JCH muxlislari va sportchilariga viza cheklovlari qo‘llanilmaydi – OAV

Sport

image

AQSH Davlat departamenti vakilining ma’lum qilishicha, viza bo‘yicha joriy etilgan cheklovlar 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etadigan mamlakatlar muxlislari va sportchilariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, ushbu cheklovlar faqat immigratsion vizalarga taalluqli bo‘lib, Jahon chempionatiga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan muxlislar, sportchilar, ularning oila a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun beriladigan immigratsion bo‘lmagan vizalarga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Xabarlarga ko‘ra, konsullik xodimlaridan immigratsion viza arizalarini ko‘rib chiqishda qat’iyroq yondashuv talab qilingan. Xususan, kelajakda davlat nafaqalariga qaram bo‘lib qolishi mumkin bo‘lgan ariza beruvchilarga viza berishni rad etish topshirilgan. Shuningdek, xodimlarga ariza beruvchilarning sog‘lig‘i, yoshi hamda ingliz tilini bilish darajasi kabi omillarni sinchkovlik bilan baholash vazifasi yuklatilgan. Hukumat mazkur cheklovlar qancha muddat amal qilishi haqida aniq ma’lumot bermagan. 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etadi. Ular Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy olgan. Mundial joriy yilning 11 iyunidan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksika yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gaiti, Eron, Kot-d’Ivuar va Senegal terma jamoalarining muxlislari AQSHga kirish taqiqi sababli 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati o‘yinlariga borolmasligi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

viza Jahon chempionati FIFA

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing