Habibning shogirdi doping tufayli PFL chempionligidan mahrum qilindi

Sport

image

Rossiyalik jangchi, Habibning shogirdi Movlid Xaybulayev doping mojarosi tufayli Professional jangchilar ligasi (PFL)ning yarim yengil vazn toifasidagi chempionlik unvonidan mahrum qilindi. Bu haqda PFL matbuot xizmati xabar berdi.

AQSH Antidoping Agentligi (USADA) yengil vazn toifasida mag‘lubiyatsiz PFL chempioni Movlid Xaybulayevning doping sinovidan ijobiy natija qayd etganini e’lon qildi. Bu natija 2025 yil 1 avgustdagi Gran-pri finalida Xesus Pinedo ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng olingan test orqali aniqlangan.

Diskvalifikatsiya muddati namuna taqdim etilgan kundan boshlanadi. 35 yoshli dog‘istonlik jangchi faqat 2026 yil avgust oyida yana PFL janglariga qaytishi mumkin bo‘ladi.

PFL allaqachon uning barcha unvonlari va mukofot pullaridan mahrum qilinganini e’lon qildi: 

“PFL qoidalari va reglamentlariga muvofiq, Movlid Xaybulayev 2025 yilgi Jahon turniridan diskvalifikatsiya qilindi. Natijada u mavsum g‘olibi maqomidan, chempionlik kamaridan va barcha tegishli bonus to‘lovlaridan mahrum bo‘ladi”, deyiladi USADA bayonotida.

Xesus Pinedoga qarshi kurash natijasi esa hali rasmiy belgilanmagan. Bu masala turnir bo‘lib o‘tgan Nyu-Jersi Atletika komissiyasining vakolatida qolmoqda.

Ma’lumot uchun, Xaybulayev PFL’ning eng taniqli jangchilaridan biri bo‘lib, u 2021 va 2025 yillardagi turnirlar g‘olibi hamda 24-0 hisobidagi rekordga ega edi. 

Eslatib o‘tamiz, dekabr oyining boshida WBC tashkiloti Terens Krouford boks bo‘yicha mutlaq jahon chempioni unvonidan mahrum etilgandi. Tashkilot uni chempionlik badalini to‘lamagani sabab kamaridan mahrum qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

doping Habib Movlid Xaybulaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing