“O‘ztest” markazi tugatiladi
Jamiyat
−
12 fevral 4020 3 daqiqa
“O‘ztest” markazini tugatiladi va Akkreditatsiya markazi Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev texnik tartibga solish sohasini xalqaro talablar asosida tubdan yangilash yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi to‘rt yilda milliy standartlarning yarmi xalqaro talablarga to‘liq uyg‘unlashtirilgan. Mamlakat akkreditatsiya tizimi 185 ta davlat orasida 29-o‘rinni egallagan. Milliy laboratoriyalar natijalari Germaniya, Koreya va Yaponiya kabi 37 ta davlat tomonidan tan olina boshlagan.
Shu bilan birga, xavf darajasi yuqori bo‘lgan 156 ta tovar pozitsiyasini majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bekor qilingan. Majburiy sertifikatdan o‘tadigan tovarlar pozitsiyasi 27 foizga qisqargan.
Bu tufayli sohada adolatli raqobat muhiti shakllangani, ortiqcha ovoragarchilik kamayganini tadbirkorlarning o‘zi ham tan olmoqda.
Shu bilan birga, sohada hali yechimini kutayotgan masalalar ko‘pligi ta’kidlangan. Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonida birinchi navbatda texnik tartibga solish tizimi to‘liq xalqaro talablarga mos bo‘lishi shartligi qayd etilgan.
Avvalo, mahsulotni baholashda korxona faoliyatini tekshirish amaliyoti tadbirkorlar noroziligiga sabab bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Amaldagi tartibga ko‘ra, talabga javob bermaydigan mahsulot aniqlanganda, uning aylanmasi emas, uni ishlab chiqargan tadbirkorning faoliyati cheklanmoqda.
Rivojlangan davlatlar tajribasida xavf-tahlilga asoslangan bozor nazorati tizimi amal qiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi mahsulot muvofiqligini deklaratsiyalash orqali barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi, sifat va xavfsizlikni kafolatlaydi.
Shu munosabat bilan mamlakatda davlat nazoratidan bosqichma-bosqich voz kechilib, bozor nazorati tamoyillariga o‘tiladi. Buning uchun “Bozor nazorati to‘g‘risida” alohida qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Eskirgan standartlar va samarasiz texnik reglamentlardan voz kechish va to‘liq xalqaro standartlarga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Hozirda 33 mingdan ortiq standart mavjud bo‘lib, ularning 50 foizi eskirgan yoki xalqaro talablarga mos emas.
Shu bois, 6 ta texnik reglament bekor qilinadi, 29 tasi qayta ko‘rib chiqiladi. Joriy yilda 4 ming 460 ta, kelgusi yilda 2,5 mingdan ziyod, 2028 yilda esa 817 ta xalqaro standartni qabul qilish maqsad qilingan.
2026 yil 1 iyuldan to‘qimachilik, charm, mebel, elektrotexnika, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, 2027 yildan boshlab neft-gaz, metallurgiya, transport, qurilish mahsulotlari, tibbiy buyumlar, 2028 yildan boshlab esa energetika, kimyo, ekologiya va xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni to‘liq xalqaro standartlar asosida tashkil etish rejalari ma’lum qilingan.
Sertifikatsiya jarayonini yanada soddalashtirish zarurligi qayd etilgan. Hozirgi murakkab tizim tannarx asossiz oshishiga, byurokratiya va korrupsiyaga sharoit yaratayotgani ko‘rsatib o‘tilgan. Xavf-tahlil asosida baholash tizimi joriy etilib, qolgan tovar pozitsiyalari bo‘yicha ham majburiy sertifikatlashni bekor qilish va bosqichma-bosqich deklaratsiyalashga o‘tkazish taklif qilingan.
Umuman, “Mahsulotning umumiy xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini qabul qilish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlangan.
Sohada institutsional o‘zgarishlar amalga oshiriladi. Texnik tartibga solish agentligi tarkibidagi tashkilotlar “O‘ztest” markazini tugatish va Akkreditatsiya markazini Vazirlar Mahkamasi bo‘ysunuviga o‘tkazish orqali 5 tadan 3 taga qisqartirilishi belgilangan.
“Sinov va sertifikatlash xizmatlarini to‘liq xususiy sektorga berish taklif qilindi. Ayni paytda xususiy sektorda barcha sohalarni qamrab olgan 207 ta sinov laboratoriyasi va 73 ta sertifikatlash idorasi faoliyat yuritmoqda. Sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish maqsadida Angliyaning “Intertek”, Shvetsiyaning “SGS” Fransiyaning “Bureau Veritas”, Germaniyaning “TÜV” kabi yetakchi xalqaro kompaniyalari jalb qilinadi”, deyiladi xabarda.
Taqdimotda “SUz” milliy muvofiqlik belgisini joriy etish, akkreditatsiya organining mustaqilligini ta’minlash, sinov laboratoriyalari faoliyatini raqamlashtirish, metrologiya tizimini isloh qilish hamda etalon bazasini kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqilgan.
Davlat rahbari bildirilgan taklif va tashabbuslar yuzasidan tadbirkorlarning fikr-mulohazalarini tinglagan hamda yangi tizimni joriy qilish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.
Live
Barchasi