Japarov Rahmon bilan janjalga Mirziyoyev yakun yasaganini aytdi (video)
Olam
−
07 yanvar 17756 3 daqiqa
Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p yillik chegara muammosi, hatto, qon to‘kilishiga olib kelgan janjalning hal etilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hissasi katta. Bu haqda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov prezidentlik faoliyatining 5 yilligi munosabati bilan tayyorlangan 4 qismdan iborat “Prezident” hujjatli filmida aytib o‘tdi.
“Uning (Imomali Rahmonning) ko‘ngli yumshaganida Shavkat Mironovich Mirziyoyevning ham xizmati borligini, albatta, aytib o‘tishim kerak, bu xizmat juda katta.
U o‘sha kishiga (Rahmonga): “Ana, endi bu masalani yechadigan odam kelib o‘tiribdi (Sadir Japarov nazarda tutilyapti), endi buni hal qilib olinglar. Keyin yana nima bo‘ladi, qanday bo‘ladi, kim biladi?! Endi yon berishga (yon bosishga) boring”, deb uning ko‘nglini yumshatib, rozi qilib, shu tarzda bu masalani hal qilib oldik”, deydi Sadir Japarov.
Ma’lumki, Qirg‘izistonni bugungacha Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunboyeva (muvaqqat prezident), Almazbek Atamboyev, Sooranboy Jeenbekov boshqardi va ular na xalqi va na qo‘shni mamlakatlar bilan murosaga bordi. Ayniqsa, Atamboyev va Jeenbekov davrida chegara, suv bilan bog‘liq muammolar avjiga chiqdi.
“Prezident” dasturida aynan qo‘shnichilik haqida so‘z borarkan, Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kuluboyev ham Prezident Mirziyoyevning qo‘shnilar bilan munosabati va avvalo “qo‘shning tinch – sen tinch” naqliga ko‘ra ish tutganiga to‘xtalgan.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zi shunday, juda faol va Markaziy Osiyoni yaqinlashtiraylik degan liderlardan biri. Shuning uchun u doim aytib yurardi: “Ey, qirg‘izlar bilan tojiklar, sizlar kelishinglar. Chegaradagi bunday nizolarni to‘xtatinglar. Agar sizlarda nizolar davom etaversa, bizga hech qanday investor kelmaydi, hech qanday turist kelmaydi. Chunki “...ston” degan so‘z hammamizga tegishli. Ular (xorijliklar) Qirg‘izistonmi, Tojikistonmi, O‘zbekistonmi yoki Qozog‘istonmi — farqiga bormaydi. “...ston” degan nomni eshitishganidan keyin bizga hech kim kelmaydi. Shuning uchun sizlar yaqin bo‘linglar, gaplashinglar”, deb tashabbus ko‘rsatgan”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mart kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xo‘janddagi uchrashuvda Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomani imzolagandi. Chegaralar tutashgan joy Farg‘ona vodiysida joylashgan bo‘lib, So‘g‘d (Tojikiston), Farg‘ona (O‘zbekiston) va Botken viloyatlarini (Qirg‘iziston) bog‘laydi. Keyinchalik, ushbu shartnoma Sadir Japarov tomonidan ratifikatsiya qilindi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan shaxsiy hissasi uchun Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi.
Live
Barchasi