Yurgen Klopp “Liverpul”ga qaytishi mumkin
Sport
−
21 Oktabr 4418 2 daqiqa
Angliyaning “Liverpul” sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp kelajakda mersisaydliklarni yana boshqarishi “nazariy jihatdan mumkin”ligini ma’lum qildi, biroq u hozircha murabbiylik faoliyatini sog‘inmayotganini ta’kidladi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Klopp 2024 yilda “Liverpul”ni to‘qqiz yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan so‘ng tark etgan va ma’lum muddat tanaffus qilishini bildirgan edi. Hozirda u Red Bull futbol tizimida global futbol bo‘yicha rahbar sifatida faoliyat yuritmoqda.
“Men Angliyada boshqa jamoani boshqarmasligimni aytganman. Demak, agar qaytishim mumkin bo‘lsa, bu faqat “Liverpul” bo‘ladi. Ha, nazariy jihatdan bu mumkin”, dedi nemis mutaxassisi “Diary of a CEO” podkastiga bergan intervyusida.
Shu bilan birga, Klopp hozircha murabbiylikka qaytish istagi yo‘qligini ham qo‘shimcha qildi.
“Men hozirgi ishimni yaxshi ko‘raman. Murabbiylikni sog‘inmayman. Endi yomg‘ir ostida uch soat turish, haftasiga bir necha marta matbuot anjumanlariga borish istagi yo‘q. 1080 ta o‘yinda murabbiylik qilganman bu yetarlicha tajriba”, deydi Klopp.
Shuningdek, Klopp o‘z o‘rnini egallagan Arne Slot bilan muntazam muloqot qilib turganini aytib o‘tdi. U “Liverpul” yangi murabbiy qo‘l ostida o‘tgan mavsumda Premer-liga chempionligini qo‘lga kiritgani haqida iliq fikr bildirdi.
“Arne juda aqlli yigit, u dastlab juda ko‘p o‘zgarishlar qilmagan. Bu yozda bo‘lgan transfer oynasidan so‘ng muammolar paydo bo‘lishi tabiiy. Ammo u jamoani eng yuqori darajaga olib chiqdi”, dedi u.
Ma’lumot uchun, Yurgen Klopp 2015 yildan 2024 yilgacha “Liverpul”ni boshqargan davrida klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylardan biriga aylandi. U 491 ta o‘yinda jamoani boshqargan, shulardan 304 tasida g‘alaba qozongan. Klopp qo‘l ostida “Liverpul” 2019 yilda Chempionlar ligasini, 2020 yilda esa 30 yillik tanaffusdan so‘ng Premer-liga g‘olibligini qo‘lga kiritgandi.
Live
Barchasi“Samarqand darvoza”da Tahoe yonib ketdi
19 dekabr