“O‘zing daydi bo‘lasan”. Toshkentda profilaktika inspektorlariga daydi topish buyurildi (video)
Jamiyat
−
06 aprel 17955 2 daqiqa
Bugun, 6 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi xodimining profilaktika inspektorlariga daydi topib, bayonnoma rasmiylashtirishni buyurgani haqida audio va video tarqaldi.
“Profilaktika inspektorlari, men sizlarga yana qaytib aytyapman, yana bir marta aytyapman: daydi nol bo‘lib yotibdi, vijdonsiz. Daydi yo‘qmi Olmazor tumanida? Daydini qo‘yib yuboraverasanlar protokol yozib. Daydi qani hozir?”, deydi u.
Shuningdek, audioda xodimlar daydi bo‘lmasa qarindoshini daydi qilib ko‘rsatib, ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishi kerakligi aytilgan.
“Protokollar hamma narsadan nol bo‘lib yotibdi. Hamma yo‘nalishing nol: daydi nol, ma’muriy bayonnoma nol, ma’muriy nazorat nol. E, bu senlar nima o‘zingdan ketib qolganmisanlar, vijdonsiz? Bittang qani daydi qilmachi? Qarindoshingni olib borib yop, daydi qilib. O‘zing dayni bo‘lasan sen”, deydi u.
Shuningdek, xodim bir soat vaqt qolganini va protokollar sonini 500 taga chiqarish kerakligini aytgan.
“Profilaktika inspektorlari, bir soat vaqtimiz qoldi. Hozir hisob-kitob bo‘ladi. Men borishni xohlamayman. “Davay”, hozir gazlaymiz, 300 taga chiqdi. 200 ta protokolmiz qoldi. Chiq, hammang ko‘chaga. Chiq, bir soat vaqtimiz qoldi. Hammang chiq ko‘chaga. Mana yig‘ilish bo‘lyapti, gapirayapti, e’tiroz bo‘lib”, deydi u.
Bundan tashqari, yana bir videoda xodim ehtimol ma’muriy bayonnomani 300 ta qilishga va’da berganini aytgan.
“Profilaktika inspektorlari, mana hozir men va’da berdim. Soat 12:00 gacha 300 ta qilishim kerak. Hozir og‘ayni, bittang agar “parod” qilsang xafa bo‘lma. Hammang – “noch-poch”, hamma chiqsin hozir. Men o‘zim ham chiqaman, mana”, deydi u.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi munosabat bildirdi. Bildirilishicha, Olmazor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi boshlig‘ining xatti-harakatlari yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha qilinishicha, o‘tgan uch oy davomida Toshkent shahrida 283 ta daydi va 210 ta tilanchilik bilan shug‘ullangan shaxs aniqlanib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilgan.
“Shu bilan birga ma’lum qilamizki, mazkur yo‘nalishda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan har bir xodmga biror bir “plan” bajarish yuklatilmagan. Lekin ularning vazifasi jamoat tartibini buzayotgan shaxslarni aniqlash. Ommaviy axborot vositalaridan bu masalada ob’ektiv bo‘lishlarini va har qanday masalada o‘z vazifasini bajarib kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlaridan kamchilik qidirmasliklarini so‘rab qolamiz”, deyiladi munosabatda.
Live
Barchasi