Javohir Sindorov FIDE Jahon kubogi finaliga chiqdi (video)

Sport

image

Hindistonning Goa shahrida bo‘lib o‘tayotgan shaxmat bo‘yicha 2025 yilgi Jahon kubogining yarim final bellashuvida o‘zbekistonlik shaxmatchilar Javohir Sindorov va Nodirbek Yoqubboyev bir-biriga qarshi dona surdi. Yakunda Sindorov FIDE Jahon kubogi finaliga chiqdi.

Nodirbek Yoqubboyevni 2,5:1,5 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan Sindorov finalda rossiyalik shaxmatchi Andrey Yesipenko ustidan zafar quchgan xitoylik Vey I bilan bellashadi. Uchinchi o‘rin uchun o‘yinda Yoqubboyev va Yesipenko bahslashadi.

FIDE Jahon kubogi musobaqasida dastlabki uch o‘rinni olgan shaxmatchilar 2026 yilgi shaxmat toji uchun da’vogarlar turniriga yo‘llanma oladi. Sindorov bu galgi g‘alabasi orqali ushbu turnirda ishtirok etadigan bo‘ldi.

Demak, 2026 yilgi da’vogarlar turnirida ilk bor kamida bir o‘zbekistonlik shaxmatchi qatnashadi. 3-o‘rin uchun bahs bo‘lishi hisobga olinsa, Yoqubboyevda ham hali imkoniyat mavjud.

Kelgusi yilning 28 mart - 16 aprel kunlari Kiprda bo‘lib o‘tadigan ushbu turnirga hozircha quyidagilar yo‘llanma olgan:

  • Fabiano Karuana (AQSH);
  • Anish Giri (Niderlandiya);
  • Mattias Blyubaum (Germaniya);
  • Xikaru Nakamura (AQSH);
  • Javohir Sindorov (O‘zbekiston);
  • Vey I (Xitoy).

Turnirga yo‘llanma olganlar o‘rtasida bo‘ladigan bahslarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan shaxmatchi dunyo shaxmat tojining amaldagi egasi Gukesh Dommarajuga (Hindiston) qarshi dona suradi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20-26 may kunlari Shvetsiyaning Malmyo shahrida “Tepe Sigeman & Co Chess 2025” turniri bo‘lib o‘tgandi va unda o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindorov g‘olib bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Nodirbek Yoqubboev Javohir Sindorov FIDE Jahon kubogi Fabiano Karuana Anish Giri Vey I Mattias Blyubaum Xikaru Nakamura Andrey Esipenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing