Jenevada Ukraina bo‘yicha kelishuv juda keskin o‘tdi
Olam
−
08:46 4289 2 daqiqa
Kecha, 17 fevral kuni Jenevada Ukraina masalasi bo‘yicha muzokaralarning birinchi kuni juda keskin va tarang muhitda o‘tdi. Bu haqda muzokara guruhidagi manbaga tayanib, RBK xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, muloqot bir nechta formatda – Rossiya–AQSH, Rossiya–Ukraina hamda Rossiya–AQSH–Ukraina uch tomonlama shaklda olib borilgan. Kun yakunida tomonlar muzokaralarni 18 fevral kuni davom ettirishga kelishib olgan.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitry Peskov Jenevada muhokama qilinadigan masalalar doirasi avvalgi Abu Dabi raundlariga nisbatan kengroq bo‘lishini aytgan edi. Jumladan, hududiy masala ham ko‘tarilishi mumkinligi ta’kidlangan. U, shuningdek, uchrashuvlar jurnalistlar uchun yopiq formatda o‘tishini va birinchi kundan katta yangilik kutmaslik kerakligini bildirgan.
Muzokaralar arafasida Buyuk Britaniya delegatsiyasi ham Jenevaga kelgan. Delegatsiyaga mamlakat Bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi boshchilik qilgan. Rasman London uchrashuv ishtirokchisi sifatida e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya vakillari, shuningdek Germaniya, Fransiya va Italiya vakillari muzokaralarni kuzatib borgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi kelishuvlar mustahkam bo‘lishi va “nizoning ildiz sabablarini bartaraf etishi” kerakligini bildirgan. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkovga ko‘ra, Rossiya xavfsizligiga asosiy tahdid Yevropadan kelmoqda.
Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy esa Jenevadagi muzokaralarning birinchi kuniyoq Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar qo‘llash ehtimolini istisno etmagan. Uning fikricha, diplomatiya “adolat va kuch”ga tayanishi kerak.
Qayd etish joiz, Abu Dabi muzokaralarini barcha tomonlar konstruktiv deb baholangan bo‘lsa-da, asosiy ixtiloflar, jumladan hududiy masala hal etilmagan. Rossiya Donbassdan Ukraina qo‘shinlari chiqib ketishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jenevada Ukraianadan tashqari Eron va AQSH o‘rtasida ham muzokaralar davom etmoqda. Kecha, 17 fevral kuni muzokaralardan so‘ng Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Jenevada o‘tgan navbatdagi bilvosita muzokaralarda Eron va AQSH yadroviy masala bo‘yicha asosiy “yo‘l ko‘rsatuvchi tamoyillar” yuzasidan umumiy kelishuvga erishilgani haqida xabar bergandi.
Live
Barchasi