Yaponiya OFKni tark etishi mumkin
Sport
−
18 Oktabr 2025 19488 1 daqiqa
Yaponiya futbol assotsiatsiyasi (JFA) Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK)dan chiqish masalasini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Yaponiya o‘zi mustaqil Sharqiy Osiyo futbol federatsiyasini tuzish niyatida. Bu haqda “Japan football news” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Yaponiyaning bunday keskin harakatiga OFKning so‘nggi yillarda arab mamlakatlari manfaatlari uchun ko‘p qarorlar chiqarayotgani sabab bo‘lgani va korrupsiya holatlari keltirilmoqda. Shu bois, Yaponiya yangi Sharqiy Osiyo futbol federatsiyasini (East Asian Football Federation) tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.
Hozircha JFA bu masalada rasmiy bayonot bermagan, biroq ichki muhokamalar davom etayotgani xabar qilinmoqda. Shuningdek, yangi federatsiyaga Janubiy Koreya, Xitoy, Avstraliya, Singapur, Vetnam, Tailand va Indoneziya kabi mamlakatlar ham qiziqish bildirgani aytiladi. Hatto Iroq ham Yaponiya tashabbusi bilan tuzilayotgan yangi konfederatsiya safiga qo‘shilishi mumkinligi ma’lum qilingan.
Ma’lumot uchun, OFK Jahon chempionati saralashining so‘nggi bosqichi doirasidagi uchrashuvlarni Qatar va Saudiya Arabistonida markazlashgan tarzda tashkil etdi. Yakunda esa aynan ushbu ikki mezbon mamlakat Qatar va Saudiya Arabistoni milliy terma jamoalari mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya milliy terma jamoasi o‘z tarixida birinchi bor Braziliya terma jamoasini mag‘lubiyatga uchratgan edi.
Live
Barchasi