O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari keskin oshdi
Jamiyat
−
20 may 8737 1 daqiqa
Joriy yilning 1-choragida chet eldan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari keskin oshib, 3,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bankning joriy yilning 1-choragi uchun tayyorlangan “Pul-kredit siyosati” sharhida keltirilgan.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonda so‘nggi davrlarda daromadlar o‘sishi o‘zgaruvchanligining asosiy omili chet eldan pul o‘tkazmalari bo‘lib qolmoqda.
Xususan, 2025 yilning yanvar-mart oylarida pul o‘tkazmalari 32 foizga o‘sib, 3,3 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 800 mln dollarga ko‘p degani.
“Yuqori o‘sish asosiy savdo hamkorlarning valyutalari mustahkamlanishi hamda mehnat haqi yuqoriroq davlatlarga migrantlar oqimi oshishi bilan izohlanmoqda”, deyiladi hisobotda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi migratsiya masalalari bo‘yicha taqdim etgan tadqiqotda agar migrantlarning pul o‘tkazmalari bo‘lmasa, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,9 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkinligi qayd etilgandi. Shuningdek, tadqiqotda 2024 yil holatiga ko‘ra, mehnat muhojirlarining pul o‘tkazmalari YAIMdagi ulushi O‘zbekistonda 14 foizga yetgani aytiladi.
Live
Barchasi