1700 km masofani yenggan muhabbat. Bakudan O‘zbekistonga kelin bo‘lgan qiz hikoyasi

Intervyu

image

Ba’zan taqdir bizni minglab kilometr uzoqlikdagi manzillarga yetaklaydi. Ozarbayjonning so‘lim Sheki shahrida tug‘ilib, shamollar shahri Bakuda ulg‘aygan Aynura Mustafoyevaning hayot yo‘li ham mana shunday kutilmagan, ammo go‘zal burilishlarga boy. Uning qalbidagi O‘zbekistonga bo‘lgan ilk muhabbat olti yoshida ko‘rilgan eski bir film bilan boshlangan. Bugun esa u o‘sha filmdagi tasavvurlarining ortidan borib, o‘z baxtini O‘zbekistondan topdi.

Bugungi globallashuv davrida o‘zbek qizlarining Turkiya, Janubiy Koreya yoki Xitoy kabi davlatlarga kelin bo‘lib ketishi haqidagi xabarlar biz uchun odatiy holga aylanib ulgurdi. Ammo tanganing ikkinchi tomoni – xorijlik qizlarning o‘zbek xonadonlariga kelin bo‘lib kelishi, bu yerdagi qadriyatlarni qabul qilib, o‘z baxtini aynan O‘zbekistondan topishi ham insonni sevintiradigan hol.

QALAMPIR.UZ’ning ikki qardosh xalqning mentaliteti, kelinlik orzulari, qalin puli borasidagi qiziqarli qarashlar va musofirlikning shirin zahmatlari haqida – ozarbayjonlik kelin Aynura xonim bilan  samimiy suhbatimizni e’tiboringizga havola etamiz.

Abdurahmon Ergashev, muxbir: Aynura xonim, avvalo suhbatimizga rozi bo‘lganingiz uchun rahmat. O‘zingizni o‘quvchilarimizga yaqindan tanishtirsangiz, qayerda tug‘ilib o‘sgansiz, Ozarbayjondagi bolalik va yoshlik davringiz qanday o‘tgan? Oilangiz, ta’limingiz va u yerdagi kundalik hayotingiz haqida biroz gapirib bersangiz.

Ozarbayjonlik kelin Aynura Husanova: Men Aynura Husanova, qizlik familiyam Mustafoyeva, Ozarbayjon Respublikasining Sheki tumanida tug‘ilganman. Shekida o‘qib, maktabni tugatgach, oilam bilan Baku shahriga ko‘chib keldik. Keyin Bakuda ishladim va ishlash bilan birga universitetda ham o‘qidim.

2020 yilda Turkiyaning Anqara shahridagi Otaturk universitetiga qabul qilindim, o‘sha yillarda koronavirus pandemiyasi va Qorabog‘ urushi sababli chegaralar yopiq edi, qatnov bo‘lmagani uchun sirtqi ta’lim oldim.

A.E.: Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatingizdan ko‘rinadiki, O‘zbekiston bilan bog‘liq tuyg‘ularingiz juda erta boshlangan. Qiziq, bu mamlakat haqidagi ilk tasavvuringiz qachon paydo bo‘lgan? O‘zbekistonni qanday kashf etgansiz va qanday qilib bu yurt qalbingizga yaqin bo‘lib qolgan? Shuningdek, turmush o‘rtog‘ingiz bilan tanishuv jarayoningiz qanday boshlangan? Bu ikki davlat orasidagi qariyb 1700 kilometr masofa qanday qilib qalblar orasidagi masofani yenga oldi?

A.H.: Ajoyib savol (kulib), mening javobim esa bundan ham ajoyib. Men 6 yoshimda bir Ozarbayjon filmini ko‘rganman. Filmning nomi “Görüş” (“Uchrashuv”) edi. Film SSSR davrida Ozarbayjon va O‘zbekiston birligi, do‘stligi haqida hikoya qilardi. Har ikki davlatning paxtakorlari ilg‘or va mehnatkash sifatida tasvirlangan.

Filmda O‘zbekistondan 5-6 nafar paxtakor Ozarbayjonga keladi. Ularning orasida juda go‘zal bir qiz bor edi. Qizning ismi Lola – ko‘zlari qiyiq, sochlari qora va uzun. Uning go‘zalligi meni o‘ziga maftun qilgan. 6 yoshimda O‘zbekistonni Ozarbayjonning bir qishlog‘i deb o‘ylagan edim. “O‘zbekiston” nomini birinchi marta o‘sha payt eshitganman. Lolaning go‘zalligi meni juda o‘ziga tortgan, hatto O‘zbekiston “qishlog‘i”dagi barcha qizlar Lola kabi chiroyli deb o‘ylaganman. O‘sha 6 yoshimda Lolaning qishlog‘iga borishni xohlaganman. Go‘yoki, u joy men yashaydigan qishloqdan 6-7 km uzoqlikda deb tasavvur qilganman. Aslida esa Lola yashagan joy bilan mening yashagan joyim orasida minglab km masofa bor ekan.

“Болалигимda juda йиғлоқи edim”.

5-sinfda o‘qib yurganimda otam yangi mashina olgan edi. Mashinada asosan Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlari bo‘lgan. Bir kuni otam meni maktabdan olib kelayotganda qo‘shiq yangradi. Tili juda boshqacha, lekin bir vaqtning o‘zida bizning tilga ham yaqin edi. Qo‘shiqdagi 5 so‘zdan 2 tasini tushunardim. Otamdan so‘radim: “Bu qaysi til?” U: “O‘zbek tili”, dedi.

Men hayron bo‘ldim: “O‘zbek tili? Xorijiy tilmi?” dedim. Otam javob bermadi. Shunday qilib yillar o‘tdi. Har safar mashinada biror joyga ketganimizda otam sababli Yulduz Usmonovaning qo‘shiqlarini yodlab olardim.

Keyinroq 8-sinfda tarix darsligidan Amir Temur haqida o‘qidim. Buyuk hukmdor Amir Temur O‘zbekistondan ekanini bilgan kunim “Görüş” filmidagi Lolani esladim. O‘sha paytda tushundimki, Lola yashagan joy oddiy qishloq emas, balki buyuk bir davlat ekan. Juda hayratlangandim – bu qadar tasodif bo‘lishi mumkin emas, deb o‘ylaganman.

Tarix fanini umuman yoqtirmasdim, lekin Amir Temur mavzusini yoddan bilardim. 2012 yildan boshlab, ya’ni 8-sinfdan beri u mening eng sevimli hukmdorimga aylangan.

O‘sha kichik tasodiflar hayotimda katta bir dunyo va go‘zal kunlar boshlanishini bilmagan edim. O‘sha paytlarda internet deyarli yo‘q edi, telefon ham kam odamda bor edi.

Maktabni tugatib, 2017 yilda Instagram ochdim. Google orqali O‘zbekiston haqida izlana boshladim. Instagram orqali ko‘plab o‘zbek do‘stlar orttirdim. Sevgim kundan kunga ortdi. So‘ng o‘zimga so‘z berdim: ishlab pul topaman va O‘zbekistonga boraman, dedim. So‘zimda turdim – O‘zbekistonga keldim va bu yerda o‘z sevgimni, ruhimni topdim.

Toshkentga birinchi kelganimda tasodifan tanishdik – bir-birimizni ko‘rdik va sevgi hissini tuydik. U menga yaqinlashdi. Boshqa davlatdan kelganimni bilib, yordam bermoqchi bo‘ldi. Instagram’imni oldi va tanishuvimiz o‘sha yerdan boshlandi. Biz bu ikki yil ichida ko‘p bora ayrildik, lekin sevgimiz bizni yana yarashishga majbur qildi.

“Байроқларимиз bizning шарафимиз”.

A.E.: Unashtiruv va oilalar bilan tanishuv jarayoningizni so‘zlab bersangiz. Baribir boshqa-boshqa davlatlar, bu ikki yoshning turmush qurish qaroriga oilalaringiz qanday munosabatda bo‘ldi? Qanday qiyinchiliklar yuzaga keldi va oxir-oqibat oilalaringiz rozilik bildirganida qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirdingiz?

A.H.: Bu juda hayajonli va qiyin edi, chunki oilalarimiz bir-biriga juda begona, mentalitetlar juda farq qilardi, hech kim qarorimizga rozi emas edi. O‘zbekistondan Ozarbayjonga qaytganimda, avval otamning oldiga bordim va “Men O‘zbekistondan bir yigitni sevib qoldim, u ham meni sevadi”, dedim. Otam munosabatimizga qarshi chiqmadi.

Lekin qizim bu uzoq yo‘l, mentalitet farq qiladi, u yerda qiynalasan, dedi. Ikki yil davomida menga sovchi keldi, lekin “Men faqat o‘zbek yigiti bilan turmush quraman”, dedim. Shu ikki yil ichida turmush o‘rtog‘imga ham ko‘p o‘zbek qizlarini ko‘rsatishgan, lekin u ham “Men faqat bu Ozarbayjon qizi bilan turmush quraman, aks holda umr bo‘yi bo‘ydoq o‘taman”, degan.

Yana atrofimdagi odamlar avvaliga “Juda uzoq, masofa katta, mentalitet juda farq qiladi, bir ozarbayjonlik uchun u yerda yashash qiyin bo‘ladi”, deb ko‘p salbiy fikrlar aytishdi.

Lekin men uchun faqat bitta haqiqat bor edi – bu sevgi. Sevgi masofani ham, boshqa bahonalarni ham tan olmaydi. Sevgi jasorat va fidoyilik talab qiladi.

Men boshqalarning gaplariga e’tibor bermadim, oilamning fikrlarini ham salbiylikdan ijobiy tomonga o‘zgartirdim va natija bo‘ldi. Bugun men juda baxtliman.

Oxir-oqibat ikki yil o‘tgach, oilalarimiz rozilik bildirdi. Sovchilar O‘zbekistondan Baku shahriga kelishdi, aeroportda uchrashdik, sovchilik marosimi bo‘ldi. Oilalarimizning tanishuvi juda samimiy o‘tdi, bir-birlari bilan “aka-uka” bo‘lib ketdi. Otam va onam juda xursand bo‘lishdi. Qaynotam “Aynura endi mening kelinim emas, mening qizim bo‘ladi, har doim shunday bo‘ladi,” deb ota-onamga va’da berdi.

“Sovchilarга odatимизга кўра choy berdim”.

Bizning sovchilik marosimimizda odat bo‘yicha sirg‘a emas, uzuk taqildi. Qaynotam uzuk taqdi va marosimdan so‘ng mehmonlarga shirin choy berildi. Qaynotam uch kun Ozarbayjonda qoldi, Bakuni va Kavkaz tog‘larini ko‘rsatdik, keyin aeroportdan O‘zbekistonga kuzatdik. Shu bilan men naslimizda xorijga kelin bo‘lgan birinchi qiz bo‘ldim. Aslida men xorijga emas, o‘z ota yurtimga kelin bo‘lib bordim, deb hisoblayman.

Unashtiruvdan so‘ng men tezroq to‘y bo‘lishini, ota yurtimga kelin sifatida borishni intiqlik bilan kutardim. Oilam esa meni uzoqqa yuborishayotganidan ozgina xafa edi.

A.E.: Aynura xonim, O‘zbekistonga kelganingizdan keyin bu yerda yangi do‘stlar ham orttirdingizmi? Agar shunday bo‘lsa, qanday do‘stliklar sizga eng yaqin va esda qolarli bo‘ldi?

A.H.: Ochig‘i, boshida biroz qiynaldim. Yangi mamlakat, yangi mentalitet va til farqi bor edi. Ammo o‘zbek ayollari juda mehribon va samimiy ekan. Vaqt o‘tishi bilan ularni yaqindan tanidim va tezda iliqlik paydo bo‘ldi. Endi ayta olamanki, o‘zbeklar orasida o‘zimni begona his qilmayman. O‘zbekistonda ko‘p dugonalarim bor, ularning har birini yaxshi ko‘raman. Qashqadaryoga, Toshkentga borganimda ham ular bilan uchrashdim.

A.E.: Endi eng qiziq va muhim lahzaga keldik – to‘y! To‘yingiz qayerda bo‘ldi va qanday o‘tganini so‘zlab bera olasizmi? Ikki mamlakat o‘rtasidagi marosimlarda qanday farqlar sezildi. Marosimdagi eng esda qolgan lahzalar, oilangiz va mehmonlar bilan bo‘lgan xotiralar haqida ham gapirib bersangiz.

A.H.: To‘y 2025 yil 26 oktyabrda har ikki mamlakatda o‘tkazildi. Ozarbayjonda, Bakuda kichik, O‘zbekistonda, Qashqadaryoda katta to‘y bo‘ldi. Farqi shundaki, Ozarbayjonda to‘ylar odatda 5-6 soat davom etadi, O‘zbekistonda esa 3 soatga yetadi. Ozarbayjonda kuyov va kelin barcha mehmonlar bilan hurmat ramzi sifatida raqsga tushadi. O‘zbekistonda esa kuyov va kelin faqat bir marta raqsga tushadi, ko‘p raqs tushish mentalitet nuqtai nazaridan “yengil” deb hisoblanarkan. Lekin bu ularning eng quvonchli kuni, shunday ekan, to‘yda erkin, to‘kilib raqs tushish ham yaxshi bo‘lardi. Har bir kishi niyat bilan to‘y qiladi, shunday ekan, nima uchun cheklash kerak? Boshqa an’analar ham shunga o‘xshash.

A.E.: Aynura xonim, turkiy xalqlar orasida odatda to‘ylar bilan bog‘liq marosimlarda “qalin puli” masalasi ham e’tiborni tortadi. O‘zi Ozarbayjonda kelinga qancha qalin puli beriladi va O‘zbekiston tarafidan sizga qancha berildi?

A.H.: Bizda qalin puli juda yuqori, kamida 8 ming manat (4 700 AQSH dollari). Ammo otam “Qizim sotilmaydi, men uni pulga bermayman. U o‘z xohlashi bilan sevgan yorini tanladi, men esa faqat xayr-duo beraman”, dedi.

Otamning fikricha, qalin puli qizni xohlamasdan, pul evaziga beryapti degani. Shuning uchun turmush o‘rtog‘imning oilasidan pul olishmadi. Faqat “Qizingizga hurmat bilan, sevgi bilan qarang”, dedi. Qaynotam otamga “Qiz endi mening kelinim emas, mening qizim. Sizga ukalik so‘zim”, deb va’da berdi. Haqiqatan ham, men kelin bo‘lgan joyimda menga bir marta ham “kelin” deyishmadi, doim “qizim” deb chaqirishadi.

“To‘y kuni аkam Телман bilan”.

A.E.: To‘y nafaqat quvonch, balki yugur-yuguri bilan ham qiziq. Shu jarayonda yo‘l va transport, to‘y xarajatlari, qog‘ozbozlik ishlari kabi masalalar bilan qanday shug‘ullandingiz? Qaysi qiyinchiliklar yoki muammolar yuzaga keldi va ularni qanday yengdingiz?

A.H.: Qog‘oz ishlari oson hal bo‘ldi. Men turmush o‘rtog‘im yashaydigan manziliga ro‘yxatdan o‘tdim, FHDYOda ham hech qanday muammo bo‘lmadi – barcha hujjatlar bir tartibda o‘tdi. Yo‘l xarajatlari biroz ko‘p bo‘ldi, albatta, masofa uzoq edi, lekin boshqa iloj yo‘q edi.

A.E.: O‘zbekistonga kelin bo‘lib kelganingizdan keyingi ilk kunlaringiz qanday o‘tganini so‘zlab bersangiz. Oilangiz, uy, muhit, yangi an’ana va odatlarni qabul qilish jarayoningizni, shuningdek, o‘sha kunlarning eng esda qolgan lahzalarini ham o‘quvchilarga ayta olasizmi?

A.H.: Juda hayajonli edim, bu kunni 2 yarim yil kutdim. Turmush o‘rtog‘im va men juda hayajonda edik, qo‘llarimiz muzdek bo‘lib qolgan, men shodligimdan yig‘lardim. Bizning orazimizda katta sevgi bor – shunday sevgiki, aminman, hech kim biznikiga o‘xshash go‘zal sevgi yashamagan. Hayotimizda qismatimizda bir-birimiz bilan oila qurish yozilgan ekan. Taqdir bizni birlashtirdi.

Biz birlashganimiz bilan davlatlarimiz orasida viza rejimi yengillashtirildi. Samarqand va Navoiy viloyatlarida Ozarbayjon-O‘zbekiston uchish reyslari ochildi. Do‘stligimiz va qardoshlik rishtalari kun sayin kuchayib bormoqda. Har bir taraqqiyotda bizning izimiz bor, va men aytishim mumkinki, bu haqiqat.

A.E.: O‘zbekistonga kelin bo‘lib kelganingizdan keyin yangi oilaga va ularning odatlari, an’analari, kundalik hayotiga moslashish qanchalik oson yoki qiyin bo‘ldi? Shu jarayonda qanday his-tuyg‘ularni boshdan kechirdingiz va sizga yordam bergan eng muhim narsa nima bo‘ldi?

A.H.: O‘zbek oilasiga moslashish juda oson bo‘ldi. Ular Ozarbayjon oilalaridan farq qilmaydi – oilaning barcha a’zolari mehribon, samimiy va yaqin, meni ham juda yaxshi ko‘rishadi.

Uy ishlarida menga eng ko‘p qaynonam yordam berdi. U juda yaxshi ayol, menga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Doimo “qizim” deb murojaat qiladi. Men ham uni onam kabi sevaman va hurmat qilaman.

O‘zbek tilini dastlab filmlar va qo‘shiqlar orqali o‘rgandim. Filmlarda qaynona-kelin munosabatlari ba’zan qiyin va dramatik tarzda ko‘rsatilardi, shu sabab ochig‘i, bu meni juda qo‘rqitgan edi. Bu qo‘rquv qaynonamni tanigunimga qadar meni bezovta qilib yurdi.

Qaynonamni tanigan ilk kunimdayoq bildimki, u menga onalik qiladi. Hozirgi kunda munosabatimiz ona-bola munosabatidek juda yaqin. U doimo meni “qizim” deb chaqiradi.

Kichik bir voqeani aytib bermoqchiman. To‘ydan keyin kelin sifatida hovlini supurib yurgan edim. Bir kichkina qush tez uchib o‘tib, qo‘limga tegib ketdi. Men qo‘rqib, qattiq yig‘lab yubordim. Qo‘rquvdan yuragim qinidan chiqib ketadigandek titrardim. Qaynonam yonimga keldi, yig‘layotganimni va qo‘rqib ketganimni ko‘rib, u ham men bilan birga yig‘ladi. Ko‘z yoshimni qo‘li bilan artib, meni quchoqlab, qo‘rquvimni bosishga harakat qildi. Uning qanchalik mehribon va rahmdil ekanini o‘sha kuni bildim.

Ana o‘sha kundan boshlab men uni chin dildan sevib qoldim. Oldin esa shunchaki kattamiz sifatida hurmat qilardim. Ammo o‘sha kundan boshlab uni dunyolarcha sevishga boshladim. U mening aziz onam. Men uni o‘z onamdan aslo ajratmayman. Chunki u hayotimning ma’nosini – turmush o‘rtog‘imni menga hadya qilgan.

Men uni juda yaxshi ko‘raman. Uning menga bo‘lgan mehr-muhabbati va samimiyligi meni unga yanada ko‘proq bog‘ladi.

A.E.: Aynura xonim, o‘zbek oilasiga kelib, ularning an’ana va odatlari bilan yaqindan tanishdingiz. Qaysi odat yoki an’analar sizni eng hayratlantirdi? Qaysilari sizga yoqdi va ularni o‘zingizning hayotingizga ham olib kirishga harakat qildingiz?

A.H.: Ozarbayjonda hech bir kelin ertalab soat 5-6 da turib hovlini supurmaydi. Hatto onamga “O‘zbekistonda kelinlar erta turib hovlini supuradi ekan”, deganimda – u kulib “Men 90-yillarning kelini bo‘lganman, hatto o‘sha paytlarda ham ertalab soat 5-6 da hovli supurilmagan”, dedi.

Eng qiyin jihati kelinlarning ertalab uyqusiragancha hovlini supurishi (kulib), qolgan hammasi menga tabiiy ko‘rindi. Kattaga hurmat kichikka izzat menga yoqqan odatlardan biri. O‘zbekistonda insoniy qadriyatlar juda yuqori ekan.

Qizlik hayotining alohida bir go‘zalligi bor, lekin turmush hayoti butkul boshqa bir tuyg‘u. Menga uy bekasi bo‘lish juda yoqdi. 26 yoshimda oila qurdim va turmush qurish, uy bekasi bo‘lish juda mas’uliyatli va ayni paytda juda go‘zal hislar ekanini his qildim. Ya’ni, men Ozarbayjon fuqarosi sifatida o‘zbek kelini bo‘lishga allaqachon o‘rganganman.

A.E.: Ozarbayjonda kelinlarning oiladagi asosiy vazifalari qanday bo‘ladi? Shu vazifalar va mas’uliyatlar sizning O‘zbekiston oilasidagi rolingiz bilan qanday farq qilmoqda yoki o‘xshashliklari borligini so‘zlab bera olasizmi?

A.H.: Ozarbayjon kelinlari doimo kularyuz va mehribon bo‘lishi kerak. Qovog‘idan qor yog‘adigan, tepsa tebranmas kelin hech kimga yoqmaydi. Ozarbayjonda kelin uyga kelgan mehmonlardan qochmaydi, aksincha, yangi kelin bo‘lsa, kelgan mehmonlar bilan yaqindan tanishib, do‘stlashadi. O‘zbek oilalarida esa biroz farq ko‘rdim – masalan, kulib, suhbatlashadigan kelinlarni “yengil kelin” deb ko‘rishadi va uni g‘iybat qilishadi –“falonchi, kelin tishini oqini ko‘rsataveradi, yengil-yelpi”, deyishadi. Bu juda salbiy qarash, men esa buni yoqtirmadim.

A.E.: O‘zbekiston va Ozarbayjon oilalarida yashab, ikki xalqning mentaliteti va hayot tarzini yaqindan ko‘rdingiz. Sizga eng sezilarli farqlar nimalar bo‘ldi?

A.H.: Ozarbayjon va o‘zbek mentaliteti orasidagi eng katta farqni aytadigan bo‘lsam, bu – ayolning oiladagi mavqei bilan bog‘liq. Masalan, Ozarbayjonda ayol o‘z fikrini ochiq aytadi, “yo‘q” deyish, qarshi chiqish biroz normal qabul qilinadi. Oilada so‘z huquqi nisbatan kuchliroq.

O‘zbekistonda esa ayol ko‘proq jim qolishi va sabrli bo‘lishi kerak, degan tushuncha bor. Kattalar oldida jim turish tarbiya sifatida qaraladi. Hammasiga chidash ayollik xususiyati sifatida ko‘riladi. Ozarbayjon ayoli muammoni gaplashib hal qiladi, o‘zbek ayoli esa sabr qilib kutadi va sabr orqali yechim topadi.

Bilmayman, bu odatmi yoki boshqa narsa… Masalan, men supurgini devorga tayaganimda, “Sen nima qilyapsan? Bunday qilish mumkin emas, yomon ishlar bo‘lishi mumkin”, deyishdi. Men “Kechirasiz, xabarim yo‘q edi”, desam, ular esa “Supurgini yerga yotqiz, tik tursa yomon bo‘ladi deyishdi”.

Ozarbayjonda nonni ushatishda o‘ng-chap farqi yo‘q, qanday xohlashsa shunday bo‘lishadi. O‘zbekistonda esa, adashmasam, nonni birinchi o‘ng qo‘l bilan ushatish kerak.

Shu kabi kichik, odamni ko‘p charchatadigan odatlarni juda ko‘p ko‘rdim. Men buni “aqliy charchash” deb atadim – bu e’tiqodlar bilan o‘zlariga qiyinchilik yaratishadi.

A.E.:  O‘zbekistonga kelganingizdan keyin yangi tilni o‘rganish jarayoni qanday kechdi? Qaysi qiyinchiliklarga duch keldingiz, qanday usullar yordam berdi va tilni o‘rganish sizning hayotingizni yoki munosabatlaringizni qanday o‘zgartirdi?

A.H.: Ham Ozarbayjon, ham o‘zbek tillari turkiy tillar oilasiga kiradi, shuning uchun grammatikasi o‘xshashliklar ko‘p. Men o‘zbek tilini deyarli to‘liq tushunaman va taxminan 50 foiz erkin gapira olaman. Bu – tez o‘rganish va amaliyotning samarasidir.

A.E.:  Sizga qaysi o‘zbek taomlari yoqdi va ularni o‘zingiz ham sevib tayyorlaysizmi?

A.H.: Men o‘zbek taomlaridan samsa va oshni juda yaxshi ko‘raman. Umuman olganda, juda yog‘li taomlarni yoqtirmayman, o‘zbek taomlari ham ko‘p yog‘li, lekin aynan samsa va palovni bemalol yeyman. O‘zim ham sevib tayyorlayman.

A.E.:  O‘zingizning ota-uyingizni, Ozarbayjonni sog‘indingizmi? Shu sog‘inch va masofani qanday yengdingiz, qaysi usullar yoki odatlar sizga yordam berdi?

A.H.: Men Ozarbayjonni juda sog‘inaman. Ozarbayjonda odamlar ancha boshqacha. Biz kavkazliklar biroz jo‘shqinroq, his-tuyg‘ularini ochiqroq ko‘rsatadigan xalqmiz. Osiyoliklar esa ko‘proq sokin, osoyishta va vazmin bo‘lishadi.

Ozarbayjon xalqining fe’l-atvori, u yerda o‘tkazgan o‘sha go‘zal kunlarimni juda sog‘inaman. Ba’zan o‘zimga savol beraman: nega o‘zbeklar bunchalik sokin? Hayot 3-5 kunlik-ku, nega chin dildan kulishni xohlashsa ham “sekin, sokin kulaylik, uyat bo‘ladi” deb o‘ylashadi?

Mana 6 oydirki, chin yurakdan kulishga uyalib qoldim. Chunki bu yerda biroz balandroq kulib yuborsam, odamlarning qoralovchi nigohlaridan noqulay bo‘laman. Men ham asta-sekin o‘zbek bo‘lib qolyapman shekilli – o‘zimga cheklovlar qo‘ya boshladim: sekin gapirish, past ovozda kulish va hokazo.

Ozarbayjonda esa qoralash kamroq. Xohlasang baland kul, baland gapir – hech kim seni ayblovchi nigoh bilan kuzatmaydi.

“Turmush o‘rtog‘imning иши bilan bog‘liq масала юзасиdaн юзини кўрсата олмайман”.

A.E.:  Aynura xonim, yangi mamlakat, yangi oila va yangi hayot bosqichida turmush o‘rtog‘ingiz sizni qanday qo‘llab-quvvatladi? Qaysi paytlarda uning yordami va dalda berishi siz uchun eng muhim bo‘ldi? O‘zingizni yolg‘iz his qilgan lahzalarda u qanday yoningizda turdi?

A.H.: Turmush o‘rtog‘im… Yaxshi insonni doimo maqtashadi. Men turmush o‘rtog‘imni har doim maqtayman, chunki u bunga juda loyiq. O‘zbekistonda men uchun faqat turmush o‘rtog‘im va qaynota-qaynonam bor. Qaynotam menga o‘z tug‘ishgan otamdek munosabatda bo‘ladi. U juda hurmatli, oliyjanob va mard inson. Uning hurmatini dunyolarcha aziz tutaman. Albatta, bunday insonning o‘ziga o‘xshagan o‘g‘li bo‘lishi tabiiy. Turmush o‘rtog‘im qaynotamga xarakter jihatidan juda o‘xshaydi.

Turmush o‘rtog‘im ham juda mard va oliyjanob. U xotiniga, ya’ni menga, juda hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Eng kichik, oddiy narsalarda ham “Men borman, yoningdaman” deydi. Hech kimning oldida meni kamsittirmaydi. Har bir vaziyatda meni tushunadi.

Men ko‘p narsani unga aytmasam ham o‘zi sezadi. Oramizda juda kuchli bog‘lanish bor. Ruhlarimiz go‘yo egizaklardek. Turmush o‘rtog‘im so‘zning haqiqiy ma’nosida mening hamrohim. Men unga cheksiz oshiqman.

A.E.:  Sizningcha aralash millatli (ozarbayjon-o‘zbek) oilada baxtning siri nimada? Turli mentalitet, urf-odat va qarashlarga qaramay, oilani mustahkam va baxtli saqlab qolish uchun eng muhim omil nima deb o‘ylaysiz?

A.H.: Menimcha, aralash millatli oilada baxtning siri – o‘zaro hurmat va tushunishdir. Har ikki tomon bir-birining tiliga, madaniyatiga va urf-odatlariga qadriyat sifatida qarasa, oila yanada mustahkam bo‘ladi.

Farqlar muammo emas, aksincha oilani rang-barang qiladigan go‘zallikdir. Eng muhimi esa sevgi, sabr va bir-birini o‘zgartirishga emas, balki qanday bo‘lsa shunday qabul qilishga tayyor bo‘lishdir.

A.E.:  Kelajakda farzandlaringizni qaysi tilda tarbiyalamoqchisiz? Ular ko‘proq o‘zbek madaniyatida ulg‘ayadimi yoki Ozarbayjon an’analari ham hayotlarida muhim o‘rin egallaydimi?

A.H.: Men farzandlarim ikki madaniyatning go‘zalligini o‘zida mujassam etishini istayman. Uyda ham ozarbayjon tilini, ham o‘zbek tilini eshitib ulg‘ayishsin.

Ular ham Ozarbayjon ildizlarini, urf-odat va an’analarini bilishsin, ham ulg‘ayayotgan yurti – O‘zbekistonning madaniyatini sevib katta bo‘lishsin.

Menimcha, ikki madaniyat bag‘rida ulg‘aygan bola yanada boy dunyoqarashga ega bo‘ladi.

A.E.:  Bugun O‘zbekistonga kelin bo‘lib kelayotgan yoki kelishni rejalashtirayotgan qizlarga qanday tavsiyalar bergan bo‘lardingiz? O‘zingiz boshdan kechirgan tajribangizdan kelib chiqib, ularga nimalarni maslahat berasiz?

A.H.: Ozarbayjonlik va umuman barcha xorijiy davlat qizlariga eng katta maslahatim – bu qadamni sevgi va tushunish bilan tashlasinlar.

Chunki boshqa mamlakatda oila qurish – faqat sevgi emas, balki sabr, moslashish va hurmatni ham talab qiladi. Tilini o‘rgansinlar, mentalitetni qabul qilishga harakat qilsinlar va solishtirishni kamaytirsinlar. Agar o‘zaro hurmat va sevgi bo‘lsa, har joyda baxtli bo‘lish mumkin.

A.E.:  Aynura xonim, bugun O‘zbekiston siz uchun nimani anglatadi? Bu mamlakat qalbingizda qanday o‘rin egalladi, hayotingiz va oilaviy baxtingizda qanday ma’noga ega?

A.H.: O‘zbekiston endi men uchun shunchaki yashaydigan joy emas. Bu yer mening oilam, xotiralarim to‘plangan makon. Inson qayerda sevsa va qayerda sevilsa, o‘sha joy uning uyi hisoblanadi. Men uchun O‘zbekiston ikkinchi vatanimga aylangan.

A.E.:   Bugungi samimiy suhbat uchun katta rahmat. Sizning hikoyangiz, hayotiy tajribangiz va tavsiyalaringiz o‘quvchilarimiz uchun juda qiziqarli va ilhomlantiruvchi bo‘ladi degan umiddaman.

A.H.: Taklif uchun sizga rahmat.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon Baku xonadon kelin Aynura Mustafoeva Sheki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing