Yevropa bu yil Ukrainaga eng kam pul ajratdi

Olam

image

2025 yilda Yevropa Ittifoqining Ukrainaga yordami 32,5 milliard yevroni tashkil qildi. Bu Kil jahon iqtisodiyoti instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri eng past miqdordir. Bu haqda bugun, 10 dekabr kuni “Ukraine Support Tracker” loyihasi doirasida e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, YeI tomonidan bu yil Ukrainaga ko‘rsatilgan yordam miqdori Rossiyaning 2022 yilda mamlakatga to‘liq harbiy bostirib kirishidan buyon eng past ko‘rsatkich bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Yevropadan harbiy yordam AQSH tomonidan qo‘llab-quvvatlanishining qisqarishi tufayli yuzaga kelgan kamomadni qoplay olmaydi. 

Agar Kiyev 2022-2024 yillar oralig‘ida AQSH, Yevropa davlatlari va boshqa mamlakatlardan har yili taxminan 41,6 milliard yevro olgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yil oktyabr holatiga ko‘ra, 32,5 milliard yevroni tashkil etadi. Shu sababli, o‘tgan yillardagi yordam darajasiga erishish uchun yil oxirigacha Kiyev qo‘shimcha 9,1 milliard yevro olishi kerak bo‘ladi, deydi ekspertlar. Bunga erishish uchun noyabr va dekabr oylarida oylik tushumlar oldingi ikki oyga nisbatan ikki baravar ko‘p bo‘lishi kerak.

Hisobotga ko‘ra, Yevropada turli mamlakatlardan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi juda notekis edi. Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya 2022-2024 yillarga nisbatan yordamini sezilarli darajada oshirdi. Xususan, Germaniya Ukrainaga o‘rtacha oylik to‘lovlarni qariyb 3 baravarga, Fransiya va Buyuk Britaniya esa ikki baravar ko‘paytirdi.

Biroq 2021 yilgi yalpi ichki mahsulotga nisbatan bu mamlakatlar haligacha Ukrainaga Skandinaviya davlatlari va Finlyandiya tomonidan ko‘rsatilgan yordam darajasiga erisha olishmadi. Ayni paytda, Ispaniya va Italiya 2025 yilda Ukrainaga yordamini umuman oshirmagan. Italiya hattoki 2022-2024 yillarga nisbatan hissasini 15 foizga kamaytirgan.

Yana bir internet-nashrining 8 dekabr kuni xabariga ko‘ra, Ukraina 2026 yilda 71,7 milliard yevro byudjet taqchilligiga duch keladi. Agar yangi mablag‘lar kelib tushmasa, Kiyev aprel oyidan boshlab davlat xarajatlarini qisqartirishi kerak.

Kuz boshidan beri Yevropa Ittifoqi Ukrainaga 2026 va 2027 yillarda taxminan 140 milliard yevro miqdoridagi reparatsiya kreditlari berish imkoniyatini muhokama qilmoqda. Rossiya Markaziy bankining Yevropadagi muzlatilgan zaxiralaridan ushbu kredit uchun garov sifatida foydalanish rejalashtirilgan.

Bunday holda, mablag‘lar qonuniy ravishda musodara qilinmaydi, ammo Rossiya ularni Ukrainaga tovon to‘lagandan keyingina qaytarishi mumkin edi. Keyin Kiyev Rossiya tomonidan to‘langan tovon pullaridan YeIdan olingan “reparatsiya krediti”ni to‘lash uchun ishlatadi.

Ushbu g‘oya Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Germaniya kansleri Fridrix Mers tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Ma’lumot o‘rnida, noyabr oyi o‘rtalarida Ukrainada yirik korruptsiya mojarosi avj oldi. Ukrainaning Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi (NABU) “Energoatom” kompaniyasida yirik o‘g‘irlik sodir etilganini aniqladi. NABU ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu sxemaning markazida Kvartal 95 studiyasining egasi va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ittifoqchisi Timur Mindich turgan. Bu ish bo‘yicha qidiruvlar boshlanishidan biroz oldin u Ukrainani tark etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Zelenskiy mag‘lubiyatni tan olishi kerakligini aytgandi. Trampning fikricha, hozir ustunlik Rossiya tomonida, chunki “odatda kuch g‘olib keladi”, va Zelenskiy o‘zini qo‘lga olib, real vaziyatni qabul qilishni boshlashi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Kiev Evropa Komissiyasi NABU

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing