Zelenskiy yana Vatikanda. Rim papasi muzokarachilarni qabul qilishga tayyorligini bildirdi
Olam
−
09 iyul 2795 2 daqiqa
Katoliklarning ruhiy yetakchisi, Vatikan rahbari, ya’ni Rim papasi Leo XIV bugun, 9 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuvda Rossiya va Ukraina vakillarini muzokaralar uchun Vatikanda qabul qilishga tayyorligini tasdiqladi.
Prezident Zelenskiy 10 iyulda boshlanadigan Italiya mezbonlik qiladigan “Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiya”da ishtirok etish uchun bugun tushda Rimga bordi. Vatikan matbuot xizmati bayonotida aytilishicha, Rim papasi Leo XIV Zelenskiy bilan Kastel Gandolfodagi (Rimdagi yozgi saroy) qarorgohida uchrashgan.
“Uchrashuvda davom etayotgan urush, adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatishning shoshilinch zarurati muhokama qilindi”, deyiladi bayonotda.
Suhbat chog‘ida muloqot harbiy harakatlarga barham berishning imtiyozli usuli ekanligi ta’kidlandi. Rim papasi qurbonlar uchun qayg‘usini izhor qildi va o‘zining duolari va yaqinligi bilan Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi, mahbuslarni ozod qilish va umumiy yechim topish uchun barcha sa’y-harakatlarni rag‘batlantirdi.
Bayonotda, shuningdek, Rim papasi Leo XIV muzokaralar uchun Vatikanda Rossiya va Ukraina vakillarini qabul qilishga tayyorligini tasdiqlagani qayd etilgan.
Italiyaning ANSA axborot agentligining xabariga ko‘ra, Rim papasi bilan uchrashgandan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatlashgan Zelenskiy, ayniqsa, “ushbu urush paytida Rossiya tomonidan o‘g‘irlab ketilgan ukrainalik bolalarni qaytarishda” ko‘rsatgan yordami va qo‘llab-quvvatlashi uchun Papa va Vatikanga minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 12 may kuni Rim-katolik cherkovi rahbari etib saylanganidan to‘rt kun o‘tib, Leo XIV Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali gaplashgandi. Prezident ukrainalik bolalarni Rossiya Federatsiyasidan qaytarishda pontifikdan yordam so‘radi va uni Ukrainaga taklif qildi.
18 may kuni, taxtga o‘tirganidan so‘ng darhol Leo XIV Vatikanda Zelenskiy bilan uchrashib, “Ukraina uchun adolatli va mustahkam tinchlik bo‘lishini” tiladi.
Shuningdek, Rim papasi Leo XIV Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukrainada “tinchlikka yordam beradigan ishora” qilishga chaqirdi. Biroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya va Ukraina o‘rtasida Vatikanda muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini rad etib, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlagan.
Live
Barchasi