“Yodda tutishimiz shart”. To‘qayev birinchi prezident haqida gapirdi
Olam
−
12 mart 11231 4 daqiqa
Bugun, 12 mart kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev barcha darajadagi deputatlar ishtirok etgan respublika forumida mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev haqida fikr bildirdi. Bu haqda Oqo‘rda xabar berdi.
To‘qayevning so‘zlariga ko‘ra, 1995 yilgi Konstitutsiyada asosiy e’tibor davlat hokimiyati asoslarini mustahkamlashga qaratilgan. Uning ta’kidlashicha, o‘sha davr sharoitida bu to‘g‘ri qaror bo‘lgan, chunki endigina mustaqillikka erishgan davlat qonunchilik jihatidan mustahkam poydevorga muhtoj edi.
“Hozir amal qilayotgan Konstitutsiyani hech qachon tanqid qilish mumkin emas. Bu asosiy qonun davlatchilikni shakllantirishda ijobiy rol o‘ynadi. Biz adolatli Qozog‘istonni barpo etmoqdamiz, shuning uchun Qozog‘iston Respublikasining birinchi prezidenti Nursulton Abishevich Nazarboyevning alohida tarixiy missiyasini yodda tutishimiz shart”, deydi To‘qayev.
Uning bildirishicha, bugungi jamiyat hayotida “inson davlat uchun emas, davlat inson uchun” tamoyili alohida ahamiyat kasb etmoqda va u Yangi Konstitutsiya matni orqali qizil chiziq kabi o‘tib boradi.
To‘qayevning aytishicha, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga bag‘ishlangan bo‘lim eng katta bo‘lim hisoblanadi – u 30 ta moddadan iborat. Bu Asosiy qonunning qariyb uchdan bir qismini tashkil etadi. Qiyos uchun, prezidentga bag‘ishlangan bo‘lim esa atigi 10 ta moddadan iborat.
Prezidentning fikricha, fuqarolar huquqlariga oid ko‘plab normalar mazmunan o‘ziga xos va yangi ma’nolarni ifoda etadi.
“Endilikda Asosiy qonun darajasida tarixiy, madaniy, oilaviy va ma’naviy qadriyatlarni asrashga tayyor ekanligimiz aks ettirildi. Bu xalqimizning ajralmas huquqi va bu huquqni hech kim – siyosatchilar, jamoat arboblari, xorijiy yoki mahalliy nodavlat tashkilotlar – shubha ostiga qo‘ya olmaydi va tanqid ham qilmasligi kerak”, deydi u.
Prezidentning aytishicha, fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi oilani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi, chunki sog‘lom oilalarda millatning yangi sifatlari va mas’uliyatli fuqarolik asoslari shakllanadi.
To‘qayevning ta’kidlashicha, davlatning eng muhim vazifasi – fuqarolarning tub manfaatlarini himoya qilish siyosati yuritishdir. Bu, uning fikricha, mamlakat suvereniteti va millatning farovon kelajagi bilan bog‘liq masaladir.
Shuningdek, Prezident Yangi Konstitutsiya loyihasi inson huquq va erkinliklarini mutlaq darajada himoya qilishni nazarda tutishini aytgan. Unda insonning tug‘ilishidan boshlab, boshlang‘ich va o‘rta ta’lim olishi, oila qurishi hamda voyaga yetgan farzandlarning mehnatga layoqatsiz ota-onalari oldidagi mas’uliyatigacha bo‘lgan masalalar qamrab olingan.
To‘qayevning ta’kidlashicha, Asosiy qonun loyihasi fuqarolarga nisbatan insonparvar munosabatning yorqin namunasidir. Ayrim normalar yaqin-yaqingacha ijtimoiy utopiyadek ko‘ringan.
“Agar amaldagi Konstitutsiyada fuqaro davlatga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarar haqida gapirilgan bo‘lsa, Yangi Konstitutsiyada davlatning insonga yetkazishi mumkin bo‘lgan zarari haqida norma kiritildi. Ya’ni, davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning noqonuniy harakatlari tufayli yetkazilgan zararni davlat qoplab berishi ko‘zda tutilmoqda”, deydi Prezident.
Uning fikricha, “Davlat Konstitutsiyasi inson Konstitutsiyasini buzmasligi kerak” degan aforizm Qozog‘istonda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid yangi yondashuvlarni to‘liq aks ettiradi.
To‘qayev so‘z yakunida qonun va tartib ustuvorligini davlat mafkurasi sifatida yana bir bor ta’kidlagan. Uning aytishicha, bu tamoyilni to‘liq anglamasdan va uni milliy mentalitetning muhim qismiga aylantirmasdan turib, qozoq davlatchiligini mustahkamlash haqida gapirish qiyin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonning yangi konstitutsiyasi loyihasida so‘z erkinligi va axborot tarqatish erkinligi boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, shuningdek, fuqarolarning sog‘lig‘iga daxl qilmasligi kerakligi belgilangani haqida xabar berilgan edi.
Kecha, 11 fevral kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 2026 yil 15 mart kuni mamlakatda yangi Konstitutsiya loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qozog‘iston Konstitutsiyasi matnining 84 foizi qayta yoziladi, tuzatishlar esa 77 ta moddani qamrab oladi.
Joriy yilning 20 yanvar kuni Qizilo‘rdada bo‘lib o‘tgan Milliy qurultoyning V yig‘ilishida Prezident To‘qayev mamlakat bir palatali parlament tizimiga qaytishi va u Qurultoy deb nomlanishi, vitse-prezident lavozimi tiklanishi, davlat maslahatchilari lavozimi tugatilishi, shuningdek, Konstitutsiyaga qator o‘zgartirishlar kiritilishini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi bugungacha 6 marta o‘zgargan va so‘nggi o‘zgarish 2022 yilda bo‘lgan edi.
Konstitutsiyaviy o‘zgarishlar:
1998 yilda – prezident va parlament deputatlarining vakolat muddatlari uzaytirildi. 2007 yil – proporsional saylov tizimiga o‘tildi va Birinchi Prezidentga cheksiz marta saylanish huquqi berildi. 2011 yil – muddatidan oldin prezidentlik saylovlarini o‘tkazish tartibi belgilandi. 2017 yil – ayrim prezidentlik vakolatlari parlament va hukumatga o‘tkazildi. 2019 yil – poytaxt nomi Nur-Sulton deb o‘zgartirilishi munosabati bilan tuzatish kiritildi. 2022 yil – umumxalq referendumi orqali Konstitutsiyaning uchdan bir qismi (33 ta modda) o‘zgartirildi. Prezidentlik muddati 7 yil – bir martalik etib belgilandi.