Yaponiya O‘zbekistonni boshqa davlatlarga qarshi gij-gijlaydimi?
Olam
−
28 avgust 10095 3 daqiqa
Yaponiya Markaziy Osiyoga nisbatan hech qanday bosim o‘tkazmaydi va bu mintaqada hech qanday harbiy manfaatni ko‘zlamagan. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivayaning Matbuot kotibi Kitamura Toshixiro Toshkentda tor doirada o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.
26-27 avgust kunlari Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Takeshi Ivaya O‘zbekistonga tashrifni amalga oshirdi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi, mavqedoshi Baxtiyor Saidov bilan uchrashuv o‘tkazdi. Kelgusida rejalangan tadbirlar, xususan 5+1 formatidagi Markaziy Osiyo – Yaponiya sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlar bilan 5+1 formatida ishtirokchi. Masalan, Markaziy Osiyo – AQSH, Markaziy Osiyo – Yaponiya, Markaziy Osiyo – Xitoy, Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi formati. Ammo ushbu formatlar Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston uchun og‘ir dilemmalarni yuzaga keltirayotgani ham bor gap. Joriy yilning 3-4 aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi birinchi sammitida qabul qilingan bayonotning 4-bandida barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga xalqaro va mintaqaviy doiradagi har qanday forumlarda hurmat ko‘rsatish, shuningdek, bu tamoyillarga zid harakatlardan tiyilish majburiyati olingan. Ushbu band esa Turkiy davlatlar tashkilotida a’zo va kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoning 4 davlati: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston uchun siyosiy muammolarni keltirib chiqardi. Boisi, ishtirokchi davlatlar sammit yakunida qabul qilingan hujjat bilan BMT Xavfsizlik Kengashining 541(1983) va 550(1984)-sonli rezolyutsiyalariga sodiqlikni yana bir bor tasdiqlagan. Ushbu ikki rezolyutsiya esa Shimoliy Kipr Turk Respublikasining mustaqilligini tan olmaslik va ushbu hudud bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslikni anglatadi. Biroq, SHKTR 2022 yilning noyabridan Turkiy davlatlar tashkiloti va 2023 yilning noyabridan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotida kuzatuvchi maqomiga ega va har ikki maqom unga O‘zbekistonda o‘tkazilgan sammitlarda taqdim etilgan. SHKTRni tan olmaslik va u bilan har qanday shaklda hamkorlik qilmaslik majburiyatini olgan davlat rahbarlari esa tan olinmagan SHTKR rahbari bilan eng kamida yilda ikki marta ushbu tashkilotlar sammitlarida uchrashishga va bir stol atrofida o‘tirishga, qolaversa, hujjatlarni birgalikda imzolashga majbur.
Xo‘sh, Yaponiya ham O‘zbekiston bilan muloqotni kengaytirish, Markaziy Osiyo mintaqasi bilan 5-1 formatida aloqalarni rivojlantirish orqali ularga Yaponiya tashqi siyosatini singdirishga, ushbu 5 mamlakat oldiga iqtisodiy hamkorlik niqobi bilan o‘z talablarini qo‘yishga urinadimi? Ushbu savol bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Yaponiyadan kelgan diplomatga yuzlandi.
“Diplomat sifatida boshqa davlatlarning tashqi aloqalar, ayniqsa, O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi munosabatlar masalasida hech nima deyolmayman. Hech bir tashkilot yoki davlat 5+1 sammitlarini raqobat sifatida qabul qilmasligi kerak. Yaponiya birinchi bo‘lib 5+1 sammitini o‘rtaga qo‘ygan. Bizning sammitdan asosiy maqsadimiz mintaqa davlatlari bilan o‘zaro aloqalarni kuchaytirish. Biz hech qachon O‘zbekistonni Yaponiya tanlagan tashqi siyosat yo‘lidan borishga majburlamoqchi emasmiz. Biz o‘z pozitsiyamizni faqatgina yumshoq yo‘l bilan bildiramiz va uni boshqalarga singdirishga intilmaymiz. Hech qachon ikkala tomonga zarar beradigan masalalarni o‘rtaga qo‘ymaymiz. Aytishim kerakki, Yaponiya hali ham iqtisodiy tomondan superkuchga ega mamlakat hisoblanadi. Bizni O‘zbekistonga faqat iqtisodiy masalalar yetaklab keldi, boshqa yirik davlatlarga nisbatan superkuch maqomi emas. Bizni iqtisodiy hamkor sifatida qabul qilishingizni xohlardik. Bizning bu mintaqada hech qanday harbiy manfaatlarimiz yo‘q va bu masalalar biz uchun dolzarb emas. Asosiy maqsadimiz Yaponiya kompaniyalarining mintaqadagi manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan”, deydi Kitamura Toshixiro.
Eslatib o‘tamiz, Yaponiya tashqi idorasi vakili Yaponiya Rossiyani bosqinchi davlat deb bilishda davom etishi, biroq Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekistonning Moskva bilan iliq munosabatlari Tokio bilan aloqalariga ta’sir o‘tkazimasligini aytgandi.
Live
Barchasi