O‘zbekistonlik atlet Osiyo rekordini yangilab, jahon chempioni bo‘ldi (video)
Sport
−
02 Oktabr 3739 2 daqiqa
Hindistonning Nyu-Dehli shahri mezbonligida o‘tayotgan para yengil atletika bo‘yicha Jahon chempionatida o‘zbekistonlik atlet Karomat Omonova Osiyo rekordini yangilab, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, yadro uloqtirish dasturida ishtirok etgan Jasur Xo‘jayev ham jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Bugun, 2 oktyabr kuni ayollar o‘rtasida F46 toifasida tashkil etilgan yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan 20 yoshli Karomat Omonova 13,07 metr natija bilan Osiyo rekordini yangiladi va jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish dasturi (F46):
- Oltin medal: Karomat Omonova (O‘zbekiston) – 13,07 metr (Osiyo rekordi);
- Kumush medal: Xolli Robinson (Yangi Zelandiya) – 12,86 metr (Okeaniya rekordi);
- Bronza medal: Keti Pegg (Kanada) – 12,76 metr.
Shuningdek, kecha 1 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan bahslarda F32 toifasida yadro uloqtirish dasturida ishtirok etgan Jasur Xo‘jayev o‘z urinishlari davomida 9,96 metr natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Erkaklar o‘rtasida yadro uloqtirish dasturi (F32):
- Oltin medal: Jasur Xo‘jayev (O‘zbekiston) – 9,96 metr;
- Kumush medal: Atanasios Konstantinidis (Gretsiya) – 9,65 metr;
- Bronza medal: Mohamed Najib (Jazoir) – 9,56 metr.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston terma jamoasi medallari soni 8 taga yetdi:
- 3 ta oltin;
- 4 ta kumush;
- 1 ta bronza.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yoqutxon Xolbekova ayollar o‘rtasida T12 toifasidagi uzunlikka sakrash bellashuvlarida 5,54 metr natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirgan holda musobaqa oltin medaliga ega chiqqan edi.