Yevroittifoq isroilliklarga qarshi sanksiyalarni ma’qulladi
Olam
−
12 may 2355 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari kecha, 11 may kuni G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi zo‘ravonliklarda ayblanayotgan isroillik ko‘chmanchilarga qarshi sanksiyalarni rasman tasdiqladi. Bu haqda Yevropaning “Politico” nashri xabar berdi.
“Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari falastinliklarga qarshi zo‘ravonlik qilgan isroillik ko‘chmanchilarga sanksiya joriy qilishga ruxsat berdi. Shuningdek, ular HAMAS rahbarlariga qarshi yangi sanksiyalarni ham ma’qullashdi. To‘siqdan amaliy harakatga o‘tish vaqti kelgan edi. Ekstremizm va zo‘ravonlik oqibatsiz qolmaydi”, deb yozgan Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaya Kallas Bryusseldagi yig‘ilishdan keyin X tarmog‘ida. Jan-Noel Barro ham keskin bayonot bergan.
“Ish bitdi. Yevropa Ittifoqi bugun G‘arbiy Sohildagi ekstremistik va zo‘ravon kolonizatsiyani qo‘llab-quvvatlagan asosiy isroil tashkilotlari va ularning rahbarlariga sanksiya joriy qilmoqda. Bu o‘ta og‘ir va qabul qilib bo‘lmaydigan harakatlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak”, degan Borro.
Sanksiyalar asosan G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi hujumlarga aloqador shaxslarga qaratilgan. Biroq Yevropa Ittifoqida ayrim davlatlar yanada qattiqroq choralarni talab qilmoqda. Fransiya va Shvetsiya aholi punktlari bilan savdoni cheklash tarafdori. Yevropa Ittifoqi – Isroil assotsiatsiya kelishuvini to‘xtatish kabi kengroq takliflar esa, hali ham ittifoq ichida bahsli masala bo‘lib qolmoqda.
“Noqonuniy isroil aholi punktlari bilan savdoni cheklash masalasi muhokama qilindi. Ko‘plab a’zo davlatlar bu ishni davom ettirishni talab qildi. Shuning uchun Yevropa Komissiyasi bilan birgalikda yangi takliflar ustida ishlashda davom etamiz”, degan Kaya Kallas jurnalistlarga.
Bryusseldagi yig‘ilishda qatnashgan Kanada Tashqi ishlar vaziri Anita Anand ham Ottava isroillik ko‘chmanchilarga qarshi qo‘shimcha choralarni ko‘rib chiqayotganini aytgan.
Isroil bu sanksiyalarga tezda qarshi chiqdi. Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar qarorni siyosiy va asossiz deb atadi hamda Yevropa Ittifoqini faqat siyosiy qarashlari uchun Isroil fuqarolarini nishonga olishda aybladi.
“Isroil yahudiylarning o‘z vatani yuragida yashash huquqini himoya qilib kelgan, hozir ham himoya qiladi va bundan keyin ham himoya qiladi”, deb yozgan u X tarmog‘ida.
Yevropa diplomatlari Vengriyada hukumat almashgach, sanksiyalar nihoyat qabul qilinishini kutgan edi. Yangi Bosh vazir Peter Madyar keng qo‘llab-quvvatlanayotgan sanksiya paketlariga to‘sqinlik qilmasligini bildirgan. Uning o‘tmishdoshi Viktor Orban esa, qolgan barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, bir necha oy davomida paketni bloklab kelgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropa Ittifoqi Isroilga nisbatan sanksiyalar joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganligi haqida xabar berilgandi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi