Zelenskiy Tramp bilan uchrashish uchun shart qo‘ydi
Olam
−
26 noyabr 8845 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH rahbari Donald Tramp bilan uchrashishga tayyorligini, ammo bu uchrashuvda Yevropa hamkorlari ham qatnashishi kerakligini bildirdi. Ukraina yetakchisining so‘zlari “Strana.ua” tomonidan e’lon qilindi.
“Men Prezident Tramp bilan uchrashishga tayyorman, muhokama qilinishi kerak bo‘lgan nozik masalalar bor. Ammo muzokaralarda mening yonimda Yevropa hamkorlari bo‘lishi shart”, degan Zelenskiy.
Ukraina yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, Jenevada AQSH bilan o‘tkazilgan muzokaralar yaxshi natija bergan.
“Ukrainaning qo‘lida bizning jamoalarimiz tomonidan Jenevada ishlab chiqilgan konseptual hujjat mavjud. Bu hujjat muhokama qilinmoqda va biz oldinga yura olamiz – Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan, Prezident Trampning shaxsiy ishtirokida va Yevropa bilan”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.
Ukrainalik manbaning ma’lumotiga ko‘ra, yangi tinchlik rejasi loyihasining yakuniy matni hali kelishilmagan. Uning aytishicha, bandlarning aksariyati bo‘yicha “konsensus”ga erishilgan, biroq kamida uchta masala bo‘yicha kelishmovchiliklar saqlanib qolgan. Xususan, hududlarning berilishi masalasida hozircha yakdil qaror yo‘q.
“Ukraina tomonidan qabul qilingan versiya bor, deb aytish hozir mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lardi”, degan manba.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni tugatishga qaratilgan AQSH rejasi Jenevadagi muzokaralarda qayta ko‘rib chiqilgandi. Hujjat 28 banddan 19 bandga kamaytirilgan. Shveysariyadagi muzokaralardan so‘ng yangilangan tinchlik rejasidan AQSH va Rossiya o‘rtasidagi, Ukraina mojarosiga bevosita aloqasi bo‘lmagan munosabatlarga oid bandlar chiqarib tashlangan.
Shu muhokamalar fonida Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Yevropaning takliflari samarasiz va Kreml manfaatlariga mos kelmasligi haqida aytgan. U Yevropa takliflari, deganda AQSH va Ukraina delegatsiyalari Jenevada muhokama qilgan o‘sha hujjat nazarda tutilganmi yoki yo‘q aniq aytmagan.
Live
Barchasi