropa davlatlarida ancha kam uchraydi. Uning ba’zi turlari, asosan, Argentina, Chili, Braziliya kabi Lotin Amerikasi mamlakatlarida kuzatiladi.
 
Hantavirus ko‘pincha kemiruvchilar orasida uchraydigan virusli xastalik bo‘lib, odamlarga kam hollarda yuqadi. Infeksiya, odatda, bunday jonivorlarning peshobi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan narsalar, chang hamda oziq-ovqat mahsulotlari orqali insonga o‘tishi mumkin. Ayrim hollarda zararlangan muhitda uzoq vaqt bo‘lish yoki kemiruvchilar bilan yaqin va muntazam kontaktda bo‘lish ham virus yuqish xavfini oshiradi.

Mazkur kasallik ko‘p hollarda tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, mushak va qorin sohasida og‘riq kabi klinik belgilar bilan kechishi mumkin. Uning og‘ir shaklida buyrak yetishmovchiligi hamda yurak-qon tomir va nafas olish tizimi bilan bog‘liq xavfli asoratlar kuzatiladi.

Dunyoda hantavirusga qarshi maxsus vaksina ishlab chiqilmagan. Buning uchun tegishli davolash protokoli ham mavjud emas. Muolaja, asosan, simptomatik, ya’ni bemordagi belgilarga qarab olib boriladi.

O‘zbekistonda hantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan virusologik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda. 

Shunday bo‘lsa-da, o‘zbekistonliklarga bir nechta profilaktik choralarga amal qilish tavsiya etiladi. Jumladan, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, yashash va ish joylari ozodaligiga e’tibor qaratish, oziq-ovqat mahsulotlarini xavfsiz saqlash, meva va sabzavotlarni iste’mol qilishdan avval yaxshilab yuvish, kemiruvchilar chiqindilarini supurishdan avval namlab tozalash, omborxona va yopiq xonalarni muntazam shamollatish lozim.

Endemik hududga borib kelganlar bu haqda oilaviy poliklinikaga xabar berishi lozim.

Bildirilishicha, bugungi kunda mamlakatda epidemiologik vaziyatni barqaror saqlash hamda chetdan kirib kelishi mumkin bo‘lgan kasalliklarning oldini olish maqsadida 53 ta chegara punktida doimiy nazorat yo‘lga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hantavirus aniqlanishi yangi pandemiyaning boshlanishi emasligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

pandemiya hantavirus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing