O‘zbekistonlik tadbirkor AQSHning “qora ro‘yxat”iga tushdi 

Jamiyat

image

AQSH sanksiyalari ro‘yxatiga O‘zbekiston fuqarosi Azizjon Mamashov va uning Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyasi – Advanced Security Solution kiritildi. Bu haqda kecha, 24 fevral kuni AQSH Xorijiy aktivlarni nazorat qilish idorasining rasmiy saytida so‘z boradi.

AQSH rasmiylarining ma’lum qilishicha, Mamashov uch nafar rossiyalik xaker bilan hamkorlikda AQSH mudofaa sektori uchun mo‘ljallangan “nol-day” ekspluatatsiya vositalarini o‘g‘irlash va ularni noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan. “Nol-day” ekspluatatsiyalari – dasturiy ta’minotdagi ilgari aniqlanmagan zaifliklardan foydalanishga mo‘ljallangan vositalar bo‘lib, ular aniqlanmagani sababli ham xavfli hisoblanadi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, o‘g‘irlangan kibervositalar keyinchalik uchinchi tomon tuzilmalariga qayta sotilgan. AQSH tomoni bu harakatlar mamlakatning milliy xavfsizligi hamda iqtisodiy manfaatlariga jiddiy tahdid solganini ta’kidlamoqda.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, sanksiyalar kiberhujumlar, buzg‘unchilik, axborot tizimlariga noqonuniy aralashish, kiberjosuslik va tijorat sirlarini o‘g‘irlash bilan bog‘liq faoliyatlarda ishtirok etgan shaxslar va tashkilotlarga nisbatan qo‘llanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda AQSHga noqonuniy immigratsiyani bila turib tashkillashtirishda ishtirok etgan shaxslarga nisbatan viza cheklovlarini qo‘llash choralarini ko‘rgandi. Bu choralar O‘zbekistonda joylashgan ikkita viza xizmatlari kompaniyasining rahbarlari va yuqori lavozimdagi mas’ul xodimlariga taalluqli bo‘lib, ular AQSHga noqonuniy ko‘chib o‘tishni rejalashtirgan shaxslar uchun asosan shu maqsadga qaratilgan sayohat xizmatlarini ko‘rsatgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh O'zbekiston sanktsiya kiberhujumlar “nol'-day”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing