Putin “do‘st bo‘lmagan” davlatlardan kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni taqiqladi

Olam

image

Rossiya hukumati nodo‘stona davlatlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarni bloklashni joriy etmoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 9 dekabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha kengash (SPCH) a’zolari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

U videokonferensaloqa shaklida chiqish qilar ekan, SPCH ilgari taklif qilgan “telefon va internet firibgarligiga qarshi kurash doirasidagi aniq qarorlar” qatorida “jinoyat maqsadida amalga oshirilayotgan nodo‘stona davlatlar hududidan qo‘ng‘iroqlarni bloklash”, shuningdek, ularni belgilashni sanab o‘tgan. Putinning aytishicha, bu takliflarning barchasi “hukumat tomonidan inobatga olingan va amalga joriy etilmoqda”.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarni raqamli muhitda himoya qilish bo‘yicha birinchi paket choralar allaqachon qabul qilingan, ikkinchi paket ishlab chiqilgan va muhokama hamda kelishuvdan o‘tmoqda, yaqin rejalarda esa uchinchi paket bor.

Shu kuni Rossiya hukumat apparati rahbari – vitse-premer Dmitriy Grigorenko ham hukumat tomonidan tayyorlangan “fuqarolarni firibgarlardan himoya qilish bo‘yicha” ikkinchi paket haqida jurnalistlarga ma’lumot berib, xuddi shu choralarni tilga olgan. 

Uning aytishicha, 20 ga yaqin tashabbus ichida abonentning roziligisiz xalqaro kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni taqiqlash va ularni majburiy markirovka qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, “bolalar uchun SIM-kartalar” joriy etilishi kutilmoqda – ular orqali ota-onalar qo‘shimcha arizalarsiz farzandlarini “istalmagan kontent”dan himoya qila oladi.

So‘nggi oylar ichida davlat tomonidan targ‘ib qilinayotgan Max messenjeri fonida Rossiya hukumati messenjerlar va boshqa onlayn-servislar, shuningdek, telefon aloqasi faoliyatiga oid qator cheklovlarni izchil kuchaytirib bormoqda. Avgust oyida Rossiyada WhatsApp va Telegram’da qo‘ng‘iroqlar cheklangan edi. Shundan so‘ng, Davlat dumasi firibgarlar go‘yoki statsionar (uy) telefonlarga o‘tgani haqida bayonot berib, statsionar telefonlarda xalqaro aloqani bloklash g‘oyasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.

Dekabr boshida Apple’ning FaceTime videoqo‘ng‘iroqlar servisini bloklangani ma’lum bo‘ldi, bunga sabab sifatida uni “jinoyat maqsadlarida ishlatilayotgani” ko‘rsatildi. Noyabr oyida esa Rossiya raqamli rivojlanish vazirligi xorijdan qaytayotgan fuqarolarga bir sutkaga mobil internet va SMS jo‘natishni bloklashini ma’lum qilgan edi.

Rossiya hukumati nazarida nodo‘stona davlatlar ro‘yxatining so‘nggi versiyasida 47 davlat va hudud bor. Ular orasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, AQSH, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Norvegiya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Ukraina va Chernogoriya mavjud.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Aloqa, axborot texnologiyalari va ommaviy axborot vositalarini nazorat qilish bo‘yicha federal xizmati (Roskomnadzor) mamlakatda Snapchat messenjerini bloklagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vladimir Putin qo'ng'iroq

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing