Yevropada Belarus josuslik tarmog‘i yo‘q qilindi

Olam

image

Chexiya razvedka xizmatlari Ruminiya va Vengriya razvedka xizmatlari bilan hamkorlikda Yevropada faoliyat yuritayotgan Belarus josuslik tarmog‘ini aniqladi va yo‘q qildi. Bu haqda 8 sentyabr kuni Chexiya xavfsizlik va axborot xizmati (BIS) xabar berdi.

Chexiya razvedka xizmatlari “diplomatik niqob ostida ishlaydigan razvedkachi” deb atagan Belarus elchixonasi xodimi Pragada persona "non grata" deb e’lon qilindi va Moldova razvedka xizmatlarining Minskda ishlagani aytilgan sobiq yuqori martabali xodimi Ruminiyada hibsga olindi.

BIS hisobotiga ko‘ra, Yevropadagi razvedka tarmog‘i agentlar va razvedka ma’lumotlarini yig‘ish tarmog‘ini yaratishga intilgan Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan yaratilgan.

“BIS va Chexiya diplomatiyasiga josuslik bilan shug‘ullangan Belarus agentlarini fosh qilgani va jazolagani uchun minnatdorchilik bildiraman. Biz agentlarning mamlakatimizda kezib yurishiga yo‘l qo‘ymaymiz va biz Chexiyani himoya qilamiz”, dedi Chexiya Tashqi ishlar vaziri Yan Lipavskiy X ijtimoiy tarmog‘ida.

72 soat ichida Chexiyani tark etishga buyruq berilgan diplomatning ismi oshkor etilmagan.

Belarus josuslik tarmog‘ining ishtirokchilari deb taxmin qilinganlar orasida Moldova razvedka xizmati (SIS) rahbarining sobiq o‘rinbosari ham bor. “Ozodlik” radiosining Ruminiya xizmati uyushgan jinoyatchilik va terrorizmni tergov qilish boshqarmasi (DIICOT) xodimlari tomonidan ismi oshkor qilinmagan 47 yoshli moldovalik yuqori martabali zobit hibsga olinganini tasdiqladi. U Belarus foydasiga josuslikda ayblanmoqda va davlatga xiyonatda gumon qilinib, tergov qilinmoqda.

Gumonlanuvchi so‘nggi bir yil ichida Budapeshtda ikki marta KGB zobitlari bilan uchrashgan. BIS'ning qayd etishicha, Belarus agentlari diplomatlarning Yevropa bo‘ylab erkin harakatlanishi imkoniyatidan foydalangan. Shu munosabat bilan Chexiya maxsus xizmati rahbari Mixal Kudelka Chexiyaning “Rossiya va Belarusdan akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatlarning Shengen zonasida harakatlanishini cheklash to‘g‘risida”gi taklifini eslatdi. Bu taklif Yevropa Ittifoqi darajasida muhokama qilinmoqda, ammo bu borada konsensusga hali erishilgani yo‘q.


Maqola muallifi

Teglar

Chexiya Belarus' Vengriya Ruminiya josuslik tarmog'i

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing