Yaponiyada 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi (video)

Olam

image

Kecha, 8 dekabr kuni tungi vaqtda Yaponiyaning shimolida 7,5 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi va oqibatda 30 kishi turli darajadagi tan jarohatlarini oldi. Bu haqda mamlakat Bosh vaziri Sanae Takaichi jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Uning aytishicha, hozircha halok bo‘lganlar yoki bedarak yo‘qolganlar haqida ma’lumot yo‘q. 

“Odamlarning kundalik hayotini davom ettirishini istardik, ammo takroriy kuchli silkinishlar yuz bersa, darhol evakuatsiya qilishga tayyor bo‘lish zarur”, deya ogohlantirgan vazir. 

Uning ta’kidlashicha, bunday ehtiyotkorlik yaqin bir hafta davomida saqlanishi kerak bo‘ladi.

Zilzila 8 dekabrga o‘tar kechasi Yaponiyaning shimoliy Aomori prefekturasi sharqida sodir bo‘lgan. Epitsentr Tinch okeanida, o‘chog‘i 50 km chuqurlikda joylashgan. Avval mahalliy seysmologlar magnitudani 7,2 deb e’lon qilgan, keyin 7,6 ga ko‘targan, yakunda esa 7,5 darajasini tasdiqlagan.

Silkinishlardan so‘ng mamlakatning sharqiy va shimoli-sharqiy qirg‘oqlari uchun sunami xavfi e’lon qilindi. Aomori, Ivate va Xokkaydo prefekturalari qirg‘oqlariga 3 metr balandlikdagi to‘lqin kelishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Hozirga kelib barcha hududlar uchun sunami ogohlantiruvi bekor qilingan, qayd etilgan eng baland to‘lqin 70 sm bo‘lgan.

Shuningdek, zilzila sharqiy va shimoli-sharqiy hududlarda temiryo‘l harakatida uzilishlarga sabab bo‘lgan. Tezyurar poyezdlar harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan. 

Bu zilzila 2025 yil boshidan beri Yaponiyada qayd etilgan eng kuchli silkinish bo‘ldi. Bungacha eng kuchlisi 9 noyabr kuni Ivate prefekturasi sohillarida sodir bo‘lgan. U 6,8 magnitudali zilzila edi. O‘shanda kichik sunami kuzatilgan, ammo qurbonlar bo‘lmagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 dekabr kuni O‘zbekistonning bir qancha hududlarida zilzila sodir bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya zilzila Sanae Takaichi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing