Vens Knessetning G‘arbiy Sohil bo‘yicha qarorini siyosiy nayrang deb atadi
Olam
−
23 Oktabr 3622 2 daqiqa
Avvalroq, Isroil parlamenti – Knesset G‘arbiy Sohil hududidagi yahudiy aholi punktlariga Isroil suverenitetini tatbiq etish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini dastlabki o‘qishda ma’qullagani haqida xabar berilgandi. AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens mazkur qarorni “ahmoqona siyosiy nayrang” deb atadi. Bu haqda u bugun, 23 oktyabr kuni Isroildagi Ben Gurion aeroprtida Vashingtonga jo‘nashi oldidan jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Men shaxsan o‘zimni haqoratlanganday his qildim. Agar bu siyosiy nayrang bo‘lgan bo‘lsa, u holda juda ahmoqona. AQSH Isroilga G‘arbiy Sohilni anneksiya qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Biz bu ovoz berishdan mamnun emasmiz”, deydi u.
Qayd etish joiz, shu mavzuda AQSH Prezidenti Donald Tramp ham joriy yilning sentyabr oxirida o‘z pozitsiyasini bildirgandi. O‘shanda u Isroilga G‘arbiy Sohildagi hududlarni anneksiya qilmaslikni qat’iyan uqtirgan. Tramp bu masalani Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi doirasida muhokama qilganini ham ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 22 oktyabr kuni Knesset G‘arbiy Sohil bo‘yicha qonun loyihasini ma’qullab, shu bilan birga, G‘arbiy Sohildagi yirik yahudiy shaharchasi Maale-Adumimga ham Isroil suverenitetini tatbiq etish taklifini dastlabki o‘qishda qo‘llab-quvvatlagandi. Qonun loyihalari endi Knessetning Tashqi ishlar va Mudofaa bo‘yicha qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun yuboriladi va parlamentda yana uch marta ovozga qo‘yiladi.
“The Times of Israel” nashrining yozishicha, Netanyaxu bu ikki qonun loyihasining qabul qilinishiga yo‘l qo‘yishi ehtimoldan yiroq, chunki bu Tramp ma’muriyati bilan ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Live
Barchasi