O‘zbekistonda nafaqadan kredit qarzdorligini undirish taqiqlanadi
Jamiyat
−
28 Oktabr 9892 2 daqiqa
O‘zbekistonda nafaqa pullaridan kredit qarzdorligini undirish taqiqlanadi. Bu haqda Markaziy bankning bugun, 28 oktyabr kuni qabul qilingan “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligi ushbu qarorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgan. Hujjatda banklar bilan munosabatga kirishishda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan bir qator yangiliklar belgilangan.
Jumladan:
- Banklar kredit ajratish vaqtida iste’molchilarga kredit olish bilan bog‘liq ehtimoliy tavakkalchiliklar to‘g‘risida cheklist taqdim etishi kerak;
- bank omonati (depoziti) shartnomasi yoki bank hisobvarag‘i shartnomasini tuzish jarayonlarida banklar omonatchilarni omonatlarni kafolatlash tizimi haqidagi axborot bilan tanishtirishi lozim;
- banklarda moliyaviy qiyinchilik yoki murakkab hayotiy vaziyatga tushgan fuqarolarning arizalarini ko‘rib chiqish tizimi joriy qilingan bo‘lishi va bu haqda o‘zlarining veb-saytlarida e’lon qilishi kerak.
Bunda, kreditlarni restrukturizatsiya qilish masalan, kredit to‘lovi muddatlarini uzaytirish, foizlarni qayta ko‘rib chiqish, jumladan homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi ayollarning kredit to‘lovi muddatlarini o‘n oygacha uzaytirish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqish nazarda tutilishi kerak.
Bundan tashqari, hujjatda quyidagilar ham belgilanmoqda:
- davlat tomonidan beriladigan ijtimoiy nafaqa va yordam pullari, jumladan ijtimoiy kartalarga kelib tushadigan pullarni kredit qarzdorligi uchun undirish taqiqlanadi;
- kreditlarni onlayn rasmiylashtirishda mijoz roziligini ifodalovchi maydonchalarni
- (✅) yoki kredit parametrlarini oldindan belgilab qo‘yish taqiqlanadi.
Mazkur hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank fuqarolarga davlat tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy nafaqalarni kredit bo‘yicha qarzdorlikni so‘ndirish maqsadida akseptsiz usulda yechib olinishini adolat tamoyillariga zid va insofsiz amaliyot sifatida baholagandi.
Live
Barchasi