“Yura Unitaz” Rossiya dron qo‘shinlariga rahbar bo‘ldi – BBC 

Olam

image

Rossiya Qurolli kuchlarining uchuvchisiz tizimlar qo‘shinlariga, ehtimol, Elektrostaldan chiqqan biznesmen va volontyor Yuriy Vaganov qo‘mondon etib tayinlangan. Bu haqda avval urush blogerlari tarqatgan ma’lumotni Rossiya dronsozlik sohasidagi manbalar BBC Rus xizmatiga tasdiqlagan, deb yozadi mediakompaniya 26 dekabr kuni.

“Qo‘mondon etib “maxsus harbiy operatsiya”da juda ko‘pchilikka “Yura Unitaz” laqabi bilan tanish bo‘lgan shaxs tayinlandi”,  dedi strim vaqtida harbiy ekspert, zaxiradagi 3-rang kapitani Maksim Klimov.

BBC ma’lumotlariga ko‘ra, 1982 yilda Stepanakertda tug‘ilgan Vaganovda harbiy ma’lumot yo‘q. Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan oldin u Elektrostalda santexnika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullangan, shu sababli “Yura Unitaz” laqabini olgan. 2022 yil bahoridan u Donbassga “gumanitar yuklar” olib borishni boshlagan.

“Urush yillari davomida Vaganov turli-tuman aloqalarga ega bo‘lib ulgurdi va Rossiya armiyasi uchun FPV-dronlarning asosiy yetkazib beruvchilaridan biriga aylandi. “Sudoplatov” bataloni bazasida “Sudoplatov — qiyomat kuni” deb ataluvchi dronlar ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi”, deyiladi BBC Rus xizmati maqolasida.

Nashrda Vaganovning yangi lavozimga tayinlanishiga salbiy munosabat bildirgan Z-blogerlar fikrlari ham keltiriladi. Ularga ko‘ra, Vaganovning maqsadi samarali jang qilish emas, balki o‘z mahsulotini qo‘shinlarga sotishdir. Xususan, Z-bloger Svyatoslav Golikov Vaganov Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksey Krivoruchko bilan birga ishlashini va ularning munosabatlari “dron vositalarini rivojlantirish va zamonaviy urushda qo‘llash haqida emas, balki faqat tijorat haqida” ekanini aytgan.

Rossiya Qurolli kuchlari tuzilmasida dron qo‘shinlari tashkil etilgani haqida noyabr o‘rtalarida yangi qo‘shin turi rahbar o‘rinbosari Sergey Ishtuganov xabar bergan edi. Rasman dron-qo‘shinlar qo‘mondonining ismi ochiqlanmagan.

Ukraina Qurolli kuchlari tarkibida shunga o‘xshash qo‘shinlar – Uchuvchisiz tizimlar kuchlari – Prezident Vladimir Zelenskiyning 2024 yil 6 fevraldagi farmoni bilan alohida qo‘shin turi sifatida tashkil etilgan. Ularning tarkibiga havo, dengiz va yer ustidagi uchuvchisiz hamda robotlashtirilgan tizimlardan foydalanuvchi bo‘linmalar kiradi. 2025 yil iyunidan bu qo‘shinlarga mayor Robert Brovdi qo‘mondonlik qilmoqda, u qo‘shinlarda “Madyar” taxallusi bilan tanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Yuriy Vaganov Yura Unitaz dron qo'shinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing