O‘zbekistonliklar chang bo‘ronlari haqida erta ogohlantiriladi

Jamiyat

image

Xitoy O‘zbekistonga chang bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqishda yordam beradi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Ostonada bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Xitoy Xalq Respublikasi Ekologiya va atrof-muhit vaziri Xuan Junsyu bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston–Xitoy ekologik hamkorligining hozirgi holati va istiqbollarini muhokama qilgan.

Xuan Junsyu ikki yil avval boshlangan muzokaralar allaqachon amaliy natijalar berayotganini ta’kidlagan. Jumladan, hozirda O‘zbekistonda xitoylik investorlar tomonidan 11 ta chiqindini yoqish zavodi qurilmoqda. Shuningdek, Xitoy tomoni ekologik investitsiya loyihalarini tezkor amalga oshirishda O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlashni yuqori baholagan.
 
Hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston tomoni beshta asosiy yo‘nalishni taklif etgan: 

  • iqlim o‘zgarishlarini sun’iy yo‘ldosh tizimlari orqali o‘rganishda Xitoy tajribasini o‘rganish; 
  • Xitoy Jahon meteorologiya markazi faoliyati, jumladan, chang va qum bo‘ronlarini monitoring qilish tizimi bilan tanishish; 
  • Xitoy Ekologiya vazirligi huzuridagi Milliy monitoring markazi tajribasini o‘rganish; 
  • ekologiya sohasida Xitoy–O‘zbekiston xalqaro forumini o‘tkazish hamda havo sifati bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish.

Xitoy tomoni ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlab, ularni amaliy bosqichga o‘tkazishga tayyor ekanini bildirgan. Xususan, havo va suv sifatini tahliliy monitoring qilish bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish hamda milliy monitoring tizimlari salohiyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti bilan hamkorlik imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan.

Tomonlar, shuningdek, cho‘l iqtisodiyoti sohasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratgan. Toshkentdagi ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutidan ushbu yo‘nalishda mintaqaviy platforma sifatida foydalanish, shuningdek, “Green University” va Xitoyning yetakchi ilmiy-ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv yakunida chang va qum bo‘ronlari haqida erta ogohlantirish tizimlarini mustahkamlashda Xitoyning ilg‘or tajribasini jalb etish hamda ushbu mexanizmlarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bundan tashqari, Xitoy tomoni O‘zbekistonga olimlar, tadqiqotchilar va mutaxassislarni yuborish, mahalliy kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, bilim va tajriba almashish uchun o‘zbek delegatsiyalarini qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

ekologiya chang bo'roni ekologik sammit

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing