Jizzaxda o‘qituvchi “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganini paxta dalasida eshitdi
Jamiyat
−
20 Sentabr 28398 2 daqiqa
Jizzax shahridagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Gulbahor Samadovaning 11 sentyabr kuni qabul qilingan “O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bilan davlat mukofotiga – “Shuhrat” medaliga loyiq ko‘rilgani, shubhasiz, quvonarli voqea. Ammo uning bu xabarni o‘quvchilar, oilasi davrasida emas, o‘qituvchilarning peshonasiga tamg‘a bo‘lib bitilgan paxta dalasining o‘rtasida eshitgani ijtimoiy hayotimizda hali ham o‘qituvchilar ixtiyoriy-majburiy tarzda o‘tgan yillar sarqiti bilan o‘ralashib yurganini ko‘rsatib qo‘ydi.
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchining o‘zi tomonidan e’lon qilingan videoda Gulbahor Samadova “Shuhrat” medali bilan mukofotlangani, shu bois hokimlikka zudlik bilan yetib borishini eshitib shoshib qolgani haqida aytadi. Videoda o‘qituvchi terimga o‘z xohishi bilan borganini ta’kidlagan, biroq o‘zini bolalarga bilim berishga bag‘ishlagan muallimaning paxta dalasida terimchi sifatida ko‘rinishi jamiyatimizda o‘qituvchining haqiqiy qadri qayerda ekani haqida savol tug‘diradi. Chunki yillar davomida o‘qituvchilarimiz dars berishdan ko‘ra dalalarda paxta terishga, yo‘laklarni supurishga, ariqlarni tozalashga jalb qilinganini unutganimiz yo‘q. Hatto bugunga kelib davlat miqyosida bu noto‘g‘ri siyosat tan olindi, bu holatga qarshi kurash boshlandi.
Davlat mukofotlari o‘qituvchilarning fidokorona mehnatini e’tirof etishga xizmat qilishi shubhasiz. Ammo bu kabi ramziy qadrlash bilan bir qatorda, o‘qituvchi shaxsini daladan sinfxonaga, jismoniy mehnatdan intellektual mehnatga qaytarish, ularning haqiqiy vazifasini jamiyat ko‘z o‘ngida tiklash ham zarur. Aks holda, “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan o‘qituvchilar unvon olgani haqidagi xabarni ham paxta dalasida eshitaveradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 42-maktab o‘qituvchilari ta’mirlash ishlariga majburiy jalb qilingani va maktab jamoasi bilan suhbatda ular tomonidan ushbu hashar ixtiyoriy ravishda amalga oshirilgani ta’kidlansada, ustozlarni o‘z lavozim majburiyatidan tashqari ishlarni bajarish holatini nazoratga olmagani sababli maktab direktori egallab turgan lavozimidan ozod etilgani xabar qilingandi. Maktab direktoriga mehnatga ma’muriy tarzda majburlagashni nazarda tutuvchi normaga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 41 mln 200 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan. Bundan hech qancha o‘tmay, bu kabi holat Samarqand shahridagi 24-umumta’lim maktabida kuzatildi. Unda ham ustozlar maktabni “remont” qilishga majburlangan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr