O‘zbeklar afg‘onlashtirilyaptimi?

Tahlil

Sobiq ittifoqning “bo‘lib tashla, hukmronlik qil” siyosati doimo o‘zini oqlagan. O‘zbekistondagi o‘zbeklarning yonginasida yana bir o‘zbek xalqi yashashini bilasizmi? Bizni Amudaryo ikkiga ajratib turadi. Ular bilan bizni asrlarning qattol siyosati ayirib tashladi. Bu yerlarni ba’zida Janubiy Turkiston, deb ham atashadi. Daryoning shimoliy tomonida mustaqil O‘zbekiston vatandoshlari yashasa, janubiy qirg‘og‘ida esa Afg‘onistondagi o‘zbeklar – bir ildizli, bir tilda so‘zlashuvchi millatdoshlar istiqomat qiladi.

Yillar davomida ular bir-biridan uzilgan, shunga qaramay Afg‘onistondagi o‘zbeklar tili, madaniyati va milliy o‘zligini, ular tilida aytadigan bo‘lsak, o‘z farhangini saqlab qolgan. Afsuski, 2021-yilda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgach, afg‘on o‘zbeklariga bo‘lgan munosabat keskin o‘zgardi va ularning hayoti yanada murakkablashdi. QALAMPIR.UZ’ga “Tolibon” Afg‘onistondagi millionlab o‘zbeklarning madaniy va tarixiy o‘zligini yo‘q qilish, ularni pashtunlashtirish siyosati sur’atli ravishda olib borilayotgani haqida ko‘plab murojaatlar kelmoqda. 

Taassuf bilan shuni qayd etish kerakki, afg‘ondagi bechora o‘zbeklar u yerda “o‘zbeksan”, deb kamsitilsa, O‘zbekistonga kelishsa “afg‘onsan”, deb chekkaga suriladi. Agar ko‘cha-ko‘yda Qodiriylar, Cho‘lponlardek  toza  o‘zbek tilida gapirayotgan ajnabiyni ko‘rsangiz, biling u bizni millatdosh. O‘zbek! O‘z taqdiri haqida gapirib bermoqchi bo‘lgan o‘zbeklar juda ko‘p, ammo ularning aksariyati oila a’zolari Afg‘onistonda yashayotgani sababli sukut saqlashga majbur. Shunday bo‘lsa-da, bir nechta millatdoshimiz bilan bu mavzuda suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldik.

2017 yilgi rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Afg‘onistonda 3,5 milliondan ortiq o‘zbek yashaydi, norasmiy manbalarga ko‘ra esa ularning soni 10 milliondan ham ortiq. Respublika davrida hukumat tepasida bo‘lgan salmoqli o‘zbek mulozimlar, gubernatorlar, o‘qituvchi, yozuvchi va shoirlardan tortib, demokratik qarashda bo‘lgan oddiy o‘zbeklar ham 2021 yildan keyin qatag‘onga, surgunga uchradi. Bu jarayon “Tolibon”ning millatchilik ruhidagi birinchi harakati emas. Bu haqda minglab ma’lumotlar topish mumkin. Avvalroq “Tolibon” o‘zbeklarni ommaviy ravishda xavfsizlik kuchlari safidan chiqardi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shinlar sonini kamaytirish haqidagi buyruq bevosita “Tolibon” rahbariyati tomonidan berilgan. Qobul rasmiylari buni byudjet inqirozi bilan izohlagan bo‘lsa-da, qisqartirishlar, asosan, o‘zbeklar istiqomat qiladigan viloyatlarda amalga oshirilgan. 

2023 yilda Mozori Sharif shahrida esa mahalliy rasmiylar tomonidan taxminan 20 yil avval qurilgan Alisher Navoiy haykali bir necha bor yakson qilindi. Dastlab, toliblar buni xaspo‘shlab, buzg‘unchilikni mahalliy aholiga to‘nkadi, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov esa  bu holatni “vandalizm” deb atadi.

“Afg‘onistonda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildik. Ushbu masala yuzasidan diplomatlarimiz Afg‘oniston vakillari bilan bog‘landi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan muvaqqat hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosimizga zarar yetkazadi. Afg‘oniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini ma’lum qildilar”, deb yozgan Burxonov. 

2025 yilga kelib yodgorlik butunlay yo‘q qilingani ochiqchasiga tan olindi. O‘zbek jamoatchiligining keskin noroziligi va g‘azabidan so‘ng “Tolibon” bunga ham ajoyib bahona topdi. Nima emish, Alisher Navoiy haykali o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emas, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan ekan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan. Bundan tashqari, Afg‘onistondagi muvaqqat hukumat vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘’tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da bergan. Oradan yarim yil vaqt o‘tdi, majmuaning holatini aniqlash maqsadida haykal o‘rnatilgan joy ko‘zdan kechirilganda. Haykal joylashgan hudud yashil latta bilan o‘ralgan, biroq ichkarida qurilish ishlari olib borilyaptimi yoki yo‘qmi bu noma’lumligicha qolgan. Shuningdek, bu yerda Navoiy xotirasiga bag‘ishlangan qanday majmua barpo etilayotgani haqida ham aniq ma’lumot berilmagan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi yodgorlik aniq barpo qilinishi, Afg‘on tomoni bilan ushbu masalada kelishilgan va bu kelishuv o‘z kuchida ekanini bildirib, ammo majmua ochilish sanasi hozircha noma’lumligini qistirib qo‘ydi.

Bu ishlardan so‘ng, Afg‘oniston davlat va siyosat arbobi, sobiq vitse-prezident, o‘zbek aslli Marshal Abdulrashid Do‘stum va qizi Rohila Do‘stum “Tolibon”ga tahdid qilib, guruh ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidladi, Alisher Navoiyni siyosati va qalami yuksak inson sifatida baholab, uning yodgorliklarini yo‘q qilishga qaratilgan harakatlarni “aqlsiz va bema’ni ish” deb atagan hamda bundan juda afsusda ekanini bildirdi.

“Mozori Sharif shahrida Afg‘oniston va mintaqa tarixidagi siyosatchi, olim va shoir Amirul Kalom, Amir Alisher Navoiy yodgorligining vayron qilinganini alam va afsus bilan qabul qildim. Mozori Sharifning asoschilaridan, shu bilan birga, bugungi Afg‘onistonning va dunyoning buyuk insonlaridan biri bo‘lgan kishiga bunday munosabat chidab bo‘lmas xo‘rlikdir. Men bu ishni haqoratli va nafaqat Afg‘oniston xalqini, balki butun dunyodagi o‘zbeklarni – turkiylarni ham kamsitishga qaratilgan harakat belgisi deb bilaman. Toliblarning bu kechirib bo‘lmas harakati mening va Hazrat Navoiyning barcha oshiqlarining qalbini qattiq ranjitdi”, degan Marshal. 

Shundan so‘ng Do‘stumning qizi, sobiq senator Rohila Do‘stum ham holatga munosabat bildirib, Navoiy haykalining buzilishini “Tolibon”ning mamlakat madaniy merosiga dushmanligi ramzi, hamda Afg‘onistondagi xalqlarning umumiy o‘zligiga xurmasizlik deb baholagan va xalqaro hamjamiyatni “Tolibon” harakatiga qarshi munosabat bildirishga chaqirgan. Shuningdek, u bu harakatni yirik shaxsiyatlarga haqorat, xalqlarning umumiy o‘zligiga hurmatsizlik va madaniy, tarixiy hamda badiiy qadriyatlarga bepisandlik deb ta’rifladi.

“Amir Alisher Navoiy haykalining “Tolibon” tomonidan buzilishi jirkanch va madaniyatga qarshi qadam bo‘lib, bu harakat guruhning mintaqa tarixiy va sivilizatsiya merosiga dushmanligini ko‘rsatadi. Bunday harakatlar faqatgina jamoatchilikning “Tolibon”ga nisbatan nafratini kuchaytiradi. Madaniyat ahli bu ishni qoralashi va insoniyat merosini saqlash uchun amaliy chora ko‘rishi kerak”, degan u. 

Qolaversa, 2025 yilning iyun oyida Abdulrashid Do‘stum bilan aloqadorlikda gumon qilinib ko‘plab o‘zbeklar Erondan olib kelinib qatl qilindi, 2021 yilda Turkiyaga qochgan Do‘stum janoblari esa, bu safar toliblarga qarshi va’z o‘qishdan buyog‘iga o‘tmayapti. U Afg‘onistonni amalda boshqarayotgan “Tolibon” guruhini mamlakatni tark etishga chaqirib, aks holda 2001 yil dekabr oyida Dashti-Laylida unga sodiq kuchlar tomonidan o‘ldirilgan 2000 nafargacha “Tolibon” askarining taqdiri yana takrorlanishi mumkinligini ta’kidladi.

“Ertaga yana bizni ayblab, “Dashti-Laylida nima bo‘ldi?”, demasinlar. Hozir na Tramp, na Putin va na Afg‘oniston qo‘shnilari “Tolibon”ga ishonyapti. Xalq ishonchi komil bo‘lsin – “Tolibon” qanday kelgan bo‘lsa, shunday ketadi. Bu hazil emas”, degan u. 

Ma’lumki, 2001 yilda “Tolibon”ning birinchi hukmronligi tugashi arafasida, ularning katta guruhi Juzjon viloyatidagi Shibirg‘on shahri yaqinida joylashgan Dashti-Laylida havo o‘tkazmaydigan metall idishlarda o‘qqa tutilgan yoki bo‘g‘ib o‘ldirilgan va ommaviy qabrlarga ko‘milgan. 2021 yilda “Tolibon” yana hokimiyatga kelgach, qurbonlar yotgan ommaviy qabrlar atrofiga devor qurib, maqbara barpo etdi. 

2025 yilning noyabr oyiga kelib “Tolibon” mamlakatdagi o‘zbeklarga qarshi navbatdagi kampaniyani boshladi. Turkiy xalqlar eng zich yashagan, aholining yarmidan ortig‘ini o‘zbeklar tashkil qiluvchi Juzjonda universitet peshtoqlaridan arab alifbosiga asoslangan o‘zbek tilidagi yozuv qo‘porib tashlandi. Bu holat keng noroziliklarga sabab bo‘lib, bir muddat o‘tgach, “Tolibon” rasmiylari o‘zbek tilini qayta kiritishga majbur bo‘ldi.

Endi esa, joriy yilning 2 yanvar kuni mamlakatning o‘zbeklar eng ko‘p yashovchi shimolida joylashgan Samangan universiteti peshtoqidan o‘zbek tilidagi yozuv olib tashlandi. “Tolibon” taxminan to‘rt kun avval eski lavhani olib tashlab, o‘zbek tilini chiqarib tashlagan holda qayta o‘rnatgan. 

Marshal Abdulrashid Do‘stum Samangan universiteti lavhasidan o‘zbek tilining olib tashlanishini “Tolibon”ning o‘zbek tili va madaniyatiga qarshi ochiq dushmanlik harakati deb baholadi va hech bir kuch bu tilni mamlakatning madaniy va ijtimoiy tuzilishidan olib tashlay olmasligini aytdi. 

Faryob viloyatining sobiq hokimi Naqibullo Foiq esa bu holatni “qabilachilikka asoslangan” deb baholab, bunday harakatlar mamlakatda etnik va tilga oid adovatni kuchaytirishini aytgan. Samangan oliy ta’lim muassasasining eski peshtoqi haqida so‘z yuritar ekan, universitet o‘qituvchisi Muhibullo Muhib muassasa universitet maqomini olganidan so‘ng, “Tolibon”ning oliy ta’lim vazirligi buyrug‘i bilan lavha o‘zgartirilganini yozgan. Uning ta’kidlashicha, vazirlikning rasmiy xatiga asosan, peshtoqda o‘zbek tilini kiritish taklifi qabul qilinmagan. Avvalgi lavha to‘rt tilda – pushtu, fors, o‘zbek va ingliz tillarida bo‘lgan.

So‘nggi to‘rt yildan ortiq vaqt davomida “Tolibon” bir necha bor o‘zbek va turkman tillarini cheklash hamda bu tillarda so‘zlashuvchilarga bosim o‘tkazishda ayblanib kelmoqda. Shu davrda davlat idoralaridagi o‘zbekcha lavhalar olib tashlangan, shuningdek, turkiyzabon shoir va adiblarga oid yodgorlik va tasvirlar ham vandalizmga uchragan. 

Agar bunday holat rus tili bilan sodir bo‘lsa, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi voizi Mariya Zaxarova “dunyoga o‘t qo‘yishini” bilamiz, xo‘sh, O‘zbekistonchi? QALAMPIR.UZ bilan suhbatlashgan Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Afg‘onistondagi vaziyatni doimiy ravishda va diqqat bilan kuzatib borilayotganini urg‘uladi. Unga ko‘ra, o‘zbek tiliga qo‘yilishi mumkin bo‘lgan har qanday cheklovlar jiddiy xavotir uyg‘otadi. 

“O‘zbek tilining qo‘llanishiga nisbatan ehtimoliy har qanday cheklovlar bizda tabiiy tashvish uyg‘otadi. Shu munosabat bilan Afg‘oniston tomoni bilan mazkur masalalar yuzasidan muntazam muloqot olib borilmoqda”, deydi u. 

Burxonovga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni o‘z navbatida o‘zbek tilidan foydalanishga nisbatan hech qanday cheklovlar joriy etilmaganini va kelgusida ham bunday choralar ko‘rilmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, ular O‘zbekiston Respublikasiga, o‘zbek tiliga va o‘zbek xalqiga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanliklarini ta’kidlamoqda.

Voqealardan bir necha kun o‘tib, kecha, 6 yanvar kuni “Tolibon” O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining mas’ul vakillari bilan bo‘lgan suhbatda Afg‘onistonning shimoliy hududlarida, jumladan Samangan universitetida o‘zbek tiliga nisbatan hech qanday cheklov joriy etilmasligini ma’lum qildi. 

Afg‘oniston rasmiylari o‘zbek tilidan foydalanishga cheklovlar yo‘qligini ta’kidlab, ta’lim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar yagona standart asosida tartibga solinayotganini bildirgan. Shuningdek, Samangan universitetida yozuvlar pushtu, dariy va o‘zbek tillarida berilishi belgilangan.

Qolaversa, joriy yildan Jouzjon davlat universitetida “O‘zbek tili va adabiyoti” magistratura yo‘nalishini ochish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Bugun gap faqat bir haykal yoki bir lavha haqida emas. Gap – butun bir xalqning xotirasi, tili, madaniyati va tarixiy o‘zligini saqlab qolish haqida ketmoqda. Chunki til yo‘qolsa, millat so‘nadi.

Agar Afg‘onistonda o‘zbek tiliga qaratilgan bu kabi harakatlar davom etsa, bu faqat bir etnik guruhga nisbatan emas, balki butun mintaqaning tarixiy va madaniy muvozanatiga nisbatan qatag‘on bo‘ladi. Bunday siyosat esa hech qachon barqarorlik olib kelmagan, keltirmaydi ham.

Amudaryo xalqlarni jo‘g‘rofiy jihatdan ayirgan bo‘lishi mumkin, ammo tarix, til va milliy xotirani hech qanday daryo, hech qanday rejim va hech qanday zo‘ravonlik ajrata olmaydi. Savol esa ochiq qolmoqda: agar boshqalar o‘z tili va madaniyatiga tajovuzni “qizil chiziq” deb bilsa, nega bizniki shunchaki kuzatuv darajasida qolib ketmoqda?

Ushbu materialni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
 


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Navoiy “Tolibon” Amudaryo Mozori Sharif Ahror Burxonov Abdulrashid Do'stum Janubiy Turkiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing