Jahongir Ahmedov yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
15 may 13306 2 daqiqa
Bugun, 15 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil etildi va unga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi, mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan ko‘maklashadi.
Shu bilan birga, bu masalalar faqatgina bitta markazning ishi bo‘lib qolmasligi, mas’ul barcha vazirliklar markaz bilan ishlarni boshlashi shartligi ko‘rsatib o‘tilgan.
“To‘g‘ri, bugungi kunda yoshlar ma’naviyati bilan hamma shug‘ullanyapti. Lekin, zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish, ularning targ‘iboti, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha professional tashkilot yo‘q”, degan davlat rahbari.
Qolaversa, yig‘ilishda sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod o‘quvchi va 1 milliondan ortiq talaba ta’tilga chiqishi ta’kidlangan. Yoz oylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Jahongir Ahmedov 1983 yil 4 fevralda Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 25-sonli umumta’lim maktabini tamomlagan. 2002-2008 yillarda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida rejissyorlik yo‘nalishi bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichida tahsil olgan. O‘zbekiston davlat san’at instituti dotsenti.
Ahmedov katta kinodagi faoliyatini 2009 yilda “Uylanish” romantik komediyasini suratga olishdan boshlagan. Bu uning kino san’atiga ilk qadami bo‘lgan bo‘lsa-da, film kino ixlosmandlari tomonidan juda yaxshi kutib olindi.
Jahongir Ahmedov shu bilan cheklanib qolmadi. “Omad”, “Tundan tonggacha”, “Til qursin”, “Majnun”, “Islomxo‘ja”, “Ilhak” filmlari bilan tanildi.
Jahongir Ahmedovga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi unvoni berilgan. Eslatib o‘tamiz, yig‘ilish davomida Prezident tomonidan O‘zbekistondagi 16 ta tuman hokimi bittadan maktabni tadbirkorlarga biriktirib, o‘quvchilar 2 milliondan 5 million so‘mgacha oylik oladigan tizimga moslashtirish topshirig‘ini bajara olmagani uchun tanqid qilingan edi.