AQSHda 800 ming dollar qiymatdagi tanga yo‘lga sochilib ketdi (video)
Olam
−
03 may 12171 3 daqiqa
Joriy yilning 29 aprel kuni AQSHning Texas shtatida tanga ortilgan yuk mashinasi ag‘darilib, yo‘lga 800 ming dollar miqdoridagi mayda tangalar sochilib ketdi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, yo‘l bo‘ylab minglab tangalar sochilib ketgach, magistral yo‘lning bir necha qismi yopilgan. Hodisa joyiga yetib kelganlar vakuumli qurilmalar, belkuraklar va qo‘llari yordamida endigina zarb etilgan tangalarni yig‘ib olishga kirishgan.
“Manzara go‘yo ulkan bir chaqa bankasi yorilib ketgandek edi. Har tomonga sochilgan tangalar metall dengizni eslatardi”, deyiladi xabarda.
Aslida bu holat joriy yilning 29 aprel kuni Texas shtatining Fort-Uortdan 80 kilometr shimolda joylashgan Alvord shahridagi 287-magistralda ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida yuzaga kelgan. 18 g‘ildirakli yuk mashinasi yon tomonga ag‘darilib ketgan.
Texas Jamoat xavfsizligi departamenti serjanti Xosuye De La Serdaning aytishicha, yuk mashinasida AQSH zarbxonasida yangi zarb etilgan sakkiz millionta o‘n sentlik tanga bo‘lgan.
Vays okrugi favqulodda yordam xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, mashina tonggi 5:15 da ag‘darilgan. Haydovchi va yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan va shifoxonaga olib borilgan. Boshqa hech kim jabrlanmagan.
Yopilgan yo‘lning janubiy yo‘nalishi YTHdan 14 soat o‘tgach ochilgan. Bu vaqt ichida tozalash brigadalari og‘ir vakuumli mashinalar yordamida asfaltga sochilgan tangalarni yig‘gan. Boshqalar esa belkurak va qo‘llari bilan yo‘l chetiga sochilib ketgan tangalarni yig‘ish uchun yerni kovlagan.
“Eng kulgilisi, ular tangalarni suv va boshqa chiqindilarni so‘rib olish uchun ishlatiladigan vakuumli mashinalar yordamida yig‘ishganidir”, dedi Alvord shahri meri Kaleb Kaviness.
Uning aytishicha, tangalarning asosiy qismi yig‘ib olingan deb hisoblagan, qolganlari esa kunduzi yoqqan to‘rt dyuym (taxminan 10 sm) yomg‘ir ta’sirida oqib ketgan bo‘lishi mumkin. Bu yomg‘ir shaharda kichik suv toshqinini ham keltirib chiqargan.
Serjant De La Serdaning aytishicha, 18 g‘ildirakli yuk mashinasi janubga harakatlanayotgan bo‘lgan va yo‘ldan chiqib ketgach, haydovchi rulni haddan tashqari burib yuborgan, oqibatda mashina yon tomonga ag‘darilib ketgan.
Yuk mashinasi Western Distributing Transportation Corp. kompaniyasiga tegishli bo‘lib, kompaniya o‘z saytida hukumatning turli muassasalariga, xususan, banklariga xavfsizlikni talab qiladigan yuklarni yetkazishini bildirgan. Ularning mashinalari zirhli bo‘lib, har doim qurollangan haydovchi va qo‘riqchi bilan harakatlanadi.
Nashr kompaniyaning Denverdagi bosh ofisiga qo‘ng‘iroq qilganida, u yerda ishlovchi xodim izoh berishdan bosh tortgan.
Qayd etilishicha, 287-magistral yo‘li Dallasga olib boradi, bu shaharda Federal zaxira bankining bo‘limi joylashgan. AQSH Moliya vazirligi izoh bermagan bo‘lsa-da, Federal zaxira vakilasi bu hodisa ularning bankiga aloqador emasligini ma’lum qilgan.
Live
Barchasi