“Venesuelaning muvaqqat prezidenti”. Tramp hazilomuz fotoni e’lon qildi
Olam
−
12 yanvar 6139 2 daqiqa
Kecha, 11 yanvar kuni AQSH yetakchisi Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga o‘zining rasmiy portreti va uning lavozimi yoziladigan pastki qismiga “Venesuelaning muvaqqat prezidenti” degan yozuv tushirilgan postni hazil tariqasida joylagan. Tramp, shuningdek, ushbu lavozimga 2026 yilning yanvar oyidan boshlab kirishganini ham qayd etgan.
Bundan tashqari, Tramp postda AQSHning 45- va 47-Prezidenti ekanini va bu lavozimni u 2025 yil 20 yanvarda egallaganini ham qayd etgan.

Ma’lumki, yil boshida AQSH Venesuelaga qarshi “keng ko‘lamli” harbiy operatsiyani amalga oshirgan va unda mamlakat rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olingandi. U rafiqasi Siliya Flores bilan birga Nyu-Yorkka olib borilgan va ularga “narkoterrorizm” bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.
Trampning aytishicha, AQSH Venesuelani xavfsiz, to‘g‘ri va oqilona o‘tish davri amalga oshirilmaguncha boshqaradi.
“Venesuelada venesuelaliklar manfaatini ko‘zlamaydigan boshqa bir shaxs hokimiyatni egallab olishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz”, degan Oq uy rahbari.
Ma’lumot uchun, o‘tgan hafta Venesuela vitse-prezidenti va neft vaziri Delsi Rodriges mamlakatning muvaqqat prezidenti sifatida rasman qasamyod qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Delsi Rodriges boshchiligidagi Venesuela muvaqqat hukumati AQSH bilan diplomatik aloqalarni kengaytirish imkoniyatlarini o‘rganishni boshlagani va shu doirada AQSH Davlat departamenti vakillari texnik hamda logistik baholash ishlarini olib borish uchun Karakasga tashrif buyurgani xabar berilgandi.
Live
Barchasi