“Jalol Eski shahar” rahnamoligidagi jinoiy guruh a’zolari ushlandi (video)

3-sahifa

image

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘zidan “ko‘cha” yasab olgan “Jalol Eski shahar” va “Dikiy” laqabli shaxslardan iborat jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruhga 1988 yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan ismi J.I., laqabi “Jalol Eski shahar” bo‘lgan shaxs boshchilik qilgan. Shuningdek, guruhda 1985 yilda Shahrisabz tumanida tug‘ilgan T.N. ismli, laqabi “Dikiy”, muqaddam Jinoyat kodeksining 109-(Qasddan badanga yengil shikast yetkazish), 277-(Bezorilik),166-(Talonchilik) va 250-(Portlash xavfi bo‘lgan moddalar yoki pirotexnika buyumlaridan foydalanish qoidalarini buzish) moddalari bilan sudlangan erkak va M.M. ismli, “Borziy” laqabli 1994 yilda Qarshi tumanida tug‘ilgan fuqarolar ham bo‘lgani aniqlangan.

Ushbu jinoiy to‘da ko‘cha yo‘li orqali qarz undirish bilan shug‘ullanib kelgan. Aniqlanishicha, Samarqand viloyatida yashovchi “Major” laqabli tadbirkor undan 520 mln so‘m qarz bo‘lgan Yakkabog‘ tumanida yashovchi tanishi A. dan pullarini vaqtida ololmagach, qarzini undirish uchun yollama shaxslarni jalb qilgan.

Jinoiy guruh “Jalol Eski shahar” yetakchiligida A. ni muntazam ta’qib qilib, hatto yashash uyiga bostirib kirib, shaxsiy hujjatlarini tortib olib, 520 mln so‘m talab qilgan va ushbu mablag‘ berilmasa, o‘zi va oila a’zolarini o‘ldirish bilan qo‘rqitib kelgan.

Buyurtmachi topshirig‘i asosida harakat qilgan jinoiy guruh avvaliga 1000 AQSH dollari, shuningdek, qarzdordan bank plastik kartasi orqali 200 mln so‘m va keyinchalik yana 300 mln so‘m mablag‘ni qabul qilib olgan va buyurtmachi tadbirkorga bermasdan o‘zlashtirib yuborgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ushbu jinoiy guruhning 4 nafar a’zosi hamda buyurtmachi A.F. qo‘lga olingan. Ularga nisbatan Yakkabog‘ tumani ichki ishlar bo‘limi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “a”, “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida “Molotok” laqabli zo‘ravon va uning guruhi qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qashqadaryo jinoiy guruh tezkor tadbir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing