Zelenskiy ketishidan oldin “bir ish qilib ketmoqchi”, AQSH barcha generallarini bir joyga to‘plamoqda, Gustavo Petrodan Trampga qarshi “Kastrocha” nutq, Erdo‘g‘an 5 yillik muammoni hal qilib qaytdi – Weekend
Tahlil
−
28 Sentabr 19796 11 daqiqa
Zelenskiy nihoyat qachon ketishini aytdi. Rossiya bosqini tugaydi va u ketadi. Ammo Ukrainaning amaldagi Prezidenti ketishdan oldin Moskvani nishonga olib ketmoqchi.
Tramp huzuridan qurollar masalasida faqat Zelenskiy xushxabar bilan chiqqani yo‘q. Erdo‘g‘anda ham yaxshi yangiliklar bor.
AQSH butun dunyodagi barcha yuqori martabali harbiylarini yig‘moqda. Bu xavotirli emasigi aytilsada, Qo‘shma Shtatlar ayni damda Venesuela bilan urush yoqasida turganini unutmaslik lozim.
Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro BMT tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Uning Assambleyadagi nutqi ham Nyu-Yorkda qilgan namoyishlari ham ancha ulug‘vor ko‘rinish oldi.
Ortda qolgan hafta davomida dunyoda ro‘y bergan muhim voqea hodisalar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZ’ning Weekend dasturida tanishing.
Erdo‘g‘an Tramp huzuridan quruq qaytmadi
BMT sessiyasi doirasida eng katta uchrashuv bu Tramp va Erdo‘g‘an o‘rtasida kechgan muzokaralar bo‘ldi. 25 sentyabr kuni Donald Tramp Oq uyda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni qarshi oldi. Bu uchrashuv Vashington va Anqara o‘rtasidan ancha yillardan buyon yig‘ilib qolgan ko‘plab tushunmovchiliklarga chek qo‘yishi kerak edi. AQSH Turkiyaga sotishni istamagan ilg‘or qiruvchi samolyotlar va Turkiya NATO a’zosi bo‘lishiga qaramay, Rossiyadan havo mudofaa tizimi sotib olgani kabi ziddiyatli masalalar muhokama markazida bo‘lganlik ehtimoli yuqori. Oq uydagi uchrashuv paytida Tramp Erdo‘g‘anni “juda qattiqqo‘l va hurmat qilinadigan odam” deb atadi. Tramp Erdo‘g‘an u bilan do‘st bo‘lib qolayotganini, avvalgi prezident Jo Bayden davrida esa ikki mamlakat orasidagi munosabatlar ancha sovuq bo‘lganini ham esladi. Shuningdek, AQSH yetakchisi Turkiyaga F-35 sotish bo‘yicha kelishuvga oz qolganiga ishora qildi. Chunki Tramp bu borada Turkiyaga qo‘yilgan sanksiyalar “agar uchrashuv yaxshi o‘tsa, darhol” bekor qilinishini aytdi. AQSH Prezidenti ikki soatlik uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga bergan bayonotida suhbat “juda samarali” bo‘lganini aytdi, biroq batafsil tafsilotlarni ochiqlashdan tiyildi va bu boradagi barcha ma’lumotlar yaqin orada e’lon qilinishini bildirdi.
Ko‘plab nashrlar Tramp uchrashuvda boshqa qudratli davlatlarga qo‘yayotgan talabi singari Erdo‘g‘andan ham Rossiyadan neft sotib olishni to‘xtatishni so‘ragani haqida yozdi. Ammo keyinchalik Oq uyda jurnalistlar bilan uchrashuvda AQSH rahbari bu masala haqida gapirishni xohlamagani, ammo agar u Erdo‘g‘andan buni so‘rasa, Turkiya Rossiyadan neft sotib olmasligiga ishonishini aytdi.
Bundan tashqari, muzokaralarning markazida turgan masala, ya’ni F-35 qiruvchi samolyotlarini xarid qilish uchun Turkiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni yechish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tilgan. Tanqidchilari tomonidan tobora avtoritar rahbarlar sifatida ko‘rilayotgan Tramp va Erdo‘g‘an ilgari murakkab munosabatlarga ega bo‘lgan. Ammo Trampning qayta hokimiyatga kelishidan so‘ng ularning manfaatlari Suriya masalasida mos tushmoqda – bu ilgari ikki davlat munosabatlaridagi eng katta qarama-qarshilik manbai edi. Endi esa AQSH va Turkiya markaziy hukumatni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Aslida esa Turkiyaga qiruvchi samolyotlar sotish bo‘yicha cheklovlar 2020 yilda aynan Trampning o‘zi tomonidan joriy qilingandi. Bunga esa Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit raketasini xarid qilgani sabab bo‘lgan. Mazkur uchrashuvda esa mudofaa sanoati masalalari, jumladan, F-35 lar, shuningdek, Turkiya sotib olishni istayotgan 40 ta F-16 samolyoti, mintaqaviy urushlar, energetika va savdo masalalari muhokama qilingan. NATOdagi ikkinchi yirik armiyaga ega Turkiya Yaqin Sharq, Sharqiy O‘rtayer dengizi va Qora dengizda – Rossiya va Ukraina bilan qo‘shni bo‘lgan hududlarda kuchayib borayotgan xavf-xatarlarga qarshi havo qudratini oshirishni maqsad qilmoqda.
Pentagon o‘z generallarini bir joyga to‘plamoqda
AQSHda yilning eng yirik siyosiy tadbiri bo‘lib o‘tayotgan bir paytda Pentagon dunyo bo‘ylab tarqalib ketgan yuzlab amerikalik generallar va admirallarga zudlik bilan AQSHga qaytishni buyurdi. “The Washington Post” xabariga ko‘ra, Pit Hegset ularni Virjiniyadagi AQSH dengiz piyodalari bazasiga chaqirgan. Qayd etilishicha, bu vahimali narsa emas va AQSH bu orqali biror harbiy missiyaga tayyorlanmayapti. Shunchaki turli uzoqliklardagi harbiy liderlar minglab kilometrlarni Hegsetning qisqa nutqini tinglash uchungina bosib o‘tadi. Nutq esa harbiy standartlar va “jangovar ruh” haqida bo‘lishi kutilmoqda. Ammo butun dunyoning turli nuqtalaridan keladigan yuqori lavozimli zobitlar bu chaqiruvdan hayratga va xavotirga tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Negaki, Virjiniyadagi bazaga barcha yirik lavozimdagi harbiylar – brigada generali va kontr-admiraldan yuqori unvonga ega bo‘lgan komandirlar, shuningdek, ularning katta maslahatchilari ham kelishi kerakligi aytildi. Hozirda AQSHning o‘zida va o‘nlab davlatlarda qariyb 800 nafar general va admirallar faoliyat yuritadi.
CNN xabariga ko‘ra esa, yig‘ilishda Hegset Mudofaa vazirligini Urush vazirligiga aylantirish, askarlar uchun yangi standartlar belgilash va yangi qurolli kuchlarning qiyofasini namoyish qilish rejasini tushuntiradi. Oq uy vakili buni “kuch namoyishi” deb atagan. Uchrashuv “ruhlantiruvchi miting” tarzida o‘tishi kutilmoqda. Unda jangovar ruh, jangovar tayyorgarlik, jismoniy vaboshqa talablar bo‘yicha yangi me’yorlar taqdim etiladi. Pentagon vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu “otlarni otxonaga haydab, ularni intizomga keltirish”ga o‘xshash bo‘ladi. Hegset esa yulduzli epaulet kiygan zobitlarni o‘z safida ko‘rishni istaydi, aks holda ularning karerasi xavf ostida qolishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqchi ham. Yuqorida aytilganidek, bu bilan AQSH nimanidir boshlamoqchi emasdek. Chunki Prezident Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bu uchrashuvni oddiy voqea sifatida baholab, zarurat bo‘lsa, o‘zlari ham qatnashishini bildirgan.
Ammo degan joyi bor. Petagonning bu yig‘ilishida yaxshigina xavotirlar mavjud. Sababi AQSH hozir mutlaqo tinch tashqi siyosatga ega emas. Tramp Venesuela bilan urush yoqasida turibdi. Shu kungacha AQSH Venesuelaga tegishli bo‘lgan bir nechta kema va qayiqlarni cho‘ktirib yubordi. Ayrim manbalar esa endilikda Qo‘shma Shtatlar Venesuelaning o‘ziga zarba berishni muhokama qilayotgani va hatto bu uchun tayyorgarlik boshlangani haqida bong urmoqda. AQSH bu harakatlarini Trampning giyohvandlikka qarshi kurashish kampaniyasining bir qismi sifatida izohlaydi. Ammo AQSH Venesuelaga qo‘llayotgan ssenariysini o‘tmishda qayerlarda qo‘llagani butun dunyoga ma’lum. Eng achnarlisi esa o‘sha davlatlarda nimanidir yo‘q qilish uchun kirib keladigan AQSH askarlari u yerda o‘sha narsani topa olmagach, shunchaki uzr so‘rab ketishadi, lekin o‘z ortidan vayronalar, dod-faryod, ochlik, tashnalik va minglab yetim qolgan bolalarni qoldirib ketadi.
BMTdagi tarixiy nutq
Ijtimoiy tarmoqlarda BMT Bosh Assambleyasi sessiyalarida turli tarixiy nutqlarga guvoh bo‘lasiz. O‘tgan va joriy asr liderlari o‘zini bu minbarda o‘z xarizmasiga muvofiq tutgan holda umrboqiy kadrlarning paydo bo‘lishiga sababchi bo‘lgan. Kimdir so‘zlar, bilan yana kimlardir turli harakatlar bilan. Bu yilgi 80-sessiyada ham shunday nutqlar qatoriga qo‘shiladigan yana bir tarix yaratildi. Maydon markazida Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro. O‘zi so‘nggi paytlarda Lotin Amerikalik motodor siyosatchilar Tramp uchun jiddiy muammoga aylangan. Nikolas Maduro, Lula Da Silva va Gustavo Petro AQSHga Tramp kelganidan buyon Vashington bilan ularning munosbatlari keskin taranglashib ketdi. AQSH bularning bazilari, xususan Kolumbiya bilan ittifoqchi hisoblanadi. Biroq Trampda ittifoqchilik nima, strategik sheriklik nimani anglatadi, degan tushunchalar borligiga shubha qilsak arziydi. Negaki unda siyosiy qadriyatning o‘zi yo‘q. Shu bois u hokimiyatga kelganidan beri AQSHning nafaqat Kolumbiya bilan, balki boshqa shunday darajadagi hamkorlari bilan ham munosabatlari sovuqlashdi.
Petro esa 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida va Nyu-Yorkda qilgan ko‘cha chiqishlarida tarixga o‘z nomini mixlab ketdi. U Assableyadagi nutqida AQSH amaldorlari va Prezidentiga nisbatan Karib havzasida operatsiya o‘tkazayotgani sababli jinoiy ish qo‘zg‘atish zaruligini aytdi. Barchaga ma’lum, AQSH bunday kampaniyani so‘nggi kunlarga Venesuela mulklariga nisbatan olib bormoqda va ularni daxshatli tarzda suvga g‘arq qilyapti. Gustavo Petro shu bois Amerika yetakchisini Karib dengizida suzayotgan kemalarga zarba berishga buyruq berganlikda aybladi. Unga ko‘ra, o‘sha paytda kemalarda “faqatgina kambag‘allikdan qochishni istagan yoshlar” bo‘lgan. O‘z nutqini “men bu yerda Prezident sifatida so‘nggi bor turishim” deb boshlagan Petro chiqishining qolgan qismida Trampni “yondirdi”. U AQSH rahbari iqlim o‘zgarishi, genotsid va dunyoda qaror topgan boshqa muammolar haqida gapirmagani, faqat tahdid va odam o‘ldirish bilan qo‘rqitish haqida nutq so‘zlaganini tanqid qildi. Petro dunyo faqat AQSH va Isroildan iborat emasligini bildirdi.
Ha, AQSHga kelib, AQSH Prezidentini shu tarzda qaqshatqich tanqid qilish aynan Karib havzasi, Lotin Amerikasi liderlariga xos va ba’zi arab liderlarini hisobga olmaganda, har doim shunday bo‘lib kelgan.
Ammo Petro bu bilan cheklaib qolmadi. U Nyu-York ko‘chalarida bir davlat Prezidenti sifatida Falastinni qo‘llab-quvvatlab, namoyish o‘tkazdi. Bunisini hech kim kutmagandi. Petro AQSH vizasidan mahrum bo‘lishini bilib, shunday qildi. U AQSHdagi Falastin tarafdorlari bilan uchrashib, o‘z ona tilida nutq so‘zladi. U, shuningdek, AQSH harbiylarini Trampning buyrug‘iga bo‘ysunmaslikka chaqirdi. Uning shu so‘zlari keyinchalik AQSH Davlat departamenti uchun Petroning vizasini bekor qilish uchun asos bo‘ldi.
“Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro Nyu-York ko‘chalariga chiqib, amerikalik askarlarni buyruqlarga bo‘ysunmaslikka va zo‘ravonlikka undashga chaqirdi. Biz Petroning vizasini uning o‘ylamay qilingan va nizo qo‘zg‘atuvchi harakatlari munosabati bilan bekor qilamiz”, deyiladi bayonotda.
Buning ortidan Gustavo BMT shtab-kvartirasini Nyu-Yorkdan ko‘chirishni taklif qildi. U o‘zining bu bayonotida hatto joriy yildagi sessiya uchun ham viza berilmagan Mahmud Abbosni misol qilib keltirdi.
“Assambleyada qatnashayotgan Prezidentlar to‘liq immunitetdan foydalanadi. Falastin rasmiylariga kirish ruxsat etilmagani va mening vizam AQSH hamda Isroil armiyasini butun insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lgan genotsidni qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirganim uchun bekor qilingani AQSH hukumati xalqaro huquq me’yorlariga amal qilmayotganidan dalolat beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining shtab-kvartirasi Nyu-Yorkda qolmasligi kerak”, deb yozdi Petro.
Petro, shuningdek, unga viza emas, balki faqat AQSHga qisqa muddatli safarlar uchun onlayn tarzda ruxsat olish tizimi kerakligini, chunki u nafaqat Kolumbiya, balki Yevropa fuqarosi ham ekanini bildirgan.
Ha, BMT shtab-kvartirasi AQSHda qolar ekan, unda qatnashish va nutq so‘zlash borasida hali-hanuz adolat bo‘lmaydi.
Zelenskiy ketishdan oldin Moskvaga zarba bermoqchi
“Telegraph” nashri Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkda Donald Tramp bilan yopiq uchrashuvda Moskvadagi nishonlarni urish imkonini beruvchi Tomahawk raketalarini so‘ragani haqida yozdi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Oq uy rahbariga yuqori texnologiyali qurollar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tqazishga yordam berishini aytgan. Bir necha manbalarga ko‘ra, Ukraina rahbarining bu iltimosini Tramp ijobiy qabul qilgan. Uchrashuvdan keyin bergan intervyusida esa Zelenskiyning o‘zi ham Tramp uzoq masofali qanotli raketalarni taqdim etish haqidagi iltimosiga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lganini tasdiqladi. Ammo Tomahawk raketalarining Kiyevga berilishi amalga oshadimi yoki yo‘q, bu hali rasman aniq emas. Bordi-yu u berilsa, Moskva xavf ostida qolishi aniq. Chunki ushbu qanotli raketalar 1250 dan 2500 kilometrgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tadi. Ular dushmanning chuqur orqa qismiga uzoq masofadan yuqori aniqlikda zarba berish uchun asosiy vosita hisoblanadi. Shu paytgacha AQSH Rossiya bilan urush yoqasiga kelib qolmaslik va vaziyat izdan chiqib ketishini oldini olish maqsadida bunday raketalarni Ukrainaga berishdan bosh tortib keldi.
Endi esa mazkur kuchli vosita Kiyevga berilishi kun tartibida turganining o‘zi ham yurish boshlanganining belgisi sifatida ko‘rilishi mumkin. G‘arb Ukraina ularni Rossiya agressiyasidan qutqarib turgan qalqon ekanini yaxshi anglab turibdi. Boz ustiga, Tomahawk haqida gap-so‘zlar boshlanishi bilan Lukashenko Putin nomidan Zelenskiy bilan gaplashmoqchi. Umuman olganda belaruslik Lukashenko Putin gaplasha olmaydigan yoki gaplashishni istamaydiganlar bilan uning o‘rniga muloqot qilish vositasiga aylangan. 2 yil oldin Prigojin isyonini ham aynan u bostirgandi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlariga Isroil tomonidan yetkazilgan Patriot havo hujumidan mudofaa tizimi joylashtirilganini ma’lum qildi. Zelenskiy shuningdek, matbuot anjumanida agar Rossiya Ukrainani elektrsiz qoldirishga urinsa, Kiyev Rossiya energetika ob’ektlariga javob zarbalari berishi haqida ogohlantirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “madaniyatli davlatlar hech qachon birinchi bo‘lib hujum qilmaydi va tajovuzkor bo‘lmaydi, biroq bu ularning kuchsizligini anglatmaydi”.
Patriot – bu AQSHning Raytheon kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan o‘rta masofali zenit-raketa majmuasi bo‘lib, u samolyotlar, qanotli va ballistik raketalarni urib tushirish uchun xizmat qiladi. Kompleks tarkibiga boshqaruv punkti, radar, yo‘naltirish stansiyalari va uchirish qurilmalari kiradi.
Zelenskiyning prezidentlikdan ketish masalasiga to‘xtalsak, u buni o‘zi tasdiqladi va davlat rahbari postida qolish uning asosiy maqsadi emasligini ta’kidladi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan urush tugaganidan keyin prezidentlik lavozimini tark etishga tayyorligini hamda o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga erishilsa, Ukrainada saylovlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishini bildirdi.
“Urush tugagach, o‘z ishingizni tugallangan deb hisoblaysizmi?”, degan savolga Zelenskiy “mening maqsadim – saylovda qatnashishni davom ettirish emas, urushni tugatish”, deb javob berdi.
Zelenskiy shu nuqtada Putinga yaxshigina signal berdi. U agar Rossiya urushni tugatmasa, uning rasmiylari “eng yaqin bomba boshpanasi qayerda ekanligini bilishlari kerak”ligini aytdi. Uning bu gaplari Trampni Moskvagacha yetib boradigan qanotli raketalarni berishga ko‘ndirganidan dalolat edi. Uning ta’kidlashicha, Ukraina tinch aholini bombalamaydi. Biroq, u Rossiya kuch markazlari, jumladan, Kreml ham zarba zonasida bo‘lishi mumkinligini ochiq oydin aytdi.
“Ular bomba boshpanalari qayerda ekanligini bilishlari kerak. Agar ular urushni to‘xtatmasa, bu baribir ularga kerak bo‘ladi. Biz Ukrainada har kuni javob berishimizni tushunishlari kerak. Agar bizga hujum qilsalar, javob beramiz”, deydi Zelenskiy.
Live
Barchasi