O‘zbekistonda “superkompyuter klasteri” tashkil etilmoqda

Jamiyat

image
Qozog‘istonga MOdagi eng qudratli superkompyuter olib kelindi north_east

Qozog‘istonga MOdagi eng qudratli superkompyuter olib kelindi

O‘zbekistonda hozirda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda. Bu haqda bugun, 6 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga keng joriy etish yuzasidan taqdimotda so‘z boradi.

Ma’lumki, bugungi kunda dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo‘nalishlarda asosiy vositalardan biriga aylanmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu sohada tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakat sun’iy intellektni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriladi. Hozirda O‘zbekiston 188 davlat ichida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Prezidentning ta’kidlashicha, bu natijalar sohada qo‘yilgan ilk qadamlar samarasidir, ammo oldinda hali ko‘p ish turibdi. Shu maqsadda o‘tgan yili 2030 yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etilgan.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda sun’iy intellekt loyihalarini joriy etish maqsadida 50 million dollar mablag‘ ajratilgan. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirilgan. Hozirda sun’iy intellektni qo‘llash uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida “superkompyuter klasteri”ni tashkil etish ishlari jadal olib borilmoqda.

“Sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun doimiy ravishda ilg‘or, o‘zini oqlagan xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganib borish zarur. Buning uchun sohada samarali faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimiz, xorijiy ekspertlar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak”, dedi davlat rahbari.

Taqdimotda sun’iy intellekt sohasida zamonaviy hisoblash quvvatlarini mamlakat ichida yaratish, ma’lumotlar markazlarini qurish va bunga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun jozibador muhitni ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, sun’iy intellektni rivojlantirishda eng muhim omil – malakali kadrlar tayyorlash. Bu ishlarni maktablardan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash, yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi. Sohada kadrlar tayyorlashni jadallashtirish maqsadida ko‘plab dasturlar amalga oshirilmoqda. “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari ishga tushirildi, ularda SI bo‘yicha 5 ta bepul onlayn o‘quv dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dastur doirasida 2027 yilga qadar 1 million nafar yosh sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi.

Yoshlarning istiqbolli loyihalarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlash uchun barcha hududlarda Sun’iy intellekt xakatoni yo‘lga qo‘yiladi. Shu kunlarda Nukus shahrida sog‘liqni saqlash bo‘yicha “HealthTech AI Hackathon” musobaqasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu tajribani kengaytirib, ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlarida ham o‘tkazish muhimligini qayd etildi.

Prezident taqdimot qilingan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlab, ularni sun’iy intellektni joriy etishni yanada jadallashtirish, ilg‘or tajribani amaliyotga tatbiq etish, sohada kadrlar salohiyatini oshirish yo‘nalishida yanada takomillashtirish va kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev sun'iy intellekt superkomp'yuter klasteri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing