Jizzaxda universitet 3,5 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalandi
3-sahifa
−
20 Oktabr 3883 1 daqiqa
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida 3,5 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan, G‘allaorol tumanida esa 2,2 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax pedagogika universitetining Zarbdor tumanida joylashgan sirtqi bo‘lim binosida tabiiy gazdan foydalanish holati ko‘zdan kechirilganida binoda o‘rnatilgan gaz uskunalarining quvvati gaz hisoblash uskunasining maksimal hisoblash quvvatidan ortiq ekani aniqlangan. Holat bo‘yicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilingan va dastlabki xulosalarga ko‘ra, 3 milliard 520 million so‘mlik zarar hisoblangan.
Shuningdek, O‘zenergoinspeksiya Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirida G‘allaorol tumanida “A.U.B.” oilaviy korxonasi tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlangan. Ushbu qoidabuzarlik oqibatida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasiga 2 milliard 217 million so‘mlik zarar yetkazilgani ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, hozirda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda joriy yilning sentyabr oyida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishlar oqibatida tizimga 80,4 milliard so‘mlik zarar yetkazilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi