Putin va Zelenskiy yarashadimi?

Olam

2022 yilning fevral oyida boshlangan Rossiya-Ukraina urushi bugunga kelib jahon siyosatining eng og‘riqli va ko‘p qirrali mavzularidan biriga aylandi. Uzoq davom etgan to‘qnashuvlar, qurbonlar va xalqaro sanksiyalar fonida, 2025 yil 15 may sanasi – muzokaralarning yangi davri boshlanishi mumkin bo‘lgan kun sifatida tarixga kirishi mumkin.

Xo‘sh, muzokaralar tashabbusi – kimdan chiqqan? Ukrainaning strategiyasi – murosami yoki xalqaro bosimga javobmi? Muzokaralarni hech qanday shartsiz boshlash taklifi qanchalik real? Yoki bu ham diplomatik o‘yinmi? Keling, shu savollarga bugun javob qidiramiz.

11 mayga o‘tar kechasi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlashni taklif qildi. U bu uchrashuvni hech qanday shartsiz, 2022 yilda to‘xtatilgan nuqtadan davom ettirish tarafdori ekanini bildirdi. Uchrashuv joyi sifatida esa avvalgi muzokaralar o‘tkazilgan Istanbulni tanladi va aniq sanani ham ko‘rsatdi – 2025 yil 15 may.

Bu taklif so‘nggi yillarda harbiy harakatlar ustuvor bo‘lgan Rossiya tashqi siyosatida sezilarli burilish bo‘ldi. 

“Bizning taklifimiz stolda. Endi qaror Ukraina hukumati va ularning kuratorlariga bog‘liq, ular aftidan o‘z xalqi manfaatlaridan ko‘ra o‘zlarining shaxsiy siyosiy ambitsiyalaridan kelib chiqib, ukrain millatchilari qo‘li orqali Rossiya bilan urushni davom ettirmoqchi.

Takror aytaman: Rossiya hech qanday dastlabki shartlarsiz muzokaralarga tayyor. Hozir harbiy harakatlar, urush davom etmoqda va biz muzokaralarni davom ettirishni taklif qilamiz. Xo‘sh, buning nimasi yomon?” dedi Putin.

Uning bu bayonoti muzokaralarga jiddiy yondashilayotganini ko‘rsatadi. U “asosiy maqsad – mojaroni keltirib chiqargan sabablarni bartaraf etish va uzoq muddatli, barqaror tinchlikka erishish” ekanini aytib o‘tdi.

Shu bilan birga, Putinning ta’kidlashicha, bu muzokaralar davomida haqiqiy va uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish ehtimoli mavjud. Putin bu taklifini bildirgach, e’tiborlar Ukraina tomoniga qaradi. Va bu yerda voqealar zanjiri yana bir qiziqarli burilish oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay – 11 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Telegram-kanalida bayonot berdi. Unda u Rossiya bilan yuzma-yuz muzokaralarga tayyorligini ochiq-oydin e’lon qildi. 

“Biz ertaga to‘liq va uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatishni kutmoqdamiz, bu diplomatiyaga zarur asos bo‘ladi... Vladimir Putinni payshanba kuni Turkiyada kutaman. Shaxsan. Umid qilamanki, rossiyaliklar bu safar bahona izlamaydi”, dedi Zelenskiy.

Uning bu so‘zlari Ukraina tarafining endi diplomatik yechimga ham ochiq ekani va real natijalar uchun tayyorligini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, Zelenskiy 12 maydan boshlab Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishini rasman tasdiqlasa, Kiyev muzokaralarni boshlashga tayyor bo‘lishini aytdi.

Bu yerda diplomatik nuqtai nazardan muhim jihat bor: Ukraina bu safar muzokara boshlanishi uchun minimal shart qo‘ymoqda – o‘t ochishni to‘xtatish. Avvalroq, ya’ni 2022–2023 yillardagi muzokaralarda Kiyev ko‘proq strategik shartlarni ilgari surgan edi (jumladan, Rossiyaning hududlardan chiqishi, xavfsizlik kafolatlari, NATO masalasi va boshqalar). Endi esa asosiy diqqat “qon to‘kilishini to‘xtatish”ga qaratilgan.

Bu voqealar fonida bir nechta xalqaro yetakchilarning pozitsiyasi muzokaralar ehtimolini oshirib yubordi.

AQSH prezidenti Donald Tramp Zelenskiyni muzokaralarga rozilik berishga ochiqchasiga da’vat etdi. “Ular hech bo‘lmaganda kelishuv imkoniyatini aniqlay oladi... UCHRASHING, HOZIROQ!” deb yozgan Tramp. 

U bu chaqirig‘ini urushning bema’ni cho‘zilayotgani bilan izohladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa 11 may kuni Putinning taklifini qo‘llab-quvvatlab, o‘z mamlakati muzokaralar uchun maydon bo‘lishga tayyorligini bildirgan. Bu Turkiyaning urush boshidan beri tutib kelayotgan neytral vositachilik rolini mustahkamlaydi. 

Yevropa Ittifoqi va xalqaro kuzatuvchilar bu muzokaralarga ijobiy munosabatda bo‘lmoqda. Yevropa davlatlari, ayniqsa Germaniya va Fransiya, urushning Yevropa xavfsizlik tizimiga tahdidini inobatga olib, otashkesimni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ular o‘z navbatida AQSHning roliga e’tibor qaratmoqda – ya’ni Vashington bu jarayonda faollik ko‘rsatmas ekan, real sulhga erishish qiyin bo‘lishi mumkin.

15 may kuni bo‘lib o‘tishi kutilayotgan muzokaralar urushda charchagan tomonlar uchun emas, balki butun dunyo hamjamiyati uchun sinov bo‘ladi. Rossiya va Ukraina yetakchilari bir joyda uchrashib, yuzma-yuz gaplashish imkoniga ega bo‘lsa, bu tarixiy lahza bo‘lishi mumkin. Biroq Putin va Zelenskiy rostdan ham Istanbulda uchrashadimi? Chunki Rossiya rahbari bir yildan beri Zelenskiyning legitimligi masalasini ko‘tarib, u bilan muzokara olib borishni rad etib kelayotgandi.

O‘z faoliyati davomida oz emas, ko‘p emas naqd 5 marotaba prezident etib saylangan va 25 yildan buyon mamlakatni boshqarib kelayotgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 2019 yil 20 maydan o‘z lavozimiga kirishgan Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning mandati o‘tgan yil 20 may kunida tugaganini aytgandi. Saylovlar 2024 yilning mart oyida bo‘lib o‘tishi kerak edi, biroq harbiy harakatlarning davom etishi bunga yo‘l bermadi. 

Ammo eng muhim savol shunda: tomonlar bu safar chindan tinchlikka tayyormi? Yoki bu ham navbatdagi diplomatik tashabbus bo‘lib qoladimi?

Bu savollar hozircha so‘roq ostida qolmoqda. Javobni esa 15 may kuni olamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Turkiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina urush Zelenskiy muzokara Rajab Toyyib Erdo'g'on

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing