Zelenskiy mag‘lubiyatni tan olishi kerak – Tramp
Olam
−
11:10 3249 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mag‘lub bo‘lmoqda va u bu voqelikni boricha qabul qilishni boshlashi kerak. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp “Politico” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Trampning fikricha, hozir ustunlik Rossiya tomonida, chunki “odatda kuch g‘olib keladi”, va Zelenskiy o‘zini qo‘lga olib, real vaziyatni qabul qilishni boshlashi kerak.
“Zelenskiy ishga kirishishi va voqelikni boricha qabul qilishni boshlashi kerak, chunki u mag‘lub bo‘lmoqda”, degan Oq uy rahbari.
Jurnalist “Ukraina urushni yutqazdimi?” deb so‘raganda, Tramp Kiyev juda ko‘p hududlarni yo‘qotganini eslatib o‘tgan.
“Men 10 oy oldin, ya’ni Oq uyga qaytishimdan oldin ham ular qirg‘oqning bir qismini, katta qismini yo‘qotgan edi. Xaritalarga qarang. Hozir bu hududlar yanada ko‘proq. Ular ko‘p yerlarini yo‘qotdi va bu ular yo‘qotgan yerlar juda yaxshi hudud edi. Buni g‘alaba deb atash qiyin, albatta”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp.
Yevropa davlatlarining Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha pozitsiyasiga to‘xtalar ekan, Tramp Yevropani ham qoralagan.
“Agar ular davom ettirishga qaror qilsalar – davom ettirishsin. Lekin umuman olganda, Yevropa yetakchilari o‘z ishini unchalik yaxshi bajarmayapti”, degan Amerika Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, Tramp ushbu intervyusi davomida Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazish vaqti kelganini aytgandi. Trampga ko‘ra, Ukrainada anchadan buyon saylovlar o‘tkazilmagani, mamlakatda demokratiya yo‘qligidan dalolat.