O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish rejalashtirilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekistonda pensiya yoshi bosqichma-bosqich oshirilishi rejalashitirilmoqda. Bu haqda bugun, 10 sentyabr kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Otajonov “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi” qonunning 32 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qildi.

Uning bildirishicha, O‘zbekistonda pensiya islohoti loyihasida pensiyaning eng kam yoshi erkaklar uchun 60 yoshdan 63 yoshgacha, ayollar uchun 55 yoshdan 58 yoshgacha oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Xususan, pensiya yoshi har yili yarim yilga oshirilishi mumkin.

Murodbek Otajonovga ko‘ra, hozirda ko‘plab davlatlarda eng kam pensiya yoshi 65 yoshdan baland. Biroq O‘zbekistonda “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganidan buyon – 32 yil davomida pensiya yoshi oshirilmagan.

Otajonov O‘zbekistonda umr ko‘rish davomiyligi o‘sib borayotganini qayd etgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda bu ko‘rsatkich 75 yoshga yetgan. Agar 20 yil oldin pensionerlar pensiyaga chiqqandan so‘ng o‘rtacha 8-9 yil umr ko‘rgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich erkaklarda 12,5 yil, ayollarda esa 20 yilni tashkil etmoqda.  Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktoriga ko‘ra, pensiya yoshini oshirishda har yili yarim yilga emas, balki uch oyga oshirish ko‘rib chiqishilishi mumkin. Shu tariqa, pensiya yoshi har to‘rt yilda bir yilga oshiriladi va butun islohot 12 yil davom etadi.

QALAMPIR.UZ ushbu ma’lumotlarga aniqlik kiritish maqsadida Pensiya jamg‘armasi matbuot kotibi Bahriddin Ziyodov bilan bog‘landi. Uning bildirishicha, pensiya yoshini oshirish bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan va hozirda jamoatchilikka taklif sifatida ma’lum qilingan. Jamg‘arma pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha aholi takliflarini yig‘ish uchun maxsus platformani ishga tushirmoqchi, bu jarayon bir oy davom etadi. Kelib tushgan takliflar o‘rganib chiqilgandan so‘ng, ularni qayta muhokama qilish, zarur o‘zgartirishlar kiritish va pensiya islohoti loyihasini jurnalistlar hamda blogerlar ishtirokida rasman taqdim etish rejalashtirilgan.
 
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonda amaldagi pensiya tizimi o‘rta muddatli istiqbolda barqarorligini ta’minlashi va yetarli pensiyani taqdim etishi uchun isloh qilinishi zarur deb hisoblashi haqida e’lon qilgan edi. Xususan, XVJ pensiyaga chiqish yoshini bosqichma-bosqich oshirishni tavsiya qilgandi.  

Keyinroq Pensiya jamg‘armasi mazkur taklif yuzasidan munosabat bildirib, bugungi kunda O‘zbekistonda pensiya yoshini oshirish bo‘yicha hech qanday yakuniy qaror qabul qilinmaganini, pensiya islohotini o‘tkazish bo‘yicha xalqaro ekspertlar tomonidan berilgan takliflar hozirda O‘zbekiston sharoitiga mosligi, aholining turmush darajasiga ta’siri va iqtisodiy oqibatlari tahlil qilinayotganini bildirgan edi.

O‘shanda ham pensiya tizimiga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar, jumladan, pensiya yoshiga oid masalalar ham, albatta, keng jamoatchilik muhokamasidan so‘ng, xalqning fikri va manfaatlarini inobatga olingan holda bosqichma-bosqich amalga oshirilishi aytilgan.


Maqola muallifi

Teglar

pensiya yoshi pensiya islohoti Murodbek Otajonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing