Vaziyat jiddiy: Ispaniya hantavirus tarqalgan kema yo‘lovchilarini karantinga oldi

Olam

image

Hantavirus tarqalgan kruiz kemasida bo‘lgan 14 nafar ispaniyalik yo‘lovchini olib kelgan samolyot kecha, 10 may kuni tushdan keyin Madrid sharqidagi Torrejón de Ardoz Air Base harbiy aeroportiga qo‘ndi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Shundan so‘ng yo‘lovchilar harbiy shifoxonaga olib ketilgan. Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar alohida xonalarda saqlanadi, tashrif buyuruvchilarga esa ruxsat berilmaydi. Shuningdek, ular yetib kelgan zahoti hamda yetti kundan keyin ularda yana test o‘tkaziladi.

Kruiz kemasining kelishi Kanar orollari hududida keskinliklarga sabab bo‘ldi. Hudud rahbari Fernando Clavijo hafta boshida kemaning u yerga to‘xtashiga qarshi ekanini bildirgan edi. Tenerife porti ishchilari ham norozilik namoyishlari o‘tkazib, ehtimoliy xavflar haqida yetarli ma’lumot berilmaganidan xavotir bildirishdi.

Pandemiyaga tayyorgarlik va javob berish bo‘yicha mustaqil panel hamraisi Helen Klark “Dunyo yana bir pandemiyaga qarshi kurashishga tayyormi?” degan savolga u hali qilinishi kerak bo‘lgan ishlar borligini aytdi. U yana shuni ta’kidladiki, ayrim davlatlarda kasalliklarni erta aniqlash, kuzatish va tez javob qaytarish tizimini yaxshilash uchun hozircha yetarli mablag‘ ajratilmagan. Shuningdek, u agar davlatlar birgalikda harakat qilsa, Kovid davridagidan ham yaxshiroq natijaga erishish mumkinligini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hantavirus bilan kasallanish holatlari ortishi mumkinligi haqida ogohlantirib, Niderlandiyada esa ikkita yangi tasdiqlangan holat haqida xabar berilgandi.

Zarnigor Xudoyberdiyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

karantin Ispaniya hantavirus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing