Zelenskiy Rossiya tomonida o‘zbekistonliklar ham jang qilayotganini aytdi
Olam
−
05 avgust 14013 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya jangchilari safida o‘zbekistonlik fuqarolar ham borligini qayd etdi. Bu haqda u kecha, 4 avgust kuni Xarkov viloyati shimolida joylashgan Volchansk shahridagi batalonga qilgan tashrifidan so‘ng, o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
“Bugun men Volchansk yo‘nalishida mamlakatimizni himoya qilayotganlar – 57-brigadaning 17-alohida moto-o‘qchi bataloni askarlari bilan birga edim”, deya yozgan mamlakat Prezidenti.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u batalon komandirlari bilan oldingi chiziqdagi vaziyat, Volchanskni mudofaa qilish, jangovar harakatlar dinamikasi haqida suhbatlashgan. Dronlar bilan ta’minlash va ularni qo‘llash, yangi askarlarni jalb qilish hamda brigadalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatish masalalarini alohida ko‘tarilgan.
“Bu yo‘nalishda jangovar harakatlarda Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Pokiston va Afrika mamlakatlaridan kelgan yollanma jangchilarning ishtiroki qayd etilmoqda. Biz bu holatlarga tegishli tarzda javob qaytaramiz”, deya yozgan Ukraina rahbari.
U, shuningdek, Ukrainani himoya qilayotgan askarlarga o‘z minnatdorligini bildirgan.
“Sizlarga o‘z davlatimiz, ukrain xalqiga xizmat qilayotganingiz, jang qilayotganingiz va bir-biringizni qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, deydi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Mudofaa vazirligi va Bosh razvedka boshqarmasi ko‘magida tashkil etilgan “Xochu jit” (“Yashashni xohlayman”) loyihasi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan 902 nafar O‘zbekiston fuqarosining ism-sharifini e’lon qilgandi.
Live
Barchasi