Yangi haydovchilar uchun bir yillik guvohnoma beriladi. Qirg‘izistonda!

Olam

image

Bugun, 18 fevral kuni e’lon qilingan Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasiga ko‘ra, endilikda haydovchilik maktabini tamomlagan fuqarolar darhol doimiy haydovchilik guvohnomasini ololmaydi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi. 

Buning o‘rniga ularga bir yil muddatga amal qiladigan vaqtinchalik milliy haydovchilik guvohnomasi beriladi. Loyihada aytilishicha, haydovchilik kurslarining standart muddati 10 oy etib belgilangan. Ammo, o‘quvchi yuqori natijalar ko‘rsatsa, kamida 4 oy o‘qigach, imtihonlarni muddatidan oldin topshirish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘qish muddati qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bitiruvchilar avval bir yillik vaqtinchalik guvohnoma oladi. Ushbu hujjat faqat Qirg‘iziston hududida amal qiladi.

Doimiy haydovchilik guvohnomasini olish uchun haydovchi bir yil davomida yo‘l harakati qoidalarini buzmasligi kerak. Agar u bir yil ichida uch yoki undan ortiq qoidabuzarlik sodir etsa yoki yo‘l-transport hodisasiga sababchi bo‘lsa, vaqtinchalik guvohnoma bekor qilinadi. Bunday holatda haydovchi yana 6 oy davomida haydovchilik maktabida majburiy qayta tayyorlovdan o‘tadi.

Sinov muddatini muvaffaqiyatli o‘tagan haydovchilar esa doimiy milliy haydovchilik guvohnomasini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Loyiha mualliflariga ko‘ra, bu choralar tajribasiz haydovchilar sababli yuz berayotgan yo‘l-transport hodisalarini kamaytirishga qaratilgan. Yangi tizim haydovchilikka bosqichma-bosqich moslashish imkonini beradi.

Qaror loyihasi 27 fevralgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq haydovchilik guvohnomasi uchun avtomaktablarda o‘qish shartligi bekor qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi Qirg'iziston haydovchilik guvohnomasi loyiha

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing