“Zombi poygasi”. AQSH Atlantika okeanida yana 4 ta tankerni quvishni boshladi

Olam

image

Venesueladan qochayotgan “soya floti”ga mansub tankerlar AQSH harbiy kemalaridan yashirinish uchun bayroqlarini Rossiyaniki bilan almashtirmoqda. Biroq bu urinish Murmansk tomonga yashirinmoqchi bo‘lgan kemani qutqara olmagan – amerikaliklar uni qo‘lga olgan. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari esminetsi hafta boshida Venesuela suvlarini tark etgan va hozir Atlantika orqali Afrika hamda Yevropa tomonga shoshilayotgan to‘rtta neft tankerini quvib bormoqda. Nashr bu haqda sun’iy yo‘ldosh tasvirlari va amerikalik harbiy amaldor bayonotiga tayanib xabar qilgan. Mazkur tankerlar Venesuelaning dengiz blokadasini yorib o‘tishga uringan 16 ta kemadan iborat guruhning bir qismi bo‘lib, ular portlardan bir vaqtning o‘zida turli yo‘nalishlarda chiqib ketishga harakat qilgan. Hozircha AQSH faqat bitta tankerni to‘xtata olgan: joriy yilning 7 yanvar kuni Karib dengizida amerikalik harbiylar M Sophia tankerining bortiga chiqqan.

Bo‘sh holatda ketayotgan Veronica nomli tanker shu hafta o‘z nomini Galileo’ga o‘zgartirgan va bayrog‘ini Rossiyaniki bilan almashtirgan – bu AQSH Harbiy-dengiz kuchlari tomonidan qo‘lga olinmaslikka qaratilgan urinish bo‘lgani. NYT Rossiya dengiz reyestri ma’lumotlarini tahlil qilib aniqlashicha, Venesuela neftini tashiyotgan va Rossiya hamda Eron xomashyosini tashigani uchun AQSH sanksiyalariga tushgan yana uchta tanker ham xuddi shunday yo‘l tutgan: ular Sochi yoki Taganrogda ro‘yxatdan o‘tgan.

“Tankerlarning Venesueladan bir vaqtning o‘zida ommaviy chiqib ketishi AQSHda ularning barchasini birvarakayiga to‘xtatish uchun yetarli huquqiy vakolat yoki kuch bo‘lmasligi hisobga olingan holda tashkil etilgan. Aslida bu zombi poygasi – shunchaki ortingdan kelayotgan kemadan tezroq bo‘lishing kerak”, deydi AQSH Moliya vazirligida ilgari sanksiyalar ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan Devid Tannenbaum.

Bella 1 tankerini Rossiya bayrog‘iga o‘tish ham qutqara olmagan. U ikki haftadan ko‘proq vaqt avval Venesuelani tark etishga uringan. Dastlab u AQSH Sohil qo‘riqlash xizmati askarlarining bortga chiqishiga yo‘l qo‘ymagan, biroq uzoq quvishdan so‘ng Islandiya va Shotlandiya oralig‘idagi suvlarda baribir qo‘lga olingan. Atlantika okeani orqali harakatlanar ekan, AQSH sanksiyalari ostidagi tanker o‘z nomini Marinera’ga, ro‘yxatini esa Rossiyaniki qilib o‘zgartirgan, ekipaj esa hatto bortiga Rossiya bayrog‘ini chizib qo‘ygan. Moskva unga qarshi suvosti kemasini yo‘llagan va AQSHdan ta’qibni to‘xtatishni rasman so‘ragan. Biroq amerikaliklar Yevropadagi aviabazalardan uchgan samolyotlar hamda Britaniyaning suvosti kemalariga qarshi samolyoti ko‘magida tankerni qo‘lga olgan. Amerikalik harbiy amaldorlar NYT’ga sanksiya ostidagi kemalarning yana qo‘lga olinishi kutilayotganini aytgan.

“Bloomberg”ning yozishicha, AQSH harakatlari va blokada tufayli dengizda turgan tankerlar bortidagi Venesuela neft hajmi hafta boshidan beri 20 million barrelldan 29 million barreldan oshgan. Bu so‘nggi uch yildan ortiq vaqtdagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shma Shtatlar tomonidan Atlantika okeanida qo‘lga olingan Rossiya bayrog‘i ostidagi neft tankeridan ikki nafar rossiyalik ekipaj a’zosini ozod qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela neft' tankeri Atlantika okeani soya floti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing