Yaponiya O‘zbekiston bilan harbiy masalalar bo‘yicha alohida rejani ko‘rib chiqmoqchi
Olam
−
29 avgust 3998 2 daqiqa
Yaponiya O‘zbekiston bilan mudofaa, xavfsizlik va harbiy masalalar bo‘yicha hamkorlikning mumkin bo‘lgan variantlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivayaning Matbuot kotibi Kitamura Toshixiro Toshkentda tor doirada o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.
26-27 avgust kunlari Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya O‘zbekistonga tashrifni amalga oshirdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi, mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kelgusida rejalangan tadbirlar, xususan 5+1 formatidagi Markaziy Osiyo – Yaponiya sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Ayni vaqtda O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlikni strategik darajaga ko‘tarish ustida ishlamoqda. Yaponiya Tashqi ishlar vazirining O‘zbekistonga tashrifi doirasida Baxtiyor Saidov bilan 16 banddan iborat qo‘shma bayonot qabul qilindi va unda oliy darajadagi muloqot Tashqi ishlar vazirlari darajasida strategik darajaga ko‘tarilgani e’tirof etildi. Xo‘sh, bu kelgusida harbiy yo‘nalishdagi hamkorlikni ham anglatadimi? Yaponiya mudofaa va xavfsizlik masalasida O‘zbekiston bilan qanday maqsadlarni ko‘zlayapti? QALAMPIR.UZ muxbiri ushbu savol bilan Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Kitamura Toshixiroga yuzlandi.
“Ikkinchi jahon urushidan beri biz tashqi siyosatimizni tinchlik prinsipiga asoslab amalga oshiryapmiz. Lekin hozirgi Sharqiy Osiyodagi taranglik (Shimoliy Koreya raketa dasturi, Xitoyning mintaqada gegemonlikka initilishi) bu siyosatimizni qayta ko‘rib chiqishimiz kerakligini ko‘rsatyapti. Bu borada biz Yevropa, AQSH va Osiyodagi hamkorlarimiz bilan yakdilmiz. Hozirda biz Buyuk Britaniya va Norvegiya bilan dengizda harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz va hozircha O‘zbekiston bilan bu borada hamkorlik mamlakatning dengizdan uzoq bo‘lganligi tufayli imkonsiz, lekiz biz boshqa variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Avvalambor, bu borada biz muzokara olib borishimiz zarur.
Bundan tashqari, biz Italiya va Britaniya bilan reaktiv samolyotlarni ishlab chiqarish buyicha muzokara o‘tkazyapmiz. Lekin har bir harbiy hamkorlik muntazam ravishda ko‘rib chiqilishi kerak, deb uylaymiz. O‘zbekiston bilan ham bu borada hamkorlikni ko‘rib chiqish talab etiladi, buning uchun, eng avvalo aniq maqsadlaringizni bilishimiz kerak. Markaziy Osiyo va Yaponiya harbiy hamkorligi o‘zaro manfaatlarga mos keladimi yoki yo‘q, buni aniqlash kerak”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, ikki mamlakat vazirlari tomonidan qabul qilingan Qo‘shma bayonotda tomonlar terrorizm, ekstremizm, giyohvand moddalar savdosi, uyushgan jinoyatchilik hamda mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikka qilinishi mumkin bo‘lgan boshqa tahdidlarga qarshi birgalikda sa’y-harakatlarni amalga oshirish muhimligini e’tirof etgan.
Live
Barchasi