JCHdagi asosiy maqsadimiz tajriba to‘plash – Kannavaro
Sport
−
13 dekabr 1844 2 daqiqa
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatidagi asosiy maqsad tajriba to‘plash va keyingi Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etish ekanini ma’lum qildi. Bu haqda italiyalik mutaxassis “The Guardian” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Men Italiyada qolishni istagan edim, biroq O‘zbekiston terma jamoasi va Jahon chempionatida qatnashish imkoniyati paydo bo‘ldi. Osiyodagi boshqa terma jamoalardan ham takliflar bo‘lgan, ammo men ularni hatto ko‘rib chiqmadim. O‘zbekiston juda yosh va iste’dodli jamoaga ega”, deydi Kannavaro.
Murabbiy O‘FA tomonidan mamlakat bo‘ylab futbol akademiyalari faoliyatiga katta e’tibor qaratilayotganini va ularda sifatli futbolchilar yetishib chiqayotganini alohida ta’kidladi.
“O‘zbekiston tomoni biz murabbiylar shtabi bir oy davomida kuniga Superliganing 1–2 ta o‘yinini tomosha qilganimizdan hayratda qoldi. Ular bunga o‘rganmagan edi. Odatda murabbiylar bir necha o‘yinni ko‘rib, ketib qolishardi. Biz esa 40 kun davomida ishladik, ko‘p safar qildik va loyihaga chuqur kirishni istadik”, deydi mutaxassis.
Shuningdek, Kannavaro O‘zbekiston Superligasidagi o‘yin sur’ati Jahon chempionati darajasidan sezilarli darajada past ekanini va bu tafovutni qisqartirish zarurligini ta’kidladi.
“Italiyadan kelganimizdan beri Toshkentda yashayapmiz. Bu tarixiy va zamonaviy hududlari uyg‘unlashgan, tez rivojlanayotgan xalqaro shahar. Odamlari juda ochiq va mehmondo‘st. Biz tez moslashdik. Samarqandga ham bordik. Bu shahar ham nihoyatda go‘zal”, deydi murabbiy.
Biroq italiyalik mutaxassis Toshkentdagi havo ifloslanishi poytaxtning jiddiy muammolaridan biri ekanini ham aytib o‘tdi.
“JCH-2026 dagi asosiy maqsadimiz tajriba to‘plash. Oradan yarim yil o‘tib Osiyo Kubogi boshlanadi. Ana o‘shanda qanchalik uzoqqa bora olishimizni aniq tushunib olamiz. Oldingi murabbiylarning mehnatini inkor etmoqchi emasman aynan ular jamoani Jahon chempionatiga olib chiqishdi. Mening vazifam esa bu natijalarni yanada yaxshilash va futbolga biroz yevropacha madaniyat olib kirishdir”, deydi Kannavaro.
Shuningdek, u O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilari bilan asosan ingliz tilida muloqot qilishini va futbolchilar uni yaxshi tushunishini aytib o‘tdi. Kannavaro O‘zbekiston Superligasini rivojlanish salohiyati yuqori bo‘lgan, biroq hali o‘sishga muhtoj chempionat sifatida baholadi.
Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionatining guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Portugaliya, Kolumbiya va Yamayka/Kongo/Yangi Koledoniya o‘tish o‘yini g‘olibi bilan birga “K” guruhidan joy olgan edi.
Live
Barchasi