Vuchich namoyishlar fonida saylov o‘tkazilishini ma’lum qildi

Olam

image

Kecha, 28 dekabr kuni namoyishchilarning talabini bajarish uchun Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich Milliy Assambleyaga (bir palatali parlament) navbatdan tashqari saylovlar 2026 yilda o‘tkazilishini ma’lum qildi. Prezident bayonoti mahalliy matbuotda yoritildi.

Parlament binosi oldida o‘z tarafdorlari qarshisida nutq so‘zlagan davlat rahbari rasmiylar namoyishchilarga yon berayotganini tan oldi. 

“Yaqin kelajakda, kelasi yili biz saylov uchastkalariga boramiz”, dedi Vuchich, biroq aniq sanani ma’lum qilmadi.

Shu bilan birga, Prezident hukmron koalitsiya navbatdan tashqari saylovlarda hal qiluvchi g‘alabaga erishishiga ishonch bildirdi. U yaqinda besh munitsipalitetda bo‘lib o‘tgan saylovlarda hokimiyat g‘alaba qozonganini eslatdi. Amaldagi parlamentning vakolat muddati esa 2027 yil dekabr oyida yakunlanadi.

Vuchich, shuningdek, Belgraddagi Milliy Assambleya oldida namoyishchilar tomonidan tashkil etilgan chodirlar shaharchasi 3–4 yanvargacha demontaj qilinib, uning o‘rnida Yangi yil bayram tadbirlari o‘tkazilishini ma’lum qildi. U yuzaga kelgan noroziliklarni “rangli inqilob” deb atab, uning muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidladi.

28 dekabr kuni Serbiyada namoyishchilar muddatidan oldin parlament saylovlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida butun mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli imzo yig‘ish kampaniyasini boshladi. Tashkilotchilar ma’lumotiga ko‘ra, imzolar 113 ta hududda to‘plangan.

Xabarlarga ko‘ra, Serbiya Prezidenti dekabr oyi o‘rtalarida ham muddatidan oldin saylovlar masalasiga to‘xtalib, “2026 yil oxiri” haqida gapirgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2024 yil 1 noyabr kuni Novi Sad shahridagi yaqinda ta’mirdan chiqarilgan temiryo‘l vokzalining tashqi beton qoplamasi qulab tushib, 6 yoshdan 74 yoshgacha bo‘lgan 16 kishi halok bo‘lgan edi. Ushbu fojiadan so‘ng qurilish vaziri lavozimida ishlagan Goran Vesich iste’foga chiqdi. Keyinchalik u va vokzalni rekonstruksiya qilishda ishtirok etgan yana 12 kishi hibsga olindi.

Mazkur hodisadan keyin Serbiyada 1996 yildan buyon eng yirik norozilik namoyishlari to‘lqini boshlandi. Namoyishchilar Novi Sad fojiasini korrupsiya, beparvolik, qurilish xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasligi hamda hukumat tepasidagi qarindosh-urug‘chilik bilan bog‘lamoqda.

Joriy yil yanvar oyida Serbiya Bosh vaziri va Novi Sadning sobiq meri Milosh Vuchevich norozilik namoyishlari fonida iste’foga chiqdi. Mamlakat parlamenti mart oyida ushbu qarorni tasdiqladi. Prezident Aleksandr Vuchich tomonidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan tibbiyot professori Juro Matsut yangi hukumat rahbari etib tayinlandi.

Keyinchalik u “demokratik mamlakatlar har safar norozilik namoyishlari kuchayganida saylov taqvimini o‘zgartira olmaydi, chunki bu fuqarolarning o‘ziga zarar yetkazadi”, deya bayonot bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainada saylov o‘tkazish uchun pul yo‘qligi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Vuchich saylov Parlament Serbiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing