“Yoki ishlanglar, yoki joyni bo‘shatib qo‘yinglar!”. Farm kompaniya rahbari mutasaddi tashkilotlardan norozi bo‘lmoqda

Jamiyat

image

Kecha, 29 iyul kuni farmatsevtika, tibbiy asbob-uskunalar sanoati va savdosi sohasidagi tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda “Laxisam” farm kompaniyasi asoschisi Shavkat Ismoilov soha mutasaddilarini keskin tanqid qildi.

“1994 yildan beri farmatsevtika bozorida ishlaymiz. Oxirgi paytda shunaqangi qiyinchiliklar bo‘lyaptiki, bu to‘g‘risida gapirmasdan ilojimiz yo‘q. Biz gullab-yashnab ko‘p narsani tashkil qildik. Ammo so‘nggi besh-olti yildan beri farmatsevtika sohasida ko‘p korxonalar katta talofot ko‘ryapti.

Biz zavod qurib, 80 yillarda ishga tushirgan bo‘lsak, oxirgi besh yil ichida taqa-taq to‘xtab turibdi. Ilgari uch smenada 130 kishi ishlagan bo‘lsa, hozir 20 kishini majburan besh yildan beri ushlab turibmiz. Sababi, u yerdagi texnikalar agar bir-ikki kun ishlamasa, mikroblar ko‘payib, mahsulotlar yaroqsizga aylanib, tashlab yuborishga to‘g‘ri keladi”, deydi tadbirkor Shavkat Ismoilov.

Uning aytishicha, ro‘yxatdan o‘tkazishdagi qiyinchiliklar bunga sabab bo‘lmoqda.

“Besh yildan beri asbob-uskunalar turibdi, oylik, soliq to‘layapmiz, xodimlarni ushlab turibmiz. Natija – nol. Sababi, eng asosiy muammo – ro‘yxatdan o‘tkazish. Eskichasiga aytganda, “Farmkomitet”, “Farmprom” deymiz, bular butunlay befarq bu muammoga. “Farmprom” raisini men shu yerda hozir ko‘rib turibman. “Farmkomitet” raisini oldin ham ko‘rmaganman. Vaholanki, avval bular hammasi ishlab chiqaruvchining yonida bo‘lgan bo‘lsa, hozir ular alohida dunyo, biz alohida dunyodek.

Keling, ko‘ring tashkilotni. Ey, “stradayet, pomogite”, deydigan bo‘lsa-chi, kelmaydi ham, qaramaydi ham. Qanaqasiga farmatsevtika rivojlanishi mumkin? Men alohida bularga bo‘ladigan e’tirozim shundan iborat.

Farmatsevtika sohasini tashkil qilish juda mashaqqatki, buni qilgan odamlar biladi, lekin uni yo‘q qilish – “shest sekund”lik ish. Hozir farmatsevtika sohasida takomillashtirish, sifat, yana yaxshilaymiz desa-da, aslida bo‘layotgan siyosat sohani yo‘qotishga olib kelyapti”, deydi u.

Tadbirkorga ko‘ra, yangi o‘zgarishlar tadbirkorlar faoliyatini murakkablashtirgan.

“Yangi mahsulotni ishlab chiqarish – azob. Besh-olti yil burun “registratsiya substansiya” degan narsa kiritildi, farm sanoat bundan juda katta talofot ko‘rdi. Biz dod qildik, faryod qildik, hech kim bizga quloq solmadi. Biz harakat qilyapmiz, ammo “podderjka” yo‘q. 4 ming m²ga yaqin ishlab turgan korxonamiz, qurilishi oxiriga yetmagan 7 ming m²lik binomiz “o‘lib yotibdi”. Ammo “Farmkomitet”, “Farmprom” befarq.

Oldin bizda ishlab chiqarilgan, sichqonda, boshqa hayvonlarda testdan o‘tgan mahsulotlarimiz besh yil turgandan keyin, yana ishlab chiqaramiz, desak, “yo‘q, qaytadan registratsiya qilasan”, deydi. Bunga bo‘lsa, kamida yana ikki-uch yil vaqt ketadi. Qanaqasiga ishlash mumkin? Ishlab turgan narsa davlat tashkilotlari aybi bilan to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lsa, nega biz hozir yana qilishimiz kerak? Bu hammasi xarajat-ku! Qanday farmkorxonalar bunga chidashi mumkin? Chidab bo‘lmaydigan darajaga kelgan. 31 yildan beri bunday bemaza “situatsiya” ko‘rmaganman.

“Kabmin”ning qaroriga asosan, 155 kunda registratsiyadan o‘tkazish kerak, Bularda-chi? Ikki yilgacha boryapti. Xohlasa qiladi, xohlamasa yotibdi. Ha, nega cho‘zilyapti, desangiz, “mutaxassis yo‘q, “otpuska”da, kasal bo‘ldi, boshqa narsa bilan shug‘ullanyapti, qo‘l tegmayapti”. Bu nima degan gap? “Farmkomitet” registratsiyaga 10 ming dollar oladi, lekin o‘z vazifasini vaqtida bajarmaydi. Ha, ularda “kozir” bor – har qanday narsada nuqta-vergul topib, qulataveradi”, degan tadbirkor.

Shavkat Ismoilovning ta’kidlashicha, mutasaddi tashkilotlar tadbirkordan sirli ma’lumotlarni talab qilmoqda.

“Biz chet eldan xomashyo oladigan bo‘lsak, kerakli hujjatlarni yig‘amiz, beramiz, ishlaymiz. Oxirgi paytda “Farmkomitet” qonunga xilof ravishda DMF degan hujjatni talab qilyapti. Bu degan so‘z nima? Masalan, Coca-Cola uchta joyda o‘z sirini saqlaydi, deyishadi. Biznikilar “menga o‘sha “sekreting”ni berasan, keyin registratsiya qilaman”, deydi. Axir hamma narsaning “predel”i bo‘lishi kerak-ku!

Avvallari chet eldan juda ko‘p korxonalar kelishardi, “birga ishlaylik” deb. Hozir kelishmaydi. “O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tish – amrimahol, ishlamaymiz”, deb tark etayotganlar qancha?

Biz hozir o‘ylayapmiz: korxona uskunalarni tashlab yuborib, binoni ijaraga beramizmi yoki yana 5 yil kutamizmi? Prezident sohaga oid 20 ga yaqin qaror chiqargan, ammo vaziyat boshqacha. Yetar shunchalik! Farmqo‘mita, “Farmprom” raisiga murojaat qilmoqchiman: ey, ko‘zingizni oching, qarang, buncha qiynaysizlar?

Hammasi ikki gapning birida: sifatni kuchaytirish, takomillashtirish... Shiori bir, qiladigan ishi boshqa. “Farmkomitet”, “Farmprom” ish uslubi tubdan o‘zgartirilmasa, farm sanoati falokatga boradi. Yoki ishlanglar, yoki joyni bo‘shatib qo‘yinglar. Mening sizlarga aytadigan gapim shu.

Bizda hozir ishchilarimiz soni oldingiga nisbatan 10 barobar kamayib ketdi. Viloyatlarda filiallarimiz bor edi. Hozir yopilib ketgan. Bu “Farmkomitet”ning olib borayotgan noto‘g‘ri siyosati, deb bilaman. Ish joyi tashkil qilish o‘rniga ish joylari yopilib ketyapti. Dori-darmonlar aholidan qochyapti. Bu nima degan gap, axir? Agar ular ish siyosatini o‘zgartirmasa, har qanday milliarder millionerga aylanadi, millioner esa yo‘q bo‘lib ketadi”, degan tadbirkor.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov tadbirkorning e’tirozlari o‘rinli ekanini bildirgan va mas’ullardan izoh so‘ragan.

“DMF, ya’ni “Drug Master File” – substansiyani ishlab chiqarish texnologiyasidagi sifatga oid hujjatlar. Bu VMning 213-qarori asosida 2018 yildan beri talab qilinadi. “Dok-1 Maks” bilan sodir bo‘lgan holatlarda tekshirilganida bu hujjatlar taqdim qilinmagani aniqlangan. Bugungi kunda esa hamma ro‘yxatdan o‘tish davomida bu hujjatni taqdim qiladi. Bu – xalqaro tajriba”, degan Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi davlat muassasasi direktori Alisher Temirov.

Bir necha daqiqa davom etgan munozaralardan so‘ng yakunda tadbirkor Shavkat Ismoilov ko‘targan masalalarni hal etish bo‘yicha aniq yechimlar taklif etilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

farmatsevtika Savdo-sanoat palatasi Davron Vahobov Farmkomitet

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing