Keskin ortayotgan OIV/OITS, oylikdan ko‘p oshayotgan narx-navo, kreditdan kreditgacha yashayotgan o‘zbek, va’dasini unutgan Qo‘chqorov, Chorvoqni egallayotgan Agalarovlar – Hafta tahlili

Tahlil

O‘zbekistonda SPID, ya’ni OIV va OITS infeksiyasiga chalinganlar ortdi. 2023 yil yozida bemorlar 48 ming nafarni tashkil etgan bo‘lsa, ikki yil o‘tib raqamlar 3 mingdan ko‘pga oshdi. Saida Mirziyoyeva rahbarligidagi Prezident Administratsisi yangi tarkibida bu haftaning o‘zida 22 ta o‘zgarish bo‘ldi, ammo amalga kelganlarning aksariyati Administratsiya uchun begona emas. Milliarder sulola Agalarovlarning e’tirozlarga sabab bo‘layotgan Chorvoqdagi loyihasi baribir quriladiganga o‘xshaydi. O‘zbekistonliklarning oyligi oshdi, lekin narx-navo undan ham oshdi. Shu va boshqa muhim voqealar tahlili bilan Hafta voqealari tahlilining navbatdagi soni.

O‘zbekistonda OIV/OITSga chalinganlar ortmoqda

O‘zbekistonda odam immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olganlar soni ortib bormoqda. Bu haqdagi axborot kichik minbardan emas, Senatda yangradi. 

Agar Prezident ham tasdiqlasa, 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun 1 avgust kuni Senatning 9-yalpi majlisida muhokama qilindi va ma’qullandi. 

Senator Gulnora Ma’rufovaga ko‘ra, 2024 yilda 5,1 milliondan ortiq fuqaro OIV/OITSga tekshirilgan va ularning 3903 nafarida ushbu kasallik aniqlangan. Uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan 1,7 mln fuqaroning faqat 434 mingi yoki 25 foizi ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan va 1512 nafarida ushbu virus aniqlangan. Bu raqam esa 2023 yilga nisbatan 19 foizga o‘sishni tasdiqlamoqda. 

Shuningdek, o‘tgan yilda 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan hamda ularning 81 nafari shu kasallikka chalingani aniqlangan. Mehnat migrantlari orasida aniqlanayotgan holatlar o‘tgan yilga nisbatan 23,7 foizga oshgan. 

Ko‘plab mamlakatlarda, ayniqsa, postsovet hududida OIV va OITS infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar nafaqat shaxsiy darajada, balki mamlakatning rasmiy statistik ma’lumotlarida ham yashiriladi, kamaytirib ko‘rsatiladi. O‘zbekistondagi statistika esa qanday tahlillarga ko‘ra yuritilishi hamon mavhum. Ammo senator Ma’rufovaning aytishicha, 2025 yil 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda OIV bilan yashovchi 51 ming 87 nafar shaxs rasman ro‘yxatga olingan. Senatorga ko‘ra, OIV/OITS O‘zbekistonda asosan jinsiy yo‘llar orqali yuqmoqda.

Dunyoning manaman degan davlatlarida OIV va OITS infeksiyasining yuqish yo‘llari, ya’ni odamlar uni qayerda orttirib olayotgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Lekin o‘zbekistonlik senator OIV yuqish yo‘llari haqidagi tahlillar deganda aynan qaysi tashkilot tomonidan o‘tkazilgan tahlillarni nazarda tutmoqda? Sog‘liqni saqlash vazirligi bu tahlillarni tasdiqlaydimi? Qolaversa, Gulnora Ma’rufova o‘z nutqida aynan qaysi mamlakatlardan kelgan o‘zbekistonliklar va qaysi mamlakatdan mehmon bo‘lib kelgan chet elliklarda bu kasalliklar aniqlanganini oshkor etmagan. 

Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari va O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekistonda doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkaziladi. 

Hujjat bilan OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Shu o‘rinda masalaning boshqa jihatiga e’tibor qaratsak: koronavirus infeksiyasi avj olgan pallani eslaylik. O‘shanda ham xorijga chiqish va O‘zbekistonga kirishda Kovid testlari talab qilingan va manfiy natija bo‘lgan taqdirdagina O‘zbekistonga kirishga yoki chiqishga ruxsat berilgan edi. Endi vijdonimizni o‘rtaga qo‘yib aytaylik-chi, bu testlar haqqoniy bo‘ldimi? Qancha odam haqiqatan ham test topshirib, bu hujjatlarni soxtalashtirmay yoki kovid tahlillarini amalga oshiruvchi laboratoriyalar bilan panada kelishmay, ish tutdi? Har holda, Toshkentdagi laboratoriyalar xorijiy mamlakatlarga chiqayotgan o‘zbekistonliklarga soxta kovid manfiy natijalar ma’lumotnomasini qilib berganini unutganimiz yo‘q. Vaksina-chi? Vaksina olganlar ham raqamlardagidekmidi? Kovid vaksinasi bilan sertifikatlar ham butun dunyoda tijoratga aylanib ketdi. Ayni shu sharoitda O‘zbekistondagi navbatdagi korrupsiya eshiklari ochib berilmayotgani, davlat nomi bilan yangi tibbiy tijorat boshlanmayotganiga kim kafolat beradi? Kamida 4 million fuqarosi chet elda bo‘lib turgan O‘zbekiston uchun bunday tahlilni o‘tkazish arzonga tushmaydi. Agar ushbu fuqarolarning teng yarmi yiliga bir marta O‘zbekistonga kelgan taqdirda bu ikki million tahlil degani. Agar tahlil narxini o‘rtacha 150 ming so‘mdan hisoblangan taqdirda ham 2 million fuqaro uchun test kichik mablag‘ bo‘lmaydi. Bu eng sodda raqam. Xo‘sh, byudjetga bu yuk kerakmi? 

Ro‘zg‘or va kredit dardidagi o‘zbegim

Ma’lumki, iyul oyidan O‘zbekistonda pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshirildi. 1 avgustdan esa byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshirildi. An’anaga ko‘ra, odamlar oshgan pensiyasi, nafaqa puli va maoshini olmay turib, bozorlarda narxlarda katta siljishlar kuzatildi. Oylik va nafaqaning oshishi 10 foiz bo‘lsa, bozordagi mahsulotlar, ayniqsa, ro‘zg‘orda ishlatiladigan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari, aytaylik, go‘shtning narxi odamlarning daromadiga nisbatan kundan-kunga qimmatlab borayotgani e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. 

O‘tgan oy yakunlari bo‘yicha Milliy statistika qo‘mita bergan ma’lumotlarga tayanilsa, mamlakatda mol go‘shti narxi hududlar kesimida 90 mingdan 106 ming so‘mgacha bo‘lganini ko‘rish mumkin. Biroq, Qo‘mita bu axborotni berishda aynan qaysi bozordagi va qanday sifatdagi mahsulotlarga ishora qilganini bilish qiyin. Ammo real holatda bozorlarda mol go‘sht narxi 160 ming so‘mga chiqqan. Tarmoqlarda esa sifatsiz go‘sht mahsulotlari bilan bog‘liq tarqalgan gap-so‘zlar, masalan mol go‘shti o‘rnida eshak go‘shti pullanayotgani haqidagi xabarlar ortidan odamlarning bozor rastalaridagi tekshirilmagan va arzon go‘sht mahsulotlaridan ihlosi qaytgan. 

Milliy statistika qo‘mitasining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda ish haqi o‘rtacha 5 mln 982 ming so‘mni tashkil qilgan va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 17 foizdan ko‘proqqa oshgan.

Eng ko‘p maosh oladiganlar poytaxtda va u o‘rtacha 10 million so‘mni tashkil etmoqda. Sanoat korxonalariga boy bo‘lgan Navoiy viloyati esa 7 million 480 ming qiymat bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Toshkent viloyati 5 million 670 ming oylik bilan uchinchi o‘rinda bormoqda. Qashqadaryoda esa o‘rtacha maosh mamlakat bo‘ylab past darajada va 4 million 100 ni tashkil etmoqda.  

Moliyachilar va sug‘urta tizimida ishlaydiganlar o‘rtacha 16 milliondan ortiq maosh oladi. Axborot va aloqa sohasi ham yetakchilar qatorida – bu yerda maosh 14 milliondan yuqori. Eng katta maosh esa dasturchilarda – 19 milliondan ortiq.

Sog‘liqni saqlash sohasida ishlaydiganlar o‘rtacha 3,6 million so‘m maosh olayotgani aytilgan. Oliy o‘quv yurtlarida ishlovchilar 9,5 million atrofida olsa, bog‘chalarda bu raqam bor-yo‘g‘i 2 million 200 ming so‘mni tashkil etadi. San’at, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishlarida o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln so‘mni tashkil etmoqda.

Statistik ma’lumotlarda oylik maoshlar bir yilda 17 foizga oshgani qayd etilgan bo‘lsa-da, real vaziyatda bozordagi narxlar oylik oshishiga nisbatan nomutanosib ravishda o‘sib borayotgani, ayniqsa, aholining asosiy daromadi kommunal to‘lovlar va yeyish-ichishdan ortmayotgani aytilmoqda. 

Markaziy bankning joriy yil iyun oyida bergan ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda kredit olganlarning 40 foizi oylik daromadining 50 foizidan ko‘prog‘ini kredit to‘lashga sarflamoqda. Bir nechta kredit majburiyatiga ega bo‘lgan qarz oluvchilar ulushining ortib borishi aholi qarz yuki bilan bog‘liq xavotirlarni oshirmoqda. Bundan anglashiladiki, odamlar bir krediti qarzdorligidan uzilmay turib, ikkinchisini olmoqda. 

Markaziy bankka ko‘ra, Mikroqarz oluvchilar bo‘yicha qarz yuki darajasi oshib bormoqda. Ipoteka krediti olgan jismoniy shaxslarning beshdan bir qismi esa daromadlarini asosiy qismini qarz majburiyatlarini qoplashga sarflamoqda.

O‘tgan oy oxirida Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan naqd pul muomalasining tashkil etilishi, naqd puldagi hisob-kitoblar holati yuzasidan o‘tkazilgan so‘rovnomada O‘zbekistonda aholining uchdan birida pul jamg‘armasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. O‘zbekona aytadigan bo‘lsak, qora kunga deb yarim tiyin ham tashlab qo‘ymagan. 

14 mingdan ortiq respondent ishtirok etgan onlayn so‘rovnomada ishtirokchilarning 23 foizi jamg‘armalarini o‘zida – naqd pul shaklida va yana shuncha qismi bank kartalarida, shuningdek 20 foizi banklardagi omonat hisobvaraqlarda saqlashini bildirgan bo‘lsa, 34 foizi jamg‘armasi umuman mavjud emasligini qayd etgan. Qayerdan ham jamg‘arsin, axir?! Endi bir so‘m chetga tashlaymay desa, hali u narsaning narxi oshadi, hali bu xizmatga ustama qo‘shiladi. Bolalar kasal bo‘lsa, dorixonaga kirsang, narx-navodan muzdek ter bossa odamni. 

Mayli, gapni cho‘zmay, bu hafta berilgan va agar haqiqatdan amalga oshirilsa, quvonchli xabarga to‘xtalay: Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada O‘zbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiya va nafaqalar miqdorini har yilgi inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorlarda oshirib borilishi va’da qilindi. Agar inflyatsiya miqdori pasaytirib ko‘rsatilmasa, bozordagi real vaziyatga mos bo‘lsa, bu albatta, quvonarli, lekin bugungacha berilgan bunday va’dalardan kelib chiqilsa, bu gaplar ham biroz havoyidek ko‘rinadi. 

Agar o‘tgan yillardagi va’dalarni eslaydigan bo‘lsak, 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada ijtimoiy to‘lovlarni inflyatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilish nazarda tutilgan edi. Xo‘sh, sizningcha, shunday bo‘ldimi? 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, byudjet xodimlari maoshining har bir 1 foizlik oshishi 2026 yilda davlat byudjetiga 1,67 trln so‘mga tushadi. Pensiyalarni shuncha miqdorga oshirish esa 861 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Agar ijtimoiy nafaqa oluvchi oilalar soni 10% ga ko‘paysa, byudjet xarajatlari qariyb 1,6 trln so‘mga ortishi kutilmoqda.

Agalarovlar Chorvoqni egallaydigan bo‘ldi?

Ozarbayjon Prezidentining sobiq kuyovi Emin Agalarovning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Chorvoq” suv ombori sohilini egallashi kutilayotgan turistik loyihasi “Sea Breeze Uzbekistan” jamoatchilik, ekofaollar, ommaviy axborot vositalari tomonidan qarshiliklarga qaramay, quriladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi yuzasidan alohida qaror qabul qilishi ushbu loyiha bo‘yicha eskpertiza natijalari va Qurilish vazirligining xulosalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar u insho etilishini anglatmaydimi, sizningcha? 

Gap shundaki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyevning ma’lum qilishicha, “Sea Breeze Uzbekistan” qurilishi bo‘yicha Hukumat qarori qabul qilinishi kutilmoqda va unda loyiha egalari oldiga qator shartlar qo‘yilmoqda. Qaror omma uchun ochiq bo‘ladimi yo u idoraviy ahamiyatga molik bo‘lib, yopiq qaror sifatida qabul qilinadimi, hozircha ma’lum emas. 

Poytaxtni ichimlik suvi bilan ta’minlovchi Chorvoq suv omboriga qurilayotgan loyihalardan kirlangan suv tushishi faollar orasida e’tirozlarni keltirib chiqarayotgan edi. Hujjatda Chorvoq va Chirchiq daryosiga suv tushmasligi talabi qo‘yilmoqda. Investor ushbu loyiha uchun suvni qayta ishlaydigan va yana o‘ziga ishlatadigan zamonaviy tizim yaratadi, bu borada xarajatlar to‘liq investor hisobidan amalga oshiriladi.

Hukumat qarorida agar qoidalar buzilsa va Chorvoqqa bir tomchi suv tushirilsa ham, loyiha qurilishi to‘xtatilishi hamda investitsiya shartnomasi bekor qilinib, yer olib qo‘yilishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Bosh prokuratura kurort hududida barcha shaharsozlik va ekologik me’yorlarga rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Vazirlar Mahkamasi va Bosh prokuratura dastlabki loyiha yechimlaridan tortib, ob’ektlarni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarning shaffofligi va qonuniyligini ta’minlashga mas’ul bo‘ladi.

Tugayotgan haftada esa “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi barpo etilgudek bo‘lsa, Chorvoq suvi ifloslanishi, ekologiyaga jiddiy zarar yetishi, qolaversa, suv ombori texnogen falokatlar xavfi ostida qolishi haqidagi e’tirozlarga qo‘shimcha ravishda, uning suv ombori bo‘yidagi eski margimush qabristoni nomini olgan margimush kimyoviy moddasi ko‘milgan hududda qurilayotgani suv omboridagi, ushbu hududdan sizib chiqadigan suv Toshkent va Toshkent viloyatiga yetib boradigan suvni zaharlashi kun tartibiga chiqdi. 

“Ozodlik” ushbu masalada tayyorlagan lavhasida Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 fevraldagi “2021-2022 yillarda Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini keltirgan. Hujjat bilan tumanning “Yakkatut” mahallasida joylashgan margimush qabristonini rekonstruksiya qilish uchun mahalliy byudjetdan 5 mlrd so‘m pul ajratilgan. 

Bayon etilishicha, margimush qabristoni Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2021 yilning 15 oktyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida zaharli kimyoviy va boshqa toksik moddalar ko‘milgan hamda saqlanayotgan maxsus ob’ektlar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq operativ boshqaruv huquqi asosida Davlat ekologiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmasi tasarrufiga o‘tkazilgan. Margimush qabristonini konservatsiya qilish bo‘yicha loyiha smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 4,1 milliard so‘m etib belgilangan. Ayblovga ko‘ra, davlat buyudjetidan belgilangan miqdordagi mablag‘ ajratilgan bo‘lsa-da, hozirgacha konservatsiya ishlari boshlanmagan. Ammo Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ushbu ayblovlarni rad etib, ob’ekt doimiy nazoratga olingani va tarqatilgan axborot asossiz ekanini bildirdi. Agentlik o‘zi asossiz deb rad etgan faktlarga qarshi biror asos, aniq hujjat, amalga oshirilgan ishlarning smetalariga oid ma’lumotlar, yillar kesimidagi ishlar hisobotlarini taqdim etmagan. 

“Margimush ob’ektining atrof-muhit hamda aholiga salbiy ta’siriga chek qo‘yilgan. Hudud atrofi beton to‘siqli devorlar bilan o‘rab, konservatsiya qilingan hamda hudud bo‘ylab sim yog‘ochlar o‘rnatilgan. Shuningdek, ob’ektning ustki qismiga toza inert tuproq yotqizilgan va devor qismiga yomg‘ir va oqova suvlarini hamda nam massani o‘tkazmaslik maqsadida burg‘ulash (teshish) ishlari amalga oshirilgan.  

Qolaversa, hududda har chorakda rejaviy suv, tuproq namunalari olinib, nazorat monitoring tadbirlari o‘tkaziladi”, deydi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi.

Xo‘sh, tuproqdan oxirgi namunalar qachon olingan? Ayni vaqtdagi vaziyat qanday? 2021 yilda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev aytganidek, margimush qabristonidan sizib chiqqan suvlar, xususan yomg‘ir va sel suvlari Xo‘jaobod soyi, Ko‘ksuv daryosi, keyin esa Chorvoq suv omborigacha tushish xavfi qay darajada? Hozircha bu savollar ochiq qolmoqda. 

Emin Agalarovga kelsak, u allaqachon ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasi qurilishi boshlanganini e’lon qilgan. Hatto, Toshkentda sotuv ofisi ham ochilgan. Biroq Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi qurilish hali boshlanmagani, hududda obodonlashtirish ishlari olib borilayotganini, sotuv ofisi esa Bakudagi loyihaning sotuvi bilan shug‘ullanayotganini aytmoqda. 

Emin Agalarov esa bu orada Toshkentga serqatnov bo‘lib qolgan. U 2024 yilning 16 dekabr  va 2025 yilning 14 aprel kunlari loyihasini Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdi. 2 iyul kuni Mirziyoyev Ozarbayjonga tashrifi chog‘ida Emin Agalarov boshchiligidagi “Sea Breeze Baku” majmuasi faoliyati bilan tanishdi. 

Boqimanda energetika

O‘zbekistonliklar shundoq ham qimmat narxlarda sotib olayotgan va narxlari o‘sishda davom etayotgan energo resurslarni subsidiyalash, ya’ni davlat byudjetidan pul ajratish 2028 yilda ham davom etadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Fiskal strategiyada aholi uchun past narxda yetkazilgan gaz va elektr energiyasi uchun davlat byudjetidan subsidiya to‘lab kelinishi belgilangan. 

Qolaversa, jamoat transportida aholini tashish xarajatlarining bir qismi ham byudjetdan qoplashi aytilgan. Strategiyaga ko‘ra, energoresurslar va transport zararlarini qoplash uchun 15,3 trillion so‘m subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lib, undan 7 trln so‘mi tabiiy gaz uchun ajratiladi. Kelasi yilda gazga 5,9 trln so‘m, 2027 yilda 5,5 trln so‘m, 2028 yilda 5 trln so‘m subsidiya beriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 iyundagi “Yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida tarif siyosatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun narxlar 2026 yildan boshlab, uch yildan kam bo‘lmagan muddatga amal qilishi belgilangan edi. Ammo… Qaror kuchga kirishidan bir kun oldin – 2025 yilning 31 mart kuni Vazirlar Mahkamasi yana bir qaror qabul qildi va endi elektr va gaz narxi har yili oshadigan bo‘ldi! Ya’ni, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1 maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilandi. 

Narxlar oshib borishiga qaramay, sohani subsidiyalash 2028 yilda ham to‘xtamaydi. Holbuki, Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, davlat byudjetidan subsidiyalash 2025-2026 yillarda davom etishi, 2027 yilda keskin kamayishi, 2028 yilda esa butkul to‘xtatilishini aytgan edi. 

Iqtisodiy tahlilchilar mamlakatda energetika sohasidagi islohotlar, xususan bozordagi narxning keskin ortishi bosh maqsadi sohani davlat byudjetidan subsidiyalashni to‘xtatish bo‘lgani, ammo bundan voz kechish masalasi unutilganini aytmoqda. Bu esa Energetiklar ham xo‘rdani, ham bo‘rdani teng urayotgani sifatida baholanmoqda. 

“Ko‘rayapmizki, o‘zbekistonliklarni ikki karra talash kanaliga (cho‘ntakdan va byudjetdan) aylanib qolgan energosubsidiyalashdan 2028 yilda ham voz kechishmoqchi emas. Bu xuddi tariflarni oshirishni 3 yilga to‘xtatish qoidasini unutib, oshirishda davom etishni e’lon qilish singari. Aytilaveradi, qaytilaverdi. Birinchi marta emas-ku.

Buyam mayli. Endi energosubsidiyalarni ijtimoiy soha tarkibiga qo‘shib yuborishga qaror qilingan. Bu qip-qizil ikkiyuzlamachilik”, deydi iqtisodchi bloger Otabek Bakirov. 

Gaz va “svet” narxining oshib borishi, subsiyadalashning davom etishi bu ikki resursning aholi uylariga yetkazib berilishi sifatini oshirgani yo‘q. Aksincha, avvallari viloyatlarda gaz va “svet” bilan bog‘liq muammolar haqida murojaatlar tez-tez quloqqa chalinsa, bugun poytaxt markazida ham 8-10 soatlab chiroq bo‘lmasligi odatiy holga aylanib qolgan. Odamlar esa “islohotlar” deb atalgan energetikadagi qimmat narx bilan tashlangan qadamlar natijasi shu bo‘lsa kerak, degan fikrda. 

Iyul oyida O‘zbekistonda, xususan poytaxt Toshkentda kuzatilgan jaziramaga elektr stansiyalari bardosh bera olmadi. Nafaqat elektr energiyasi yetkazib berish sifati, ya’ni miqdor ozaydi, balki boya aytganimdek, soatlab o‘chirib qo‘yish holatlari kuzatildi. Bu borada Olmazor tumani peshqadam bo‘ldi, tumanda arz-dod ortgandan ortdi. Joriy haftada Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdukarimova Toshkentda tez-tez elektr energiyasi uzilayotgani yuzasidan izoh so‘rab, Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovga senatorlik so‘rovi yubordi.

“Elektr energetikasi to‘g‘risida”gi qonunning 39-moddasiga (elektr energiyasi iste’molchisining huquq va majburiyatlari) ko‘ra, elektr energiyasi iste’molchilari sifatli va barqaror elektr energiyasini olish huquqiga ega. Shuningdek, ushbu qonunning 61-moddasida (elektr ta’minotini vaqtincha to‘xtatib turish yoki cheklash) ta’kidlanishicha, ta’minotni to‘xtatish yoki cheklash faqatgina baxtsiz hodisalarning oldini olish yoki avariyalarni bartaraf etish maqsadida amalga oshirilishi mumkin.

Xo‘sh, Jo‘rabek Mirzamahmudov senator so‘roviga qanday vaj bilan javob qaytaradi? Kuzatamiz. 

Administratsiya kordidorlarida yangilar

Prezident Administratsiyasining sobiq mulozimi, hozirda Administratsiya rahbari Saida Mirziyoyevaning jamoatchilik asosidagi mustaqil maslahatchisi Komil Allamjonovga 2024 yil 26 oktyabr kuni amalga oshirilgan suiqasddan ko‘p o‘tmay, to‘g‘rirog‘i 28 kundan keyin sabablari ma’lum qilinmagan holda lavozimidan ozod etilgan DXXning sobiq raisi Abdusalom Azizov Prezidentning Vakillik organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

2024 yilning 5 dekabridan buyon O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimida ishlab kelayotgan Muzaffar Komilov esa yana Prezident Administratsiyasiga qaytdi va xuddi Azizov kabi Prezidentning Vakillik organlari, nodavlat-notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimida ish boshladi. 

2017 yildan 2023 yilgacha O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi bo‘lib ishlagan Javlon Vahobov Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

Shu yilning mart oyida 7,5 yillik boshqaruvdan so‘ng Ichki ishlar vaziri lavozimidan olingan Po‘lat Bobojonov Prezident Administratsiyasining yangi tarkibida Kadrlar bo‘yicha maslahatchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

Umumiy hisobda tugayotgan haftada Prezident Administratsiyasida 22 ta yangi tayinlov amalga oshirildi. Tayinlov hujjatlari yangi, lavozimlarning nomlanishi ham o‘zgargan bo‘lsa-da, tayinlanganlarning asosiy qismi avvaldan Administratsiya koridorlarida ko‘rinish berganlar. Masalan Bobojonov va Azizov IIV va DXXdan ketganidan buyon Administratsiyada va yangi tayinlov bilan ularning lavozimlari nomlanishi o‘zgardi, xolos. 

Iyul oyi o‘rtasida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri lavozimidan Prezident Administratsiyasi rahbarining ta’limni isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Hilola Umarovadan bo‘sh qolgan o‘ringa ham tugayotgan haftada ega topildi. E’zozxon Karimova Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri sifatida Parlament tasdig‘idan o‘tdi. Shu tariqa u O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil ichida ta’lim tizimida rahbarlik lavozimini egallagan beshinchi vazir bo‘ldi. 

902 o‘zbek Putin armiyasida urush qilyapti

Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qildi. 

Unda bildirilishicha, Rossiya avvalgidek, asosan migrantlarni yuqori maoshli ish bilan aldab jalb qilmoqda – ularga qurilishda yoki armiyaning orqa bo‘linmalarida ish va’da qilmoqda. 

Eng katta rag‘bat sifatida Rossiya fuqaroligini berish va’dasi ilgari suriladi. Shu bilan birga, Rossiya qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan shaxslar ham tahdid va psixologik bosim ostida urushga majburlab yuborilmoqda. 

Loyihaga ko‘ra, ayrim hollarda yangi migrantlar “shantaj” yo‘li bilan shartnoma imzolashga majburlangan. 

“Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin yaqinda 5 mingdan ortiq reydlar o‘tkazilganini, ular natijasida 90 ming kishi “tutib olingani”, ulardan 30 ming nafari shartnoma imzolab, urushga yuborilgani bilan maqtangan. “Tutib oldik” so‘zlari Rossiyada markaziy osiyolik migrantlarga nisbatan munosabatni aniq ifodalaydi”, deyiladi xabarda. 

Bugungi kunda Ukrainadagi harbiy harakatlar jarayonida 33 davlat fuqarolari asirga tushgan. Ularning eng ko‘pi O‘zbekiston fuqarolari. Biroq bu masalada Tashqi ishlar vazirligi ham, Tashqi migratsiya agentligi ham miq etmay kelmoqda. 

Loyiha joriy yilning 5 iyun kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi delegatsiyasi Rossiyaning Kursk viloyatidagi poligonga tashrif buyurganini xavotir bilan tilga olgan. 

“Delegatsiyaga polkovnik Alisher Norboyev rahbarlik qilgan va ularga Leningrad harbiy okrugi askarlarining jangovar tayyorgarlik elementlari bo‘yicha ma’lumot berilgan. Bu tashrif faqat rasmiy xarakterga ega bo‘lishiga umid bildirilmoqda, aks holda Rossiya armiyasi tomonidan o‘zbekistonlik yollanma askarlar tayyorlanayotgan maskanlarga borilgani haqidagi xavotir kuchayadi”, deyiladi “Yashashni xohlayman” loyihasida. 

Urg‘ulanishicha, urushga jalb qilinayotgan migrantlarning Rossiya jamiyatidagi maqomi o‘zgarmagan – ular imperiya manfaatlari yo‘lida hayotini yo‘qotishga majburlanmoqda. Hukumat ham bu masalaning naqadar xavfli ekanini chuqur anglab, o‘z fuqarolarining hayotini himoya qilish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi zarur.

Rossiyada shu kunlarda migrantlarga nisbatan cheklovlar, qat’iy qoidalar va kurakda turmaydigan talablar ortib bormoqda. Prezident Vladimir Putin 31 iyul kuni yangi davlat bojxona to‘lovlarini joriy etish va mavjudlarini oshirish haqidagi qonunni imzoladi. 

Unga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabrdan boshlab haydovchilik guvohnomasi narxi 2-3 ming rubl o‘rniga 4-6 ming rubl bo‘ladi, avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqamini olish esa 2 ming rubl o‘rniga 3 ming rublga tushadi. Transport vositasi pasportini (PTS) olish uchun to‘lov 800 rubl o‘rniga 1,2 ming rubl etib belgilangan. Xalqaro haydovchilik guvohnomasi uchun to‘lov esa 1,6 ming rubl o‘rniga 3,2 ming rubl bo‘ladi.

Shuningdek, hujjatda migrantlarni vaqtincha yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun 500 rubl miqdorida davlat boji joriy etilishi belgilangan. Migrantlarga patent berish yoki uni qayta rasmiylashtirish bo‘yicha to‘lov esa 4,2 ming rublni tashkil etadi. Xorijliklarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun boj 430 rubl o‘rniga ming rublgacha oshiriladi.

Sankt-Peterburgda esa taksoparklarga patent asosida faoliyat yuritadigan chet elliklarni ishga olish taqiqlandi. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, aynan Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini. 

Taqiq “Rossiya Federatsiyasidagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Federal qonunining 18.1-moddasi 6-bandiga muvofiq, aynan “yengil avtomobillar taksisi va haydovchisi bilan ijaraga olingan yengil avtomobillar” sohasiga nisbatan joriy yil oxirigacha joriy etilgan.

Shahar gubernatori qarorida aytilishicha, hujjat taksichilik sohasida xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish hamda Rossiya Federatsiyasi fuqarolari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Amaldagi mehnat munosabatlarini yakunlash va o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun yangi xodimlarni jalb qilish imkonini beruvchi 3 oylik o‘tish davri nazarda tutilgan.

Rossiyada chet el fuqarosining patenti – bu mamlakat hududida qonuniy ishlash huquqini beruvchi hujjatdir. Uni Rossiya bilan vizasiz rejim amal qiladigan davlatlar fuqarolari rasmiylashtirishi lozim. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo davlatlar, masalan Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlar fuqarolariga bunday talab qo‘yilmaydi. O‘zbekiston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova, Gruziya esa bunday imkoniyatdan mosuvo. 

Toshkentda ota o‘z qizining nomusiga tegdi

Toshkent viloyati tumanlaridan birida ota o‘z qiziga zo‘ravonlik qilgani aniqlandi. Holat qachon sodir bo‘lgani va boshqa tafsilotlari aniq emas. Voqea oilanning ijtimoiy maqomini belgilash va ehtiyojmandlar ro‘yxatiga kiritish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligining xodimi xizmat ko‘rsatish doirasida ushbu oila a’zolarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga yuborganida fosh bo‘ldi. Aynan shu ko‘rik qizaloq avval gapira olmagan voqealarni ochiqlashga, bu esa rasmiy tergov jarayonini boshlashga asos bo‘lgan.

Qizning xavfsizligini ta’minlash maqsadida u vaqtincha oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Kompleks baholash natijasida esa onasi qaromog‘iga topshirildi. 

24 iyul kuni o‘tgan sud qaroriga ko‘ra, erkak o‘z farzandiga nisbatan og‘ir jinoyat sodir etganlikda aybdor, deb topildi. Sud tomonidan unga Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 3-qismi, “a”, “b”, “e” bandlari asosida 12 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish borasida tashlanayotgan muhim qadam bor. Endi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan ota-onalardan ularning bolalari olib qo‘yilishi mumkin. Bu joriy yilning 14 iyul kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror bilan ishlab chiqilgan Nizomda belgilangan. 

Ushbu nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qilishi mumkin. 

Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganda, ichki ishlar organi:

  • zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda protsessual majburlov choralarini qo‘llash;
  • bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
  • bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o‘tkazadi. Uning natijalariga ko‘ra, 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.

Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga: 

  • tuzatish dasturidan o‘tish;
  • bolalarini olib qo‘yish;
  • ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish;
  • narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
  • majburiy tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash ta’sir choralari qo‘llanishi mumkin.

Biroq bu – Nizom, xolos. Undan katta natija kutishga hozircha erta. Ko‘ramiz, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bu balandparvoz rejalarni qanday amalga oshiradi. Agar kimnidir ota-onalik huquqidan mahrum etish, bolalarni olib qo‘yish kerak bo‘lsa, holatlarni uzoqdanmas, do‘kon, ko‘ngochar markazlar, restoranlar, konsert zallari, bog‘lar, chorrahalarda tilanchilik qilayotgan bolalardan boshlash kerak. Tunda yarmigacha ko‘chada sarson bo‘lib, pul so‘rab yurgan bolalarni ko‘rmayotgan bo‘lishlari mumkin emas.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Toshkent Rossiya nafaqa Shavkat Mirziyoev Abdusalom Azizov DXX O'zbekiston Ozarbayjon Nig'matilla Yo'ldoshev Olmazor tumani Putin OIV Komil Allamjonov Ukraina kredit urush Saida Mirziyoeva pensiya OITS Gaz energetika Chorvoq Emin Agalarov Hilola Umarova Muzaffar Komilov Javlon Vahobov Xochu jit' SPID Gulnora Ma'rufova Administratsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing